July 18, 2022

Adliya aralashuvi bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablari kadrlarining huquqlari tiklandi

Adliya boshqarmasi tomonidan Vobkent tumanida mavjud 42 ta umumta’lim maktablarda kadrlar bo’yicha inspektorlariningish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari to‘lanish holati monitoring qilindi.

Monitoring davomida Vobkent tuman xalq ta’limi bo’limi tomonidan tumandagi mavjud umumta’lim maktablarining kadrlar bo’yicha inspektorlariga mehnatga haq to’lash bo’yicha razryadlarini belgilash hamda ularga ish haqi to’lashda qonunchilk normalari buzilganligi aniqlandi.

Jumladan, xalq ta’limi bo’limi tomonidan tumandagi 40 ta umumta’lim maktablarning o’rta maxsus ma’lumotga ega kadrlar bo’yicha inspektorlariga
5-razryad bilan, 2 ta umumta’lim maktablarning oliy ma’lumotli kadrlar bo’yicha inspektorlariga 6-razryad bilan ish haqi to’lovlari to’lab kelinganligi ma’lum bo’ldi.

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-sentabrdagi “Mehnat bozorida mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 743-son Qarorining 4-ilovasida O’zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag’lari hisobiga saqlanadigan tashkilotlarda band bo’lgan oily ma’lumotli muhandislar, mutaxassislar va inspektorlariga 7-razryad bilan, oily ma’lumotli bo’lmagan mutaxassislar va inspektorlarga 6-razryad bilan mehnatga haq to’lash kerakligi belgilangan.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 154-moddasida ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat'i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq to‘lashi shartligi, Kodeksning 161-moddasida esa, mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanishi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emasligi, haq to‘lanadigan kun dam olish kuni yoki bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, mehnat haqi shu kun arafasida to‘lanishi ko’rsatilgan.

Monitoring yakunlari bo‘yicha xodimlar ma’nfaatida sudga arizalar kiritilishi natijasida sud buyruqlari qabul qilinishi ta’minlandi.

Natijada 41 nafar xodimlarga 110 million so‘mdan ortiq to‘lanmay qolgan ish haqlari to‘lab beriladigan bo‘ldi.