October 28, 2022

G'ijduvonda aholi murojaatlari tinglandi

Bugun adliya tizimida aholi murojaatlari bilan ishlash, ularning dardu tashvishlarini tinglash, yechimi topilmayotgan muammolarini hal qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, sayyor qabullarda fuqarolarnig murojaatlari tinglanib, ularni qiynab kelayotgan masalalari hal bo’lmoqda. Viloyat adliya boshqarmasi rahbariyati tomonidan G’ijduvon tumanida o’tkazilgan navbatdagi sayyor qabullar ham qator masalalarning yechimi topilganligi bilan ahamiyatli bo’ldi.

Dastlab hududning “Ko’lijabbor” mahalasida aholi murojaatlari tinglandi. Masalan, Naim aka G’ofurov pensiyani hisoblashda ishlagan davri ish stajiga qo`shib hisoblanmaganligidan norozi bo`lib sayyor qabulda amaliy yordam berishni so'radi. Mazkur murojaat ish yurituvga olinib, ijobiy hal qilish bo’yicha tegishli topshiriq berildi.

“Oqgul” mahalla fuqarolar yig’inida o’tkazilgan sayyor qabul ham fuqarolar uchun o’z muammolarini hal qilishda ayni muddao bo’ldi. “Yoshligimdan chevarlikka qiziqaman. Mahallamizdagi xotin-qizlarning liboslarini tikib berib, oilaviy daromadimizga o’z hissamni qo’shib kelayapman. Tikuv mashinam juda eskirgan, bugungi sayyor qabulni eshitib, yangi tikuv mashinasi olib berishda yordam berisharmikan deb keldim” deydi Fotima Boltayeva. Mazkur murojaat ham ijobiy hal qilinib, murojaatchiga tikuvchilik bilan shug`ullanishi uchun yoshlar jamg`armasi mablag’lari hisobidan tikuv mashinkasi olib beriladigan bo’ldi.

“Tavariyon” mahallasida bo’lgan sayyor qabulda esa murojaatlar asosan ish haqini undirib berish, ustama to’lovlari, nafaqa tayinlash sohalarida bo’ldi. Masalan, Gulandom Asadova imtiyozli ravishda pensiyaga chiqishga amaliy yordam berishni so'radi.

Ra’no Sharipova esa bir nafar farzandi borligi, eri va o'zi doimiy ish bilan band emasligi sababli, oilasini moddiy qo'llab-quvvatlash uchun moddiy yordam yoki bola nafaqasi tayinlash bo’yicha murojaat qildi.

G’ijduvon tumanining 4 ta mahallasida o’tkazilgan sayyor qabulda murojaatlarning aksariyati yer munosabatlari, ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlarni davlat ro’yxatidan o’tkazish, tadbirkorlik, ichki yo’llarni ta’mirlash, ish bilan ta’minlash, ustama va ijtimoiy to’lovlarini undirib berish, elektr va gaz ta'minoti sohalarida bo’ldi.

Shu kuni hudud aholisidan 40 dan ortiq murojaat qabul qilindi. Aksariyati joyida hal etilgan bo‘lsa, oʼrganish talab qiladigan 16 ta murojaat koʼrib chiqish uchun qabul qilindi.