Vobkent tuman adliya bo‘limi aralashuvi bilan 37 nafar xodimning 507.840.000 so‘mlik moddiy rag‘batlantirish pullari undirildi
Vobkent tuman adliya bo‘limiga tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limining 37 nafar xodimi murojaat qildi. Ular qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish pullari o‘z vaqtida to‘lanmaganligidan norozi bo‘lib, ushbu pullarni undirishda amaliy yordam so‘rashdi.
O‘rganish jarayonida 2021 va 2022-yilning 1-fevral holatiga Vobkent tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limida ishlovchi 37 nafar xodimga jami 507.840.000 so‘m moddiy rag‘batlantirish (oziq-ovqat va yo‘lkira xarajatlari) pullari to‘lab berilmaganligi aniqlandi.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-dekabrdagi 963-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning tizimiga kiruvchi tashkilotlar xodimlarini moddiy rag‘batlantirish shartlari va tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 5-14-bandlariga ko‘ra, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish maqsadida ularning oylik maoshiga qo‘shimcha tarzda: xodimning mutaxassisligi bo‘yicha ko‘p yillik xizmatlari uchun qat’iy belgilangan lavozim maoshiga ustama; O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi tomonidan belgilanadigan shaxsiy ustamalar; oylik, choraklik, yil yakuni bo‘yicha hamda bayram kunlari uchun mukofotlar; ishdagi yutuqlari uchun moddiy rag‘batlantirishlar; ishdan tashqari vaqtda ishga jalb etilgani uchun to‘lovlar hamda boshqa pullik kompensatsiyalar; xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va ular sog‘lig‘ini tiklash uchun moddiy yordam; xodimlarning hayotini sug‘urta qilish yoki boshqa turdagi to‘lovlar belgilangan.
Shunga ko‘ra, xodimning mutaxassisligi bo‘yicha ko‘p yillik xizmatlari uchun qat’iy belgilangan lavozim maoshiga ustamalar byudjet mablag‘laridan har oyda tarif setkasi va shtat jadvaliga muvofiq to‘lanadi. Xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularning ish samaradorligini oshirish maqsadida har oyda (jamoa shartnomasiga muvofiq) yo‘l transporti uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari hamda xodimlarning tushlik ovqatlanishi xarajatlariga ko‘maklashish maqsadida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida to‘lovlar amalga oshirilishi belgilangan.
O‘rganish yakuni yuzasidan Vobkent tuman adliya bo‘limi tomonidan joriy yilning 9-martida fuqarolik ishlari bo‘yicha Peshku tumanlararo sudiga 37 nafar xodimning manfaatini ko‘zlab arizalar kiritilib, xodimlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan jami 507.840.000 so‘m moddiy rag‘batlantirish pullarini undirish to‘g‘risida sudning buyrug’lari qabul qilinishi ta’minlandi.