Qardosh xalqlarni yanada yaqinlashtirgan tarixiy tashrif!
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatimizga amalga oshirgan davlat tashrifi nafaqat siyosiy va iqtisodiy jihatdan, balki ma’naviy hayotimiz uchun ham nihoyatda muhim voqea boʻldi.
Mazkur tashrif davomida ikki davlat oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hurmat rishtalari yana bir bor amalda oʻz tasdigʻini topdi. Rasmiy kutib olish marosimlaridan tortib, oliy darajadagi muzokaralargacha boʻlgan jarayonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi ishonch va ochiq muloqot muhitining naqadar mustahkam ekanini ko‘rsatdi.
Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlarini asrlar davomida shakllangan mushtarak qadriyatlar, umumiy tarix, til va madaniyat birlashtirib turadi. Tashrif davomida aynan mana shu yaqinlik yana bir bor alohida e’tirof etildi. Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik bugungi kunda yangi bosqichga koʻtarilib, strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga yetgani bejiz emas.
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport va energetika sohalarida hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim yo‘nalishlar belgilab olindi. Bu esa ikki davlat nafaqat qo‘shni, balki chin ma’nodagi hamkor va tayanch davlatlarga aylanib borayotganini anglatadi.
Tashrifning eng e’tiborli jihatlaridan biri – uning qadimiy va muqaddas maskan bo‘lgan Buxoro shahrida davom etgani, xususan, ziyoratlarning Bahouddin Naqshband majmuasidan boshlangani bo‘ldi.
Bu holat tashrifga chuqur ma’naviy mazmun bag‘ishladi. Bahouddin Naqshband kabi buyuk mutasavvif allomalar merosi nafaqat o‘zbek, balki tojik xalqi uchun ham mushtarak qadriyat hisoblanadi. Ziyoratning aynan shu maskandan boshlanishi ikki xalqni birlashtiruvchi ruhiy ildizlarning naqadar chuqur ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Fikrimcha, bu jihat tashrifning eng ta’sirli va ramziy qismi bo‘ldi. Chunki iqtisodiy va siyosiy kelishuvlar muhim bo‘lsa-da, xalqlarni chinakam yaqinlashtiradigan kuch – bu ularning umumiy ma’naviy merosidir.
Mazkur tashrif doirasida madaniy-gumanitar aloqalarga ham alohida e’tibor qaratilgani e’tiborga loyiq. Tojikiston madaniyati kunlari, qo‘shma konsert dasturlari, ilmiy va yoshlar forumlari – bularning barchasi xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ayniqsa, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy do‘stligi timsolida aks etgan tarixiy yaqinlik bugungi kunda ham davom etayotgani quvonarli. Bu kabi tashabbuslar yosh avlodni umumiy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tojikiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu tashrif nafaqat iqtisodiy va siyosiy manfaatlarni, balki xalqlarimizning ruhiy yaqinligini ham yanada mustahkamladi.
Ayniqsa, Buxorodagi muqaddas maskanlardan boshlangan tashrif, menimcha, ikki xalqning tarixan bir-biriga qanchalik yaqin ekanini ifodalovchi eng yorqin ramz bo‘ldi.
Bugungi kunda bunday tashriflar nafaqat davlatlar, balki millatlar o‘rtasidagi ko‘prikni mustahkamlaydi. Shu ma’noda, ushbu tarixiy tashrifni Yangi O‘zbekistonning ochiq, do‘stona va ma’naviy boy siyosatining yana bir yorqin ifodasi sifatida baholash mumkin.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari