June 1, 2022

“Elektron raqamli imzo-barcha xizmatlar kaliti”

O'zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi qonuniga asosan, murojaatlarning og'zaki, yozma yoki elektron shakllari mavjud. Ariza, taklifl va shikoyatlar murojaatlarning turlari hisoblanadi. Murojaatlar, ularning shakli va turidan qat'i nazar, bir xil ahamiyatga ega bo'ladi.

O'zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi qonuniga asosan, murojaatlarning og'zaki, yozma yoki elektron shakllari mavjud. Ariza, taklifl va shikoyatlar murojaatlarning turlari hisoblanadi. Murojaatlar, ularning shakli va turidan qat'i nazar, bir xil ahamiyatga ega bo'ladi. Bugungi qonunchilik talablariga ko'ra, elektron raqamli imzo bo'lmagan taqdirda yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ko'rsatiladigan xizmatlardan foydalanib bo'lmaydi.

Bugungi kunda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlaridan foydalanish uchun elektron murojaatlarni yuborishda elektron raqamli imzodan foydalanish majburiy hisoblanadi. O'zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to'g'risida”gi qonunga asosan endilikda, barcha davlat hokimiyati va boshqaruv organlari vakillariga o'zlarining xizmatlarini axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirish mas'uliyati yuklatildi. Bu, o'z navbatida, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat xizmatlaridan foydalanishda ularga elektron shakldagi murojaatlarni bevosita davlat organi rasmiy veb-saytiga yoki interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yo'llash imkoniyatini yaratdi.

Elektron tartibdagi murojaatlarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlagan holda masofadan istalgan vaqtda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat organining veb-saytiga murojaatlarni yo'llash mumkin. Shuni alohida ta'kidlab o'tish lozim, har bir jismoniy yoki yuridik shaxs o'zining shaxsiy elektron raqamli imzosini o'zgalarga ishonib topshirmasligi kerak. Aks holda elektron raqamli imzo orqali Sizning nomingizdan turli “noqonuniy” ishlarni amalga oshirishi mumkin.

O'zbekiston Respublikasi “Elektron raqamli imzo to'g'risida”gi qonunida elektron hujjatdagi elektron raqamli imzo qog'oz hujjatga qo'lda o'zi qo'ygan imzo bilan bir xil ahamiyatga ega ekanligi belgilangan.

Farrux Rabiyev

Buxoro viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi