Nogironligi bo‘lgan shaxslarning davlat xaridlarida ishtiroki har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 12-oktabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlariga tegishli tashkilotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta'minlash hamda ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning davlat xaridini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator imkoniyatlar yaratildi. Mamlakatimizning barcha hududlarida yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning ko‘rgazma yarmarkalarini doimiy tarzda o‘tkazish amaliyoti; mazkur ko‘rgazma yarmarkalari davomida davlat buyurtmachilari bilan uch yilgacha bo‘lgan muddatga kafolatli xaridni ta'minlovchi shartnomalarni tuzish imkoniyati shular jumlasidandir.
2023 yil 1 yanvardan boshlab esa:
Yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar hamda ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni aks ettiruvchi Yagona reyestr yuritiladi. Barcha hududlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarni himoya qiluvchi hamda ularning qiziqishidan kelib chiqqan holda kasb-hunarga o‘qitishga ko‘maklashuvchi “Imkoniyatlar markazi” tashkil etilmoqda.
Davlat xaridlari jarayonida yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarni yanada qo‘llab-quvvatlash orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot sifatini va ijtimoiy faolligini yanada oshirishga erishiladi.