February 17, 2022

"Xotin-qizlar huquqlari bo'yicha dolzarb ikki oy" deb nomlangan loyiha doirasida 9 nafar xotin- qizlarning huquqlari tiklanishi ta'minlandi

9 nafar xotin-qizlar ish faoliyatlari davomida tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari bilan bog‘liq xarajatlarini qaytarib olishda amaliy yordam so`rab viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilishdi.

Mazkur murojaatlarni asosli hal qilish maqsadida boshqarma tomonidan o'rganish tashkil etilganda haqiqatdan ham murojaat mualliflari bo'lmish 9 nafar xotin-qizlardan tibbiy ko`rikdan o`tazish bilan bog'liq pul mablag'lari undirilganligi aniqlandi.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 214-moddasida tibbiy ko‘riklardan o‘tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo‘lmasliklari belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasi tibbiy ko‘riklardan o‘tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo‘lmasliklari, tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha oylik ish haqi saqlanishi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasida binoan, ish beruvchilar o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘lishlari belgilangan.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-martdagi “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi PF-6195-son Farmonida tibbiy-ijtimoiy muassasalar xodimlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risida”gi Nizomga hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 5-yanvarda tasdiqlangan “Adliya va sud organlarining hamkorlikdagi faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan Qo‘shma ko‘rsatma” talablariga asosan murojaatchilarning tibbiy ko'rik bilan bog'liq xarajatlarini qayta undirib berish maqsadida Fuqarolik ishlari bo'yicha Buxoro tumanlararo sudiga da'vo ariza kiritilib, fuqarolarga tibbiy ko`rikdan o`tazish bilan bog'iq pul mablag'lari qayta undirib berilishi ta'minlandi.

Inson huquqlarini himoya qilish

bo'limi boshlig'i Tuyg'un AZIMOV