JAMIYATNI RIVOJLANTIRISH — AHOLI VA QISHLOQ XO‘JALIGINI RO‘YXATGA OLISHGA BEVOSITA BOGʻLIQ!
Bugun Yangi O‘zbekiston jadal taraqqiyot, ochiqlik va xalq manfaatlariga tayangan islohotlar yo‘lidan dadil odimlamoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar, eng avvalo, inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini oshirish va jamiyatni barqaror rivojlantirishga qaratilgan.
Bu jarayonda bir haqiqat ayon: jamiyatni rivojlantirish uchun avvalo jamiyatning o‘zi haqida aniq, ishonchli va to‘liq ma’lumotlarga ega bo‘lish zarur. Shu ma’noda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish davlat va jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevori hisoblanadi.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish — bu oddiy hisob-kitob emas, balki mamlakat kelajagini rejalashtirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy jarayondir. Ro‘yxatga olish orqali aholining haqiqiy soni, yosh tarkibi, mehnat salohiyati, shahar va qishloq aholisi nisbati, aholi ehtiyojlari va imkoniyatlari aniqlanadi.
Ana shu ma’lumotlar asosida ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, ijtimoiy himoya, infratuzilma va iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha qarorlar qabul qilinadi. Agar ma’lumotlar to‘liq va haqqoniy bo‘lsa, qabul qilinayotgan qarorlar ham adolatli va samarali bo‘ladi.
Ro‘yxatga olish jarayonining muvaffaqiyati, eng avvalo, fuqarolarning faolligiga bog‘liq. Chunki aholi haqidagi ma’lumotlarning eng ishonchli manbai — bu aholining o‘zi.
Ro‘yxatdan o‘tish orqali fuqaro davlatga emas, avvalo o‘z oilasi, o‘z mahallasi va o‘z kelajagi uchun xizmat qiladi. Aholining haqiqiy soni aniqlansa, maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar, ish o‘rinlari va ijtimoiy xizmatlar ham haqiqiy ehtiyojga qarab tashkil etiladi.
Shu ma’noda har bir fuqaro bu jarayonga befarq bo‘lmasligi, uni jamiyat taraqqiyotiga qo‘shilgan shaxsiy hissa deb bilishi juda muhim.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonida oliy ta’lim muassasalari, xususan, Buxoro davlat universiteti jamoasi alohida faollik ko‘rsatmoqda. Bugun universitetning 20 ming nafardan ortiq rahbar-xodimlari, professor-o‘qituvchilari va ayniqsa, talaba yoshlari ushbu muhim jarayonda faol ishtirok etmoqda.
Universitet jamoasi nafaqat o‘zlari ro‘yxatdan o‘tish bilan cheklanib qolmayapti, balki jamiyatda faol targ‘ibotchi sifatida ham ishtirok etmoqda. Bu maqsadda universitetda maxsus shtab tashkil etildi. Ushbu shtab orqali: universitet rahbar-xodimlari va professor-o‘qituvchilarni ro‘yxatdan o‘tishga ko‘maklashish, talabalarni jarayon mohiyati bilan tanishtirish, oliygohga tutash hududlarda istiqomat qiluvchi aholini ro‘yxatdan o‘tishga yo‘naltirish hamda viloyatimizda yashovchi ko‘plab fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda talabalarning volontyor sifatidagi ishtiroki ayniqsa e’tiborga loyiq. Ular aholi bilan muloqot qilayotgan, tushuntirish ishlari olib borayotgan, texnik yordam ko‘rsatayotgan faol kuchga aylanmoqda. Bu esa yoshlarda fuqarolik mas’uliyati, jamiyatga daxldorlik va ijtimoiy faollikni yanada mustahkamlamoqda.
Universitet — jamiyat bilan davlat o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik. Buxoro davlat universiteti bu jarayonda ta’lim maskani emas, balki jamiyat bilan davlat o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik vazifasini ham bajarmoqda. Professor-o‘qituvchilar ma’ruzalar, davra suhbatlari va ochiq muloqotlar orqali aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ahamiyatini tushuntirmoqda.
Bu esa ro‘yxatga olish jarayoniga bo‘lgan ishonchni oshiradi, aholining faolligini kuchaytiradi va jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlaydi.
Bugun ro‘yxatga olish jarayonlari zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa shaffoflik, ochiqlik va ishonchni ta’minlaydi. Fuqarolar o‘z ma’lumotlari qanday yig‘ilayotgani va qanday maqsadlarda foydalanilayotganini bilish imkoniyatiga ega.
Raqamlashtirish orqali ma’lumotlarni qayta ishlash tezlashadi, xatolar kamayadi, natijada jamiyatning davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi.
Xulosa qilib aytganda, jamiyatni rivojlantirish aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bilan bevosita bog‘liq. Bu jarayon faqat davlat idoralari yoki mutaxassislar ishi emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir.
Bugun Buxoro davlat universiteti jamoasining 20 ming nafardan ortiq rahbar-xodimlari, professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlari faol ishtiroki buning yorqin isbotidir. Ular nafaqat o‘zlari ro‘yxatdan o‘tmoqda, balki yurtdoshlarimizga amaliy yordam ko‘rsatib, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Shu munosabat bilan barcha fuqarolarni, ayniqsa yoshlarni, ta’lim muassasalari jamoalarini aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonida faol ishtirok etishga chorlaymiz. Haqqoniy ma’lumot berish, faollik ko‘rsatish va boshqalarga ko‘maklashish orqali biz adolatli qarorlar, barqaror taraqqiyot va farovon jamiyat qurishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.
Ana shu hamjihatlik va faollik Yangi O‘zbekistonni yanada kuchli, barqaror va rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishning eng ishonchli yo‘lidir.
Rustam Jumayev, BuxDU prorektor, Aholiva qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha BuxDUda tashkil etilgan shtab boshlig‘i