February 25, 2022

Grant tanlovlarida Buxoro viloyatidagi nodavlat notijorat tashkilotlari faolligini oshirish zarur

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan NNTlarining umumiy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mamlakatda nodavlat sektorini rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek NNT va davlat organlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik tamoyillariga asoslangan hamkorlikni mustahkamlash borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Uchinchi sektor faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2021 yilning 4 martida “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6181-son Farmon, 3 martida “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5012-son Qaror qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga NNTlarni rivojlantirish, ularga ko‘maklashish, qo‘llab-quvvatlash borasida, qo‘shimcha vazifa va vakolatlar yuklatildi.

Bugungi kunda, Buxoro viloyatida 586 ta NNT faoliyat yuritmoqda. Ularning 125 tasi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi a’zolari hisoblanadi.

2021 yilda jamoat tashkilotlarining ijtimoiy ahamiyatli loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Assotsiatsiya qoshidagi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan umumiy 8,5 mlrd. so‘mlik birinchi grant tanlovi o‘tkazildi.

Grant tanlovlari 4 ta “Aholi salomatligini mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish”, “Yoshlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlash”, “Aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va muhofaza qilish”, “Nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish yo‘nalish” yo‘nalishlarda o‘tkazildi.

Birinchi grant tanlovlarida Respublika bo‘yicha ishtirok etgan jami 375 ta NNTning 120 tasini loyihasi ekspertlar kengashi xulosasi bilan 70 mln. so‘mlik grant tanlovi mabalag‘lariga ega bo‘ldi.

Buxoro viloyatidan 30 ta NNT grant tanloviga loyiha taqdim etgan bo‘lib, ularning 4 tasi g‘olib deb topildi.

24 fevral kuni Buxoro shahridagi "NNT va do‘stlik uyi" binosida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan ZOOM platformasi orqali Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan O‘zNNTMA a’zolarining faoliyatini o‘rganish, mavjud muammolor tahlili va takliflar tayyorlashga qaratilgan seminar-trening tashkil etildi. Seminar-trening ishida onlayn va offlayn tarzda O‘zNNTMA a’zosi bo‘lgan 60 ta nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirok etib, taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Seminar-trening davomida qayd etildiki, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA) huzuridagi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan grant tanlovlari yakuni bo‘yicha Buxoro viloyati past natija ko‘rsatgan hududlardan biri ekanligi aniqlandi. Ushbu seminar-treningni tashkil etilishining asosiy sababi ham aynan Buxoro viloyatidagi NNTlarning grant tanlovlarida faol ishtirokini ta’minlash zarurligi tahlil qilib berildi.

Seminar-trening yakuniga ko‘ra hududlarda mahalliy grantlar bilan ishlashdagi duch kelinayotgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida trenerlar shtabi a’zolari va tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda muntazam seminar-treninglar o‘tkazib borish, mahalliy grantlar e’lon qilinganda, ularni targ‘ib qilish ko‘lamini kengaytirish (OAV va internet tarmoqlarida e’lonlar berish), chekka hududlarda faoliyat yuritayotgan NNTlarga ham yetkazish, ular bilan ishlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Seminar-trening ishida Buxoro viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i M.Muzaffarov, xodimi J.Ashurovlar ishtirok etishdi.