Ish haqi to‘lanmagan... Adliya aralashgach 20 nafar fuqaroning ish haqilari undirilishi ta'minlandi
Kogon tumani “Istiqbol” MFYda yashovchi R.V tuman adliya bo‘limiga murojaat qilib, “Kogon tuman suv iste’molchilari uyushmasi"da ishlashini, unga 11 oylik ish haqi to‘lanmay kelinayotganligini ma’lum qilib, oylik ish haqi undirilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Murojaat adliya xodimlari tomonidan joyiga chiqilib o‘rganilganda, ish beruvchi tashkilot – tuman suv iste’molchilari uyushmasi tomonidan nafaqat murojaat muallifining oylik ish haqi balki, yana 19 nafar ishchi-xodimlarning ish haqlari 11 oydan beri to‘lanmay kelinayotganligi aniqlandi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasida mehnatga haq to‘lash muddatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra “Mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimlarning ayrim toifalari uchun alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan ish haqi to‘lashning boshqa muddatlari belgilab qo‘yilishi mumkin. Haq to‘lanadigan kun dam olish kuni yoki bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, mehnat haqi shu kun arafasida to‘lanadi” deb ko‘rsatib o‘tilgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida Kogon tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mutaxassislari jalb qilinib, fuqarolik ishlari bo'yicha Kogon tumanlararo sudiga ariza kiritildi va ish haqi to‘lovlarini undirish bo‘yicha sud buyrug‘i chiqartirildi.
Bundan tashqari, tuman adliya bo‘limi tomonidan ish haqi to‘lovlarining to‘lanmaslik sabablari o‘rganish jarayonida tuman suv iste’molchilari uyushmasi tomonidan fermer xo‘jaliklariga ko‘rsatilgan xizmat haqlari to‘lanmasdan kelinganligi aniqlanib, “Agrobank” Kogon tuman filiali, fermer xo‘jalik rahbarlari va boshqa mutasaddi tashkilot rahbarlari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijalariga ko‘ra, jami 200 mln. so‘mlik pul mablag‘lar tuman suv iste’molchilari uyushmasi hisob raqamiga tushirilishi ta’minlandi va korxonaning 20 nafar ishchi-xodimlariga teng miqdorda ish haqi sifatida taqsimlandi.