Sayyor qabullarning navbatdagi manzili Peshku tumani
Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyat adliya boshqarmasi tomonidan hududlarda aholini qiynab kelayotgan muammolar, yechimi topilmayotgan masalalar yuzasidan sayyor qabullar o’tkazilmoqda. Sayyor qabullarni navbatdagi manzili Peshku tumani bo’ldi. Kamolot, Guliston, Xorkash mahalla fuqarolar yig’inlarida o’tkazilgan qabullarda 40 dan ziyod murojaatlar qabul qilindi. Aksariyati joyida hal etilgan bo’lsa, o’rganish uchun vaqt talab qiladigan murojaatlar ish yurituvga olindi.
Masalan, Xumo Raxmatova ipak qurti boqganligi bois, pensiya miqdori kamayganligidan noroziligi bo'yicha, Jaxongir Sultonov unga tayinlangan yoshga doir pensiya miqdori kamligi, ayrim ish stajlari hisobga olinmaganligi, Halim Boboyev esa unga tayinlangan yoshga doir pensiya miqdori kamligi va qayta hisob-kitob qilishda amaliy yordam so’rashgan.
Bundan tashqari, Guliston MFYda o’tkazilgan qabulda fuqaro Akmal Akramov hududda ichimlik suv quvuri tortilgan bo'lsada, haligacha aholi uchun toza ichimlik suvi yetkazib berilmayotganligi yuzasidan murojaat qildi. Mazkur murojaat o’sha yerning o’zida mutasaddi tashkilotlarga yetkazilib tez kunda ijobiy hal qilish bo’yicha takliflar berildi.
Sayyor qabullarda kelib tusgan murojaatlar asosan yer munosabatlari, ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlarni davlat ro’yxatidan o’tkazish, tadbirkorlik, ichki yo’llarni ta’mirlash, ish bilan ta’minlash, ustama va ijtimoiy to’lovlarini undirib berish, elektr va gaz ta'minoti sohalarida bo’ldi.
Eslatib o’tamiz! Bunday sayyor qabullar viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida o’tkaziladi.