May 30, 2022

Masofaviy rejimda ishlash tartibi haqida nimalarni bilamiz?

Bugungi kunda axborot texnologiyalari taraqqiyoti insoniyatning ming yillar davomida shakllanib kelgan mehnat munosabatlari mazmun-mohiyati va shaklini ham tubdan o‘zgartirib yubordi. Endilikda ko‘p kuch va vaqt sarflamasdan internet yordamida kompyuter qarshisida turib masofadan mehnat munosabatlarini amalga oshirish mumkin. Bu o‘z navbatida yangi qulayliklar yaratadi. Lekin jarayonning huquqiy asoslari qanday? Rivojlangan xorijiy tajriba bu haqida nima deydi?

Bu savollarga javob topish maqsadida Rossiya Federatsiyasi Mehnat Kodeksiga murojaat qilsak bo‘ladi.

Rossiya mehnat kodeksi 312-moddasiga ko‘ra masofadan turib ishlash turlari 3 ga bo‘linadi. Doimiy, vaqtinchalik, favqulotda masofadan ishlash.

Doimiy ravishda masofadan turib ishlash

Kodeksga ko‘ra masofadan mehnat qilish o‘z xizmat vazifalarini ish beruvchi bo‘lmagan joydan amalga oshirishni ko‘zda tutadi ya’ni doimiy ish joyi, vakolatxona, shahardan tashqarida joylashgan filialdan masofada turib o‘z xizmat vazifalarini bajarish sifatida tushuniladi. Bunday vaziyatda xizmat vazifalari internet yoxud boshqa umumiy kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanib amalga oshiriladi. Mehnat munosabatlari mehnat shartnomasi standartlari asosida rasmiylashtiriladi.

Vaqtinchalik shartlarda masofadan mehnat qilish.

1.     Uzlukli-yarim yilgacha

2.     Davriy (vaxta rejimida)

Yangi qoidalarga ko‘ra endi xodim tomonidan o‘z xizmat majburiyatlarini masofadan bajarishning davriy yoki doimiy shakli mehnat shartnomasida alohida band sifatida belgilanishi yoki shartnomaga ilova sifatida keltirilishi mumkin.

Bu shaklda faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlar mehnat shartnomasida mehnat shartlarining quyidagi xususiyatlari aks ettirilishi lozim.

-Xodimni chaqirib olish tartibi/ xodimning o‘z tashabbusiga ko‘ra doimiy ishiga chiqishi

-Masofaviy rejimdagi mehnatning muddati

Asosiy ish joyida va masofadan turib ishlash davrlari

-Alohida shartlar, xodimning doimiy va masofaviy ish joyidagi xizmat majburiyatlarining farqlari.

Eng muhimi: vaqtincha masofadan ishlayotgan xodimlar uchun mehnat kodeksidagi kafolatlar to‘liq amal qiladi.

Favqulotda holatlarda masofadan ishlash

Rossiya federatsiyasi 312-9-moddasiga ko‘ra fors-major holatlarda (masalan, tabiiy ofatlar, qurolli nizolar, pandemiya va boshqa normal hayotiy faoliyatni izdan chiqaradigan vaziyatlarda) ish beruvchi xodimlarini ularning roziligisiz masofadan turib ishlaydigan shakldagi ish faoliyatiga o‘tkazishi mumkin.

Favqulotda vaziyatlarda masofadan turib ishlash barcha asoslantiruvchi ma’lumotlar ya’ni masofaviy shakldagi mehnatning sabablari va muddati, masofadan turib ishlovchi xodimlar ro‘yxati, ularni doimiy ish joyi va ish beruvchi bilan munosabatlarini muvofiqlashtirish tartibini o‘z ichiga oluvchi lokal hujjatlar (famoyish, buyruq va h.k) lar bilan rasmiylashtirib qo‘yilishi mumkin.

Xodimlar favqulotda vaziyatlarda masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilganda ularning mehnat qonunchiligi bilan kafolatlangan barcha huquqlari saqlanib qoladi.

Shuningdek xodimlar mahalliy hokimiyatlarning qarorlari bo‘yicha ham masofadan turib ishlashga o‘tkazilishi mumkin.

Resurslar yetarli bo‘lamaganligi yoxud xizmat vazifasining masofadan turib bajarib bo‘lmasligi tufayli favqulotda holatlarda mehnatning masofaviy shakliga o‘tishning imkoni bo‘lmasa bu holat taraflarning ixtiyoriga bog’liq bo‘lmagan bekor turib qolish sifatida baholanadi hamda ish beruvchi xodimlariga agar jamoa kelishuvlariga ko‘proq miqdor nazarda tutilmagan bo‘lsa, tarif stavkasining 2/3 qismidan kam bo‘lmagan miqdorda kompensatsiya to‘lab berishi kerak bo‘ladi.

Shohrux Saidov

G’ijduvon tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti