May 31, 2022

G‘ijduvon tuman hokimligidan qariyib 76 mln so‘m undurildi

Gap shundaki, fuqaro R.Jalolova o‘ziga tegishli bo‘lgan bino-inshootni G’ijduvon tuman hokimligi tomonidan buzdirilganligi, lekin haligacha kompensatsiya to‘lanmayotganligidan norozi bo‘lib Buxoro viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilgan.

Boshqarmaning tegishli bo‘limlari tomonidan fuqaro murojaati o‘rganilganda, haqiqatan ham, bino-inshoot buzdirilib, fuqaroga kompensatsiya bo‘yicha tuman hokimligi tomonidan to‘lov amalga oshirilmaganligi aniqlandi. Shundan so‘ng, G‘ijduvon tuman hokimligiga nisbatan buzdirilgan bino va inshoot kompensatsiya to‘lovlari undirib berish haqida Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudiga daʼvo ariza kiritildi.

Sudning 2022-yil 18-maydagi hal qiluv qaroriga asosan javobgar G‘ijdivon tuman hokimligidan da’vogar R.Jalolova foydasiga 76 538 834 so‘m undirish belgilandi.

Shu o‘rinda fuqarolarga eslatib o‘tamizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasida har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanishi belgilangan. Sizning qonuniy huquq va manfaatlaringizni tiklashda Adliya vazirligi tizimi doimo yoningizda bo’lishini unutmang!

Muqanna To’xtayev,

Buxoro viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi