Fuqaroga nisbatan qo'llanilgan 71 000 000 so'mlik soliq qarzdorlik bekor qilinishi ta'minlandi
Fuqaro Jurayeva Maxfirat Kogon tuman adliya bo‘limiga murojaat qilib unga tuman Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan ogohlantirish xati yuborilib, noo‘rin ravishda karrali soliq solinganligini, u bundan norozi bo‘lib bir necha marotaba respublika va viloyat darajasidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilsada hech bir foydasi bo‘lmaganligini bildirib, ushbu noto‘g‘ri qo‘llangan karrali soliqni bekor qilinishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Murojaat adliya xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilganda, tuman hokimining 27.07.2017-yildagi 915-sonli qaroriga asosan tumandagi “Beklar” MFY hududida joylashgan murojaat muallifiga tegishli “Umrbobo” xususiy korxonasining yer maydonining bir qismini "Tuman hokimligi zahira yer fondiga o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan qishloq xo‘jaligi xaritasining 116-kontur qismidan 1,0 gektar qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydoni tuman hokimligi zahira yer fondiga o‘tkazilgan bo'lsada, Davlat soliq inspeksiyasi noto'g'ri ravishda yer maydonida joylashgan bino inshootlarning 878 kv.m bo‘sh turganligini ko‘rsatgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-avgustdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli qarori talablari asosida fuqaroga 71 000 000 so'm soliq qarzdorlik yuklab qo'yilganligi aniqlandi.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-avgustdagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli Qarorining 5-bandi 1-qismida xatlovdan o‘tkazish vaqtida belgilangan muddatda tugallanmagan qurilish ob’ektlari, bo‘sh turgan binolar, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, shuningdek, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari umumiy maydonining 50 foizidan ko‘prog‘idan (bir bino yoki noturar joy xonasi konturi doirasida) tovarlar ishlab chiqarishda (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) foydalanilmay kelingan bo‘lsa (mavsumiy tusdagi faoliyat amalga oshiriladigan ob’ektlar bundan mustasno), bo‘sh turgan ob’ektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari (keyingi o‘rinlarda foydalanilmayotgan ob’ektlar deb ataladi) sifatida e’tirof etilishi belgilangan.
Yuqoridagilarga hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil
13-apreldagi 3666-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va fuqaroga nisbatan qo'llanilgan noto'g'ri soliq qarzdorligini bartaraf etish maqsadida Kogon tuman adliya bo'limi tomonidan taqdimnoma kiritilib, 71 000 000 so'mlik soliq qarzdorlik bekor qilinish ta'minlandi.