December 26, 2025

Kuchli mahalla — kuchli jamiyat, farovon O‘zbekiston garovidir!

Bugungi globallashuv sharoitida dunyoda iqtisodiy qarama-qarshiliklar, xavfsizlikka tahdidlar kuchayib borayotgan bir paytda O‘zbekiston murakkab sinovlarga qaramay barqaror rivojlanish yo‘lidan dadil borayotgani bilan e’tiborga loyiqdir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda boshlangan demokratik islohotlar izchil davom ettirildi, jamiyatda hamjihatlik va birdamlik mustahkamlandi, xalqimizning ongi va dunyoqarashi tubdan o‘zgarib, el-yurtimiz yanada jipslashdi.

2025-yil yakunlari mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati va xalqimiz mehnatsevarligining yaqqol ifodasi bo‘ldi. Yalpi ichki mahsulotning ilk bor 145 milliard dollardan oshgani, eksport hajmining sezilarli o‘sishi, oltin-valyuta zaxiralarining 60 milliard dollardan yuqori darajaga yetgani O‘zbekiston iqtisodiyotining mustahkam poydevorga ega ekanini ko‘rsatadi. Xorijiy investitsiyalar hajmining ortishi esa xalqaro hamjamiyatning Yangi O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi tobora mustahkamlanayotganidan dalolatdir

Ijtimoiy sohadagi yutuqlar ham alohida e’tiborga molik. Millionlab fuqarolarning daromadli bo‘lishi, ishsizlik va kambag‘allik darajasining keskin qisqarishi, minglab mahallalarning “kambag‘allikdan xoli” hududga aylanishi olib borilayotgan ijtimoiy siyosatning inson manfaatlariga qaratilganini tasdiqlaydi. Ta’lim va ijtimoiy himoya tizimida joriy etilayotgan yangiliklar, jumladan, inklyuziv ta’limning kengayishi jamiyatda ijtimoiy adolat va teng imkoniyatlar tamoyilini mustahkamlashga xizmat qilmoqda

Shuningdek, sport sohasidagi tarixiy yutuqlar, xususan, futbol bo‘yicha milliy terma jamoaning ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani, shaxmatchilarimiz va para sportchilarimizning xalqaro arenadagi g‘alabalari yosh avlodni yuksak maqsadlar sari ruhlantirmoqda. Bu muvaffaqiyatlar Yangi O‘zbekiston yoshlarining salohiyati va irodasi naqadar kuchli ekanini namoyon etadi
2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va mamlakatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi esa islohotlarning bevosita quyi bo‘g‘in — mahalladan boshlanishini anglatadi. Mahalla infratuzilmasini yaxshilash, mahalliy byudjetlarning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali aholining doimiy daromadli bo‘lishini ta’minlash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim ustuvor yo‘nalishidir. Bu sa’y-harakatlar natijasida har bir hududda yashayotgan fuqaro islohotlar samarasini kundalik hayotida his qilishi uchun mustahkam zamin yaratilmoqda .

Erishilgan yutuqlar va belgilangan ustuvor vazifalar O‘zbekistonning yaqin yillarda daromadi o‘rtadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shilish yo‘lida qat’iy va ishonchli qadamlar tashlayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Bu esa Yangi O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan strategiyaning to‘g‘ri tanlanganidan dalolatdir.

Jahongir MURODOV
RMMM Buxoro viloyati bo‘limi yetakchi mutaxasissi