Mehnat muhofazasi asoslari
Barcha korxonalarda xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlari yaratilishi lozim. Mehnatni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun ish beruvchi javobgar bo‘ladi. Ish beruvchi barcha yangi ishga kirayotgan va boshqa ishga o‘tkazilayotgan xodimlar uchun mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar beradi.
Fuqarolarni sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘ziga to‘g‘ri kelmaydigan ishga qabul qilish va xodimlarni boshqa shunday ishga o‘tkazish taqiqlanadi.
Mehnatni muhofaza qilish sohasida xodimning huquqlari ham belgilab qo’yilgan. Jumladan, talablarga mos ish o‘rniga ega bo‘lish; ish beruvchidan tegishli axborot olish; shaxsiy himoya vositalarini bepul olish; xavfli vaziyatlar bartaraf etilgunga qadar ishlar bajarishni rad etish;davlat nazorati organiga so‘rovnoma berish; mehnatning xavfsiz usullari bo‘yicha o‘qish; belgilangan tartibda imtiyozlar va kompensatsiyalar olish va boshqalar.
Shuningdek, Mehnatni muhofaza qilish sohasida ish beruvchining majburiyatlari ham belgilab qo’yilgan. Har bir ish o‘rnida munosib mehnat sharoitini ta’minlash;xodimlar xavfsizligini ta’minlash; zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari yuzasidan nazoratni amalga oshirish; mehnat sharoitlari to‘g‘risida xodimlarni xabardor qilib borish; belgilangan tartibda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish; ayrim toifadagi xodimlarni sut, oziq-ovqat, shaxsiy himoya vositalari bilan bepul ta’minlash; xodimlarni tayyorgarlikdan o‘tishi va malaka oshirishini ta’minlash va boshqalar shular jumlasidandir.
Eslatib o’tamiz, Ish beruvchi tomonidan munosib mehnat sharoiti yaratilmaganda yoki mehnatni muhofaza qilish talablari buzilganda, mehnat bo‘yicha davlat texnik inspektoriga murojaat qilish mumkin.