Adliya aralashgach yuridik xizmati bo‘lim boshlig‘iga mukofot puli undirib berilishi ta'minlandi
Kogon tumanida yashovchi fuqaro I.Turdiyev tuman adliya bo‘limiga murojaat qilib, “Buxoro neft bazasi”da yuridik xizmati bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlashini, mukofot tariqasida to‘lab berilishi kerak bo‘lgan pul mablag‘i korxona tomonidan bugungi kunga qadar asossiz ravishda to‘lab bermay kelinayotganligini bildirib pul mukofotini undirilishida amaliy yordam so‘radi.
Murojaat adliya xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilganda, murojaat muallifiga
sudgacha va sud tartibida korxona foydasiga undirilgan jami 937 839 998,84 so‘mning 5 foizi ya’ni 46 891 999,9 so‘m mukofot tariqasida to‘lab berilishi kerak bo‘lgan pul mablag'i korxona tomonidan bugungi kunga qadar qonunchilikda zid ravishda to‘lab berilmay kelinayotganligi aniqlandi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19.01.2017-yildagi “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-2733-sonli Farmonining 3-bandi, 8-xatboshisida yuridik xizmat xodimlari har chorakda sudgacha va sud tartibida davlat organi va tashkiloti foydasiga hal qilingan nizolar yuzasidan undirilgan summaning 5 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda mukofotlanishi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-maydagi 250-sonli qarorining 6-ilovasi bilan tasdiqlangan “Sudgacha va sud tartibida davlat organi va tashkiloti foydasiga hal qilingan nizolar yuzasidan undirilgan mablag‘lar hisobidan yuridik xizmat xodimlarini mukofotlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 2-bandida ushbu Nizom talablari davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining (keyingi o‘rinlarda davlat organlari va tashkilotlari deb ataladi) yuridik xizmatlariga nisbatan tatbiq etilishi, 3-bandida mukofot puli — yuridik xizmat xodimlari tomonidan sudgacha va sud tartibida davlat organi va tashkiloti foydasiga hal qilingan nizolar yuzasidan undirilgan summaning 5 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 17,6 barobaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda yuridik xizmat xodimlariga beriladigan choraklik mukofot ekanligi, undirilgan mablag‘lar — sudgacha va sud tartibida davlat organi va tashkiloti foydasiga hal qilingan nizolar yuzasidan davlat organi va tashkilotining hisob raqamlariga yoki shaxsiy g‘aznachilik hisobvaraqlariga tushgan pul mablag‘i hisoblanishi, 5-bandida yuridik xizmat xodimlari har chorakda sudgacha va sud tartibida davlat organi va tashkiloti foydasiga hal qilingan nizolar yuzasidan undirilgan summaning 5 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 17,6 barobaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda mukofotlanishi belgilab qo‘yilgan.
Shunga ko‘ra, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va xodimga to‘lanishi kerak bo‘lgan mukofot pulini undirish maqsadida Kogon tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro I.Turdiyev ishlaydigan korxona rahbari nomiga taqdimnoma kiritilib, unga 46 891 999,9 so‘m miqdordagi mukofot pullarini undirib berilishi ta’minlandi.