Endi advokatlik faoliyati maxsus elektron tizim orqali litsenziyalanadi
Hukumatimiz tomonidan Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Mazkur nizom bilan Advokat tanlangan ixtisoslik yo‘nalishlaridan qat’i nazar, huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlar va tushuntirishlar, qonunchilik hujjatlari yuzasidan og‘zaki va yozma ma’lumotnomalar berish, huquqiy tusdagi arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlarni tuzish, davlat organlarida (sud organlaridan tashqari), jismoniy va yuridik shaxslar oldida vakillikni amalga oshirish, tadbirkorlik faoliyatiga yuridik xizmat ko‘rsatish huquqiga ega ekanligi belgilandi.
Talabgor litsenziya olish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi;oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lishi;yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yil ish stajiga ega bo‘lishi;advokatlik tuzilmasida kamida uch oy stajirovka o‘tagan bo‘lishi (davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalarining yuridik xizmati xodimi sifatida, sudya, tergovchi, surishtiruvchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar bundan mustasno);malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan bo‘lishi lozim.
Talabgor litsenziya olish uchun arizani “Litsenziya” AT yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portal orqali elektron shaklda yuboradi. Arizalar har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, 24 soat davomida yuborilishi mumkin. Bunda, arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari kelib tushganda, navbatdagi ish kuni ariza litsenziyalovchi organga kelib tushgan va litsenziyalovchi organ tomonidan qabul qilingan kun hisoblanadi.