Mehnat shartnomasini bekor qilishda O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi talablariga rioya etilmay ishdan bo'shatigan xodimning ish joyi qayta tiklandi
Fuqaro Raximov Furqat 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tomonidan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi shtat lavozimi qisqarganligi munosabati bilan 2021-yilning 4-noyabr kunidan bekor qilinganligi, buning uchun kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilmaganligidan norozi bo‘lib Kogon shahar adliya bo'limiga murojaat qildi.
Mazkur murojaat adliya bo'limi tomonidan o'rganib chiqilganda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumta’lim muassasalari hamda “Mehribonlik” uylari boshqaruv, texnik xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv yordamchi xodimlarining namunaviy shtatlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2019-yil 28-dekabrdagi 406-sonli buyrug‘iga asosan maktabda faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi shtati qisqarganligi sababli fuqaro F.Raximov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 100-moddasi 2-qismining 1-bandiga asosan 2021-yilning 4-noyabrdan bekor qilinishi to‘g‘risida ogohlantirish xati berilgan hamda Kogon shahar 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori 2021-yil 4-noyab kuni Raximov Furqat bilan tuzilgan mehnat shartnomasini O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 100-moddasi 2-qismining 1-bandiga asosan bekor qilish to‘g‘risidagi 49-son buyruq chiqarib, mehnat shartnomasini bekor qilishda O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi talablariga rioya qilinmaganligi aniqlandi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 102-moddasi 1-bandida mehnat shartnomasi texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan bekor qilinganda xodim kamida ikki oy oldin ish beruvchi tomonidan ogohlantirilishi belgilangan. SHuningdek, mazkur moddaning 2-bandida Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan ushbu modda birinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan ogohlantirish uning muddatiga muvofiq keladigan pullik kompensatsiya bilan almashtirilishi mumkinligi belgilangan.
Bundan tashqari, o'rganish jarayonida F.Raximov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2021-yilning 4-noyabr kunidan bekor qilingan bo‘lsada, murojaat qilgan kuniga qadar unga oylik ish haqi va foydalanilmagan ta’tillar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilmaganligini ma’lum bo'ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 110-moddasi 1-qismida Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinganda xodimga tegishli ish haqi, uning miqdori xususida nizo bo‘lmasa, mazkur moddaning 1-bandiga asosan mehnat shartnomasi bekor qilingan kunga qadar ishlayotgan xodimga, — mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodimga tegishli ish haqi ish beruvchi tomonidan to‘lanishi lozimligi belgilangan.
Yuqoridagi qonun hujjatlari talablari Kogon shahar 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tomonidan buzilganligi sababli adliya bo‘limi tomonidan taqdimnoma kiritildi. Taqdimnoma natijasida Kogon shahar 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 2021-yil
4-noyabrdagi 49-son buyrug‘i bekor qilinib xodim ish joyiga qayta tiklandi.