Tarixiy ildizlar va zamonaviy hamkorlik uyg‘unligi!
Bugungi dunyoda davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar ko‘pincha iqtisodiy manfaatlar, siyosiy muvozanat yoki strategik sheriklik mezonlari asosida baholanadi. Biroq ayrim tashriflar borki, ularni faqat rasmiy protokol yoki diplomatik uchrashuvlar doirasida tushunib bo‘lmaydi. Ular o‘zida tarixiy xotira, ma’naviy yaqinlik va asrlar davomida shakllangan qardoshlik rishtalarini mujassam etadi. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga tashrifi aynan shunday voqealardan biri bo‘ldi.
Mazkur tashrifni e’tibor beradigan bo‘lsak, uning zamirida oddiy diplomatik aloqalardan ko‘ra kengroq va teranroq mazmun mujassam ekanini anglash mumkin. Chunki O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini nafaqat umumiy chegaralar, balki yagona tarixiy ildizlar, mushtarak madaniyat, o‘xshash urf-odatlar va diniy qadriyatlar bog‘lab turadi. Bu ikki xalq asrlar davomida bir hududda yashab, bir-birining quvonchi va tashvishiga sherik bo‘lib kelgan. Shu bois bugungi kunda davlat rahbarlari darajasidagi har bir uchrashuv aslida xalqdan xalqqa bo‘lgan ishonchning yana bir bor mustahkamlanishidir.
Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan amalga oshirilgan ushbu tashrif ham aynan ana shu tarixiy yaqinlikni zamonaviy mazmun bilan boyitishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tgan muzokaralar, Oliy davlatlararo kengashning ilk yig‘ilishi va unda qabul qilingan qarorlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi.
Buni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishini boshlab bermoqdamiz. Ushbu format, shubhasiz, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtaradi, Oʻzbekiston – Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini amaliy mazmun va ilgʻor tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qiladi”, – degan fikrlaridan ham bilishimiz mumkin.
Tashrif davomida imzolangan ko‘plab hujjatlar ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning keng qamrovli va uzoq muddatli ekanini yana bir bor tasdiqladi. Strategik sheriklikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, transport va energetika sohalarida hamkorlikni kuchaytirish kabi yo‘nalishlar ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Ayniqsa, o‘zaro savdo hajmini yaqin istiqbolda bir necha barobar oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va zamonaviy logistika tizimlarini joriy etish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat iqtisodiyotining yanada integratsiyalashuviga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, aholi farovonligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Tashrifning eng ta’sirli jihatlaridan biri uning davomiyligi qadimiy Buxoro shahrida kechgani bo‘ldi. Buxoro – bu oddiy shahar emas, balki butun Markaziy Osiyoning tarixiy xotirasi, ilm-fan va tasavvuf markazidir.
Ayniqsa, tashrifning Bahouddin Naqshband majmuasi ziyoratidan boshlanishi chuqur ramziy ma’noga ega. Bu, avvalo, ajdodlar merosiga hurmat, ma’naviy ildizlarga sadoqat va umumiy qadriyatlarga ehtirom ifodasidir. Bu holat shuni ko‘rsatadiki, bugungi hamkorlik faqat bugunning ehtiyojlari bilan emas, balki o‘tmishdan kelayotgan ruhiy bog‘liqlik asosida qurilmoqda.
Fikrimcha, aynan mana shu jihat tashrifni boshqalardan ajratib turadi. Chunki zamonaviy siyosatda ma’naviylik unsuri har doim ham ustuvor bo‘lavermaydi. Ammo ushbu tashrifda siyosiy muloqot ma’naviy qadriyatlar bilan uyg‘unlashganini ko‘rish mumkin. Bu esa ikki xalq o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Tashrif doirasida o‘tkazilgan madaniy tadbirlar, qo‘shma konsert dasturlari va gumanitar aloqalar ham ikki xalq o‘rtasidagi ruhiy yaqinlikni yanada mustahkamladi.
Menimcha, bunday tashriflarning eng muhim natijasi ham aynan shu — ular insonlar qalbini yaqinlashtiradi. Siyosiy kelishuvlar vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin, ammo ma’naviy yaqinlik va o‘zaro hurmat abadiy qadriyat bo‘lib qoladi.
Xulosa qilib aytganda, Tojikiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. U nafaqat iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni mustahkamladi, balki umumiy tarix, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar asosidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
Bu tashrifni oddiy diplomatik voqea sifatida emas, balki ikki xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlikning yangi sahifasi, tarixiy birlikning yorqin ifodasi sifatida baholash o‘rinlidir.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi yetakchi mutaxassisi