Sud-ekspertlik faoliyatida ekspertiza va tadqiqotlarning yangi turlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi
“Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–122-son, 08.02.2022 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi tuzilmasida Genetik tadqiqotlar va Shaxsning genom axborotini davlat ro‘yxatiga olish bo‘limlari tashkil etildi;
Ichki ishlar vazirligi ta’sischiligida o‘qotar, pnevmatik, gazli, signal beruvchi, sovuq, uloqtiruvchi va boshqa qurollar, ularning o‘q-dorilarini, maxsus vositalarni, o‘q o‘tkazmaydigan maxsus himoya vositalarini, elektroshok qurilmalari, pirotexnika buyumlari va portlovchi materiallarni sertifikatlashni amalga oshiruvchi davlat muassasasi tashkil etiladi;
ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga ekspert-kriminalistika sohasida shartnoma asosida ekspertlik, biometrik identifikatsiya, ilmiy-tadqiqot va axborot xizmatlarini hamda sohaga oid boshqa pullik xizmatlarni ko‘rsatish huquqini berildi;
maxsus ilmiy-texnik va intellektual salohiyatga ega shaxslarni mutaxassis yoki texnik ishchi sifatida ekspert-kriminalistika bo‘linmalariga shartnoma asosida jalb etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga muvofiq, ekspertiza va tadqiqotlarning quyidagi yangi turlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi:
video va fototexnika ekspertizasi, shu jumladan videoyozuvlarda qayd qilingan transportning harakatlanish tezligini aniqlash ekspertizasi;
elektr ta’sirli qurollar ekspertizasi;
gazli qurollar ekspertizasi;
gaz-havo aralashmasi va fizik portlashlar ekspertizasi;
transport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlari portlashi ekspertizasi;
odam DNKsi biologik ekspertizasi;
maxsus texnika va transport vositalarini baholash ekspertizasi;
oziq-ovqat mahsulotlari ekspertizasi;
2023 yil yakunigacha:
raqamli ma’lumotlar bazasi ekspertizasi;
Internet tarmog‘ida bulutli servislar ekspertizasi;
fonoskopiya ekspertizasi.
2023 yil 1 yanvargacha shaxs, buyum va hodisalar to‘g‘risida olingan axborotlar bo‘yicha avtomatlashtirilgan kriminalistik axborot-qidiruv tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, 2023 yil yakunigacha sud-tergov faoliyatida ashyoviy dalil sifatida olingan sintetik turdagi giyohvandlik, shuningdek, psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarining kimyoviy tarkibi bo‘yicha markazlashgan axborot-qidiruv tizimini yaratish choralari ko‘riladi.
2022/2023 o‘quv yilidan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining bakalavriat dasturi bo‘yicha ta’lim tizimida “raqamli kriminalistika asoslari” fani o‘qitilishi yo‘lga qo‘yiladi.