Huquqiy ong va madaniyatni oshirib borish davr talabi
Fuqarolarning huquqiy bilimlari, ongi va madaniyati yuksak darajada bo‘lsagina, ular ijtimoiy hayotda bo‘layotgan o‘zgarishlarga faol munosabatda bo‘lishadi, shaxsiy fikrlarini bildirgan holda, jamiyat taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishi mumkin bo‘ladi.
Fuqarolarning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirishda so’ngi yillarda salmoqli ishlar amalga oshirdi desak adashmagan bo’lamiz. Bunga yorqin misol tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5987-son hamda 2020-yil 19-maydagi «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5997-son farmonlari ijrosi yuzasidan joylarda kadrlar malakasini oshirishning sifatini yaxshilash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentabrdagi “Yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 544-son qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazining filiallari tashkil etilganligi ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin.
Shuni ta’kidlab o’tish joizki, mazkur markazlarning asosiy vazifalar adliya organlari hamda advokatura xodimlarini, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar tashkilotlarning yuridik xizmati xodimlari (yuriskonsultlari) hamda ularga tenglashtirilgan boshqa soha mutaxassislari malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘lib, markazlar ushbu vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida samarali faoliyat olib borishmoqda.
Jumladan, Yuristlar malakasini oshirish markazining Buxoro viloyati hududiy filiali ham mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazishning talab darajasini ta’minlash, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining hududiy bo‘linmalari hamda tashkilotlar kadrlarining huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan ehtiyojlarini o‘rgangan holda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan o‘quv kurslarini tizimli ravishda tashkil qilib kelinmoqda.
Shu kabi o‘quv kurslaridan biri kuni kecha Buxoro viloyat perinatal markazi xodimlari va Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali mas'ul xodimlari ishtirokida har ikkala tomonning kelishuv dasturiga asosan tashkil etildi.
Mazkur o‘quv kurslari zamonaviy sharoitlarda kadrlarning kasbiy bilim va saviyasiga qo‘yilayotgan talablarni hisobga olib, joylarda ishdan ajralmagan holda o‘qitishning innovatsion metodlari va pedagogik texnologiyalarini, shu jumladan axborot texnologiyalari imkoniyatlarini keng qo‘llash orqali tashkil etildi.