May 7, 2022

Buxoroda adliya sayili

Jamiyatda huquqiy ong, huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda qonuniylikni mustahkamlash har bir davlat organlari va tashkilotlarining ustuvor vazifasi bo‘lib, bu borada adliya organlari va muassasalarining o‘rni beqiyosdir.

Binobarin, Adliya vazirligi tashabbusi bilan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da aholini qiziqarli bo‘lgan huquqiy ma’lumotlardan xabardor qilish, ularni ijtimoiy faol bo‘lishga chorlash, aholining barcha qatlamlariga huquqiy ong va huquqiy madaniyatni singdirish maqsadida barcha hududlarda “Adliya sayillari” targ‘ibot tadbirlari keng miqyosda o‘tkazilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 7-may kuni Buxoro shahridagi “Somoniylar madaniyat va istirohat bog‘i”da ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Sayil viloyat hokimi rahbarligida adliya boshqarmasi tomonidan “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!” shiori ostida tashkil etilib, unda viloyat darajasidagi barcha davlat organlari va tashkilotlari mutaxassislari tomonidan fuqarolarning muammolarini eshitish va ularni hal etish bo‘yicha tegishli huquqiy-amaliy yordam ko‘rsatish, joyida sayyor davlat xizmatlari, notarial harakatlar va FXDYO harakatlarini amalga oshirishga, oilaviy nizolar va ajrimlarni, ishsizlik va jinoyatchilikni oldini olish kabi ko‘plab masalalarga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, aholini huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga, ularga qabul qilinayotgan qonunlar va ularga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida oddiy tilda tushuntirishlar berish maqsadida har bir davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan ko‘rgazmali targ‘ibot materiallari bilan jihozlangan tegishli «Huquqiy axborot burchaklari» tashkil etildi.

Binobarin, tadbirning dastlabki onlarida viloyat yuridik texnikumi o‘quvchilaridan iborat “Adolat qanotlari” klubi a’zolari tomonidan “Street law” loyihasi doirasida yoshlar va ayollarga qonunchilikda berilgan imtiyozlar, mehnat sohasidagi munosabatlar, mehnat migranlari va imkoniyati cheklangan shaxslarga qonunchilikda berilgan imtiyozlar, moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalar olish tartibi, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kredit va mikroqarzlar olish tartibi, kommunal sohadagi munosabatlar, aliment, uy-joy olish va yer ajratilishi tartibi, poraxo‘rlik, tovlamachilik, firibgarlik, talon-taroj kabi jinoyatlarning salbiy oqibatlarini namoyon etishga qaratilgan jami 1000 dan ortiq flayer, bukletlar tadbirda tashrif buyurgan fuqarolarga tarqatildi va Adliya vazirligining “Telegram” messenjeridagi huquqiy ma’lumotlarni tezkor yetkazuvchi “Huquqiy axborot” kanali, “Advice” huquqiy portali hamda “Lexuz” sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlar to‘g‘risidagi 200 dan ortiq targ‘ibot materiallari tarqatildi.

Shuningdek, xalqimiz, jumladan, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, huquqga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida jami 300 ta Adliya vazirligi tomonidan oila, uy-joy, yer, soliq, bank, tadbirkorlikka oid, mehnat, ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy himoya, ta’lim, iste’molchilarning huquqlari va boshqa hayotiy muhim masalalar bo‘yicha tayyorlangan huquqiy qo‘llanmalar tarqatildi.

Tadbir sahnasida tantanali va bayramona tusda san’at ustalari, estrada xonandalari ohanrabo qo‘shiqlar bilan chiqishlari hamda drama teatr xodimlari tomonidan korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning salbiy oqibatlarini namoyon etuvchi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Tadbirda tashrif buyurgan fuqarolar o‘rtasida o‘tkazilgan “Huquqingizni bilasizmi?” viktorina o‘yini o‘tkazilib, sovrindorlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbirga jalb qilingan barcha huquqni muhofaza qiluvchi, soliq, bank va boshqa idoralar xodimlari o‘z faoliyatini targ‘ib qilishga hamda aholini huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan ko‘rgazmalari materiallar bilan ishtirok etishib, amaldagi qonun hujjatlari va ularda belgilangan imtiyozlar, shuningdek majburiyatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi hamda mutasaddi tashkilotlar tomonidan sayyor qabullar tashkil etilib, aholining bir qator masalalari joyida hal etildi.

Jumladan, Adliya xodimlari va “Madad” NNT hududiy byuro xodimlari tomonidan tashrif buyuruvchilarga mehnat, uy-joy, moddiy yordam, tadbirkorlik masalalari bo‘yicha fuqarolar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, tegishli huquqiy maslahatlar berildi, shuningdek, shahar hududida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan fuqaroga huquqiy maslahat berilib, 10 ta sayyor notarial harakatlar qayd etildi, davlat xizmatlari markazlari tomonidan 11 ta sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, FXDYO bo‘limi xodimlari tomonidan nikohni qayd etish, tug‘ilganlik holatini qayd etish bo‘yicha 10 nafar fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.

Shuningdek, aholini ish bilan ta’minlash va imkoniyati cheklangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat bandlik bosh boshqarmasi va Nogironlar jamiyati viloyat bo‘limi tomonidan “Bo‘sh ish o‘rinlari” yarmarkasi va “Biz birgamiz” ijtimoiy loyihasi doirasida imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan yaratilgan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Yarmarka davomida jami 60 dan ziyod fuqarolarga soha mutaxassislari tomonidan mehnat qonunchiligi bo‘yicha tushunchalar berildi.

Bundan tashqari 15 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlar, xususan, sport federatsiyalari va "vatanparvar" tashkiloti hamda boshqa sohadagi tashkilotlari vakillari tomonidan ham o‘zlarini faoliyatini targ‘ib qiluvchi ko‘rgazmali chiqishlar amalga oshirildi.

Xususan, Jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Kurash”, “Fudokan karate”, “Og‘ir atletika”, “Kamondan o‘q otish” kabi sport turlari bo‘yicha musobaqa va ko‘rgazmali chiqishlar tashkil etilganligi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Mazkur sport musobaqasida faxrli o‘rinlarni egallagan yosh sportchilar viloyat adliya boshqarmasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Shuningdek, tadbir davomida yuridik texnikum tomonidan iqtidorli talabalar o‘rtasida huquqiy savol-javoblarga asosalangan “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. G‘oliblar va ishtirokchilar Adliya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Tadbir yakunida jamiyatda aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirishda yaqindan yordam berib kelayotgan jurnalist va blogerlar, sayilda faol ishtirok etgan davlat organlari va tashkilotlari vakillari hamda sportchi va iqtidorli yoshlar adliya boshqarmasining “Tashakkurnoma”si va esdalik sovg‘alariga ega bo‘lishdi.

Darhaqiqat, bu kabi tadbirlar aholining huquqiy savodxonligini oshirishga hamda davlat idoralarining xalqqa yanada yaqin bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.