June 22, 2022

Maqsad: texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda to'g'ri harakatlanish

Buxoro viloyat adliya boshqarmasida “Obyekt ishchi-xizmatchilari hamda Fuqaro muhofazasi tuzilmalarining tabiiy va texnogen xususiyatli Favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha harakati” mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.

O‘quv mashg‘ulotida Buxoro viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi va viloyat adliya boshqarmasi fuqaro muhofazasi rahbariyati shtabi va tuzilmalari, ishtirok etdi.

Mazkur tadbirdan asosiy maqsad: boshqarmada mavjud bo‘lgan fuqaro muhofazasi tuzilmasi shayligini hamda ish faoliyatini tekshirib olish, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda ularning oqibatlarini bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatishdan iboratdir.

Dastlab, binoda favqulodda holat sodir bo’lganligi haqida xabar beruvchi “signal” ishlab ketdi. Shundan so’ng, binodagi barcha xodimlar va fuqarolar tashqariga evakuatsiya qilindi. Tezkor shtab tuzilib, sodir bo‘lgan texnogen holat haqida fuqaro muhofazasi mutaxassisi rahbarga axborot berdi. Jamoat tartibini saqlash guruhi bino ichi va atrofida fuqarolarni tinchlantirish hamda texnogen xususiyatli holat sodir bo’lgan joyga yaqinlashtirmaslik choralarini ko’rishdi.

Razvedka va qidiruv guruhi esa binoda hech kim qolib ketmaganligi, jabrlangan fuqarolar bor yoki yo‘qligi bo‘yicha qidiruv ishlarini olib borishdi.

Qidiruv jarayonida binoda bir nafar fuqaro jabrlanganligi va hushida emasligi aniqlanib, avariya-qutqaruv guruhiga ma’lumot yetkazishdi. Mazkur guruh esa jabrlangan fuqaroni binodan evakuatsiya qilib, xavfsiz joyga olib chiqishdi.

Tez-tibbiy yordam guruhi esa jabrlangan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, hushiga keltirish choralarini ko’rishdi.

Shundan so’ng, fuqaro muhofazasi mutaxassisi rahbarga fuqarolarni xavfsiz joyga evakuatsiya qilib, jabrlanganlarga tibbiy xizmat ko’rsatilganligi va maxsus-taktik o’quv mashg’ulotlar yakunlanganligi haqida axborot berdi.

Yakunda, Yo‘l qo‘yilgan xató va kamchiliklar, fuqaro muhofazasida e’tibor qaratish lozim bo’lgan jihatlar muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirikochilar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi kuch va vositalari bilan ham tanishishdi.