“Huquqiy ko‘mak darchalari” tashkil qilinganligi bo‘yicha xabarga qoldirilgan izohga Rasmiy munosabat
BUKHARA NEWS telegram kanalida joriy yilning 28-noyabr kuni “Huquqiy ko‘mak darchalari” tashkil qilinganligi bo‘yicha xabar e’lon qilgan edi.
Mazkur xabarga “Farogat” ismli fuqarodan “Foydasi yo‘q hamma rahbarlar bir-birini himoya qiladi man shuni bildim”, - deb izoh qoldirilgan.
Adliya vazirining 2022-yil 11-noyabrdagi 272-um sonli “Fuqarolarning sud faoliyati bilan bog‘liq murojaatlarini ko‘rib chiqishda ularga yengillik yaratish maqsadida adliya organlarida “huquqiy ko‘mak darchalari” faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan Buxoro viloyatidagi barcha tuman(shahar) adliya bo‘limlarida huquqiy ko‘mak darchalari tashkil etilgan bo‘lib, bundan asosiy maqsad fuqarolarning sud faoliyati bilan bog‘liq murojaatlarini ko‘rib chiqishda ularga yengillik yaratish maqsadida huquqiy maslahatlar berishdan iborat.
“Huquqiy ko‘mak darchalari” qaysidir mansabdor shaxsni ustidan tushgan shikoyatni ko‘rib chiqish yoki biror masalaga huquqiy yechim va xulosa berishni maqsad qilmagan.
“Huquqiy ko‘mak darchalari” faoliyati yo‘lga qo‘yilganligidan asosiy maqsad qonunchilikdagi sudlar faoliyati bilan bog‘liq hamda sud-protsessual tartiblar haqida fuqarolarga og‘zaki huquqiy tushuntirishlar hamda maslahatlar berishdir.
Murojaat qiluvchi shaxslarga ular bilan suhbat davomida beriladigan huquqiy tushuntirish va maslahatlar tavsiyaviy xarakterga ega hisoblanadi.
Mazkur darchalarga sud bilan bog‘liq hamda sud-protsessual tartibdagi masalalar yuzasidan huquqiy maslahat olmoqchi bo‘lgan fuqarolar belgilangan qabul soatlari doirasida murojaat qilishlari mumkin.
Buxoro viloyat adliya boshqarmasi faoliyati bilan bog'liq masalalar yuzasidan boshqarmaning +998652230624 telefon raqami yoki Adliya vazirligining 1008 ishonch telefoni orqali murojaat qilishingiz mumkinligi ma'lum qilinadi.
Buxoro viloyat adliya boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi