November 3, 2022

Nodavlat notijorat tashkilotlarining ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ularning soliq to‘lovchi sifatidagi alohida o‘rni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2021-yil 4-martdagi PF-6181-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, ularning moliyaviy barqarorligini va davlat boshqaruvi organlari bilan o‘zaro samarali hamkorligini ta’minlash maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq qonun normalarini mustahkamlash, ularni har tomonlama rivojlantirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati sohasida ham zamon talabiga mos ravishda davlatimiz qonunchilik tizimida ham bir qancha o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu kabi o‘zgarishlar va yangilanishlar nodavlat notijorat tashkilotlarga oid qonun va qonun osti hujjatlarni ishlab chiqishda hamda hayotga tadbiq qilishda ham amalga oshirilmoqda. Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ham bir qator yengilliklar joriy qilinib, byurokratizm alomatlari bartaraf etildi.

Vaholanki, nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasida nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish adliya organlari tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan. Shunga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlarini adliya organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-son qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 13-bandida NNTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjatlar, ya’ni:

a) davlat tilidagi ustav yoxud yuridik shaxs hisoblanadigan alohida bo‘linma to‘g‘risidagi nizom, ikki nusxada Ustav (nizom) tartib raqami qo‘yilgan, ip o‘tkazib tikilgan va ta’sischi(lar) vakil qilgan shaxs imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak;

b) ta’sis shartnomasi — NNT assotsiatsiyalari (uyushmalari) uchun;

v) NNTni tashkil etish to‘g‘risidagi ta’sis s’ezdi (konferensiyasi)ning yoki umumiy yig‘ilishning bayonnoma yoxud ta’sischining qarori (respublika va viloyatlararo NNT uchun tegishli alohida bo‘linmalar tashkil etish to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatiladi);

g) NNTning pochta manzili sifatida foydalanish uchun mo‘ljallanayotgan ko‘chmas mulkka yoki undan foydalanishga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat;

d) siyosiy partiyalardan tashqari, NNTni tuzish tashabbuskorlari yoxud ta’sischilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ularda jismoniy shaxslar uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, yashash joyi hamda yuridik shaxslar uchun — nomi, pochta manzili, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasi ko‘rsatiladi;

e) tashabbuskor fuqarolar ro‘yxati:

kamida uch ming kishining ro‘yxati — kasaba uyushmalari uchun;

kamida o‘n kishining ro‘yxati — boshqa jamoat birlashmalari uchun, siyosiy partiyalardan tashqari;

j) «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarining bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlar — siyosiy partiyalar uchun, shu jumladan:

siyosiy partiyaning dasturi;

mazkur partiyaga birlashish xohishini bildirgan, kamida sakkizta hududiy sub’ektlarda (viloyatlarda), shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan kamida yigirma ming nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining o‘zlari imzo qo‘ygan ro‘yxati, saylab qo‘yiladigan organlarning a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, turar joyi va ish joyi, telefon raqami), rahbar organ a’zolariga vakolatlar, shu jumladan ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida yoxud munozaralar kelib chiqqan taqdirda sudda partiya nomidan ishtirok etish huquqi berilganligi to‘g‘risidagi partiya oliy organining qarori;

z) bosh NNT davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi — alohida bo‘linmalar uchun;

i) dastlabki mablag‘larning shakllanganligini tasdiqlovchi hujjat (vaqtincha jamg‘arib boriladigan hisob raqamlariga pul mablag‘lari o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi bank ma’lumotnomasi) — jamoat fondlari uchun;

k) notarial tasdiqlangan vasiyatnomaning nusxasi — vasiyatnoma bo‘yicha tashkil etilayotgan jamoat fondlari uchun, ilova qilinishi belgilangan. Yuqoridagi nizom normasida sanab o‘tilgan hujjatlar NNT ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun beriladigan arizaga ilova qilinadi.

Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatida yengillik va qulaylik yaratish maqsadida mazkur tashkilotlarning soliq to‘lovchi sifatida ham ularga bir qancha imtiyozlar berilgan,

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 17-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi soliqlar, ya’ni qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, еr qa’ridan foydalanganlik uchun soliq, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk solig‘i, еr solig‘i, ijtimoiy soliqlar belgilangan. Mazkur kodkesning 411-moddasiga muvofiq notijorat tashkilotlari tomonidan notijorat faoliyatini amalga oshirish doirasida foydalaniladigan ko‘chmas mulk obyektlari mol-mulk solig‘i, 426-moddasiga muvofiq notijorat tashkilotlari tomonidan notijorat faoliyati doirasida foydalaniladigan еr uchastkalari еr solig‘i, 442-moddasiga muvofiq notijorat tashkilotlar tomonidan notijorat faoliyatni amalga oshirish doirasida foydalaniladigan suv resurslari suv resurslaridan foydalanganlik uchun solig‘i, 461-moddasiga muvofiq notijorat tashkilotlariga aylanmadan olinadigan soliqlariga tadbiq etilmasligi belgilangan.

Yuqorida aytib o‘tilgan soliq imtiyozlari nodavlat notijorat tashkilotlarning faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganining bir isboti sanaladi.

Mirshod Dilmurodov, viloyat adliya boshqarmasi yetakchi maslahatchisi