“Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonuning mazmun va mohiyati
Shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi, ovullardagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
II. Qonunning mazmuni va mohiyati.
Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash huquqiga saylov kuni:
· shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shahardagi, shaharchadagi, qishloqdagi, ovuldagi mahalla hududida doimiy yashovchi fuqarolar ega bo‘ladi.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etishi mumkin emas.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish oshkoralik, muqobillik hamda teng saylov huquqi prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi tashkil etilayotganda hamda o‘tkazilayotganda fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy to‘g‘risida fuqarolar voqif etiladi, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar haqida, ovoz berish yakunlari to‘g‘risida xabardor qilinadi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga ikki va undan ko‘p nomzod ko‘rsatilgan holda amalga oshiriladi.
Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylashda fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar teng saylov huquqiga egadir.
Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylashda fuqarolar yig‘inining (fuqarolar vakillari yig‘ilishining) har bir ishtirokchisi bir ovozga ega bo‘ladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) fuqarolar yig‘ini tomonidan, fuqarolar yig‘inini chaqirish imkoni bo‘lmagan taqdirda esa, fuqarolar vakillarining yig‘ilishi tomonidan uch yilga saylanadi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini o‘tkazish muddatlari saylov boshlanishidan kamida ikki oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tomonidan belgilanadi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) sayloviga tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish muddatlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki ayrim joylarida joriy etilgan favqulodda holat amal qilishining butun muddati davomida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi o‘tkazilmaydi.
Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi uning tarkibiga Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi vakillari albatta kiritilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tomonidan tuziladi.
Respublika komissiyasi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy va boshqa tashkilotlarning vakillari kiritilishi mumkin.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar ko‘rsatish
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar ko‘rsatish tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikri inobatga olingan holda ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.
Ishchi guruh fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarga doir hujjatlarni tayyorlaydi va tuman yoki shahar hokimi bilan kelishish uchun tegishli komissiyaga saylovdan kamida o‘n kun oldin taqdim etadi. Hujjatlarga fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarning o‘z nomzodi ko‘rsatilishiga yozma roziligi ilova qilinadi.
Tuman yoki shahar hokimi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga taqdim etilgan nomzodlarning hujjatlarini ko‘rib chiqadi va o‘zining ushbu nomzodlar bo‘yicha asoslantirilgan xulosalarini keyinchalik ishchi guruhlarga topshirish uchun tegishli komissiyalarga yuboradi.
Ishchi guruh tuman yoki shahar hokimining xulosasini olganidan keyin fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga kelishilgan nomzodlar haqidagi axborotni saylovdan kamida besh kun oldin fuqarolar yig‘ini binosiga va guzarlarga osib qo‘yadi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar:
· O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lishi;
· qoida tariqasida, oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;
· bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashayotgan bo‘lishi;
· tashkilotchilik qobiliyatiga, davlat organlarida yoki nodavlat notijorat tashkilotlarida yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasiga, shuningdek hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi kerak.
· sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan;
· og‘ir yoxud o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
· sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan;
· haqiqiy harbiy xizmatdagi shaxslar;
· diniy tashkilotlarning professional xizmatchilari fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylanish uchun nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin emas.
Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi.
Ovoz berishni o‘tkazish tartibi
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilayotganda fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) ishtirokchilariga saylov byulletenlari sanoq komissiyasi tomonidan beriladi.
Byulletenga fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarning familiyasi, ismi, otasining ismi alifbo tartibida kiritiladi.
Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylashda byulletenlarni berish bevosita ovoz berishdan oldin boshlanadi.
Byulleten ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida to‘ldiriladi. Ovoz beruvchi byulletenning o‘ng tomonida o‘zi yoqlab ovoz berayotgan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodning familiyasi qarshisida joylashgan bo‘sh katakka “+”, “” yoxud “x” belgisini qo‘yadi.
Ovoz beruvchi to‘ldirilgan byulletenni saylov qutisiga tashlaydi.
Saylov qutilari ovoz berish tugaganidan keyin sanoq komissiyasi tomonidan ochiladi.
Byulletenlarning namunalari va shakllari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tomonidan belgilanadi.
Ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘ining ovozini olgan nomzod fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga saylangan deb hisoblanadi.
Fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) saylov yakunlari bo‘yicha qaror qabul qiladi, bu qaror fuqarolar yig‘inida (fuqarolar vakillarining yig‘ilishida) raislik qiluvchi tomonidan o‘qib eshittiriladi.
Agar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolar yig‘inida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning yarmidan kamrog‘i ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi fuqarolar vakillarining yig‘ilishlarida o‘tkazilgan taqdirda, agar yig‘ilishda hovlilar, uylar, ko‘chalardan fuqarolar vakillarining uchdan ikki qismidan kamrog‘i ishtirok etgan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi.
Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi davomida yoki ovozlarni sanab chiqishda yo‘l qo‘yilgan va ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar tufayli saylov sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.