March 15, 2022

Tadbirkorning murojaati ijobiy yechim topdi

Fuqaro Narzullayev Jaxonboy Olot tuman hokimligi tomonidan o‘ziga tegishli savdo do'koni buzdirilib, tumon hokimligi tomonidan ushbu buzdirilgan obyektga teng miqdorda yer maydoni ajratilmaganligi hamda kompensatsiya to‘lovi to‘lanmaganligidan norozi bo'lib Olot tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi.

Tuman adliya bo'limi tomonidan ushbu murojaatni ijobiy hal etish yuzasidan amalga oshirilgan o'rganish jarayonida murojaatchiga tegishli bo'lgan Olot dehqon bozori hududida joylashgan 120 m.kv.dan iborat yer maydonida joylashgan savdo do‘koni binosi tuman hokimining 2017-yil 07-aprel kunidagi 235-sonli qarori asosida 2019-yilda buzib tashlangan bo‘lsada, mulkdorga teng miqdorda yer uchastkasi ajratish va kompensatsiya to‘lanishi masalasi bugungi kunga qadar hal etilmaganligi aniqlandi.

Vaholanki, o‘sha davrda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 2-bandiga muvofiq, yer uchastkasi yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijaraga oluvchi bilan kelishuv bo‘yicha - tegishli ravishda tuman, shahar hokimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarori bo‘yicha yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi, 8-bandiga ko‘ra, yer uchastkalarini olib qo‘yish kompensatsiyaning quyidagi turlari: jumladan, fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan boshqa teng qiymatli obod turar joyni mulk qilib berish va dov-daraxtlar qiymatini to‘lash; buzilayotgan uylar, boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar qiymatini fuqarolarga to‘lash, shuningdek, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash; yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zararlarni to‘laligicha qoplash; fuqarolarga va yuridik shaxslarga tegishli buzilishi kerak bo‘lgan uylar, imoratlar va inshootlarni ko‘chirish va yangi joyda tiklash, shuningdek, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash; yangi joyda uylar, imoratlar qurish hamda ularni fuqarolar va yuridik shaxslarga mulk qilib berish, shuningdek, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash yo‘li bilan amalga oshirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shundan kelin chiqgan holda qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish maqsadida Olot tuman adliya bo'limi tomonidan buzilgan savdo binosi uchun teng miqdorda pul summasi va kompensatsiya undirib berish haqida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudiga daʼvo ariza kiritilib, sudning hal qiluv qaroriga asosan javobgar Olot tuman hokimligidan da’vogar foydasiga 87.289.761 so‘m undirish belgilanib, tadbirkorning murojaati qanoatlantirildi.