AHOLI VA QISHLOQ XO‘JALIGINI RO‘YXATGA OLISH — YANGI O‘ZBEKISTON ISLOHOTLARINING ZAMINI
Bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyotning sifat jihatdan mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson qadri, aholi farovonligi, ijtimoiy adolat va barqaror iqtisodiy rivojlanish g‘oyasi turibdi. Davlat siyosati ilk bor muammolarni yashirmasdan, ochiq tan olish, ularni aniq raqamlar asosida tahlil qilish va tizimli hal etishga qaratildi. Bu esa Yangi O‘zbekiston islohotlarining asosiy farqi va ustun jihatidir.
Har qanday islohotning muvaffaqiyati, avvalo, uning qay darajada aniq ma’lumotlar, ishonchli statistika va xolis tahlillarga tayanayotgani bilan belgilanadi. Shu ma’noda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish Yangi O‘zbekiston islohotlarining eng muhim poydevori hisoblanadi. Chunki davlatni samarali boshqarish uchun, avvalo, davlat qaysi aholi bilan, qanday resurslar bilan ishlayotganini aniq bilishi shart.
Aholini ro‘yxatga olish orqali mamlakatda qancha aholi yashayapti, yosh tarkibi qanday, mehnatga layoqatli aholi ulushi qancha, aholining taxminan 60 foizi mehnat yoshida, 51 foizi shaharlarda, 49 foizi qishloq joylarda istiqomat qilayotgani kabi hayotiy muhim ma’lumotlar aniqlanadi. Bu ma’lumotlarsiz ta’lim, sog‘liqni saqlash, pensiya, bandlik, uy-joy siyosatida to‘g‘ri qaror qabul qilish mumkin emas.
Masalan, har yili O‘zbekistonda o‘rtacha 800–900 ming nafar bola maktab yoshiga yetadi. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73 yosh atrofida. Keksa aholi ulushi esa yil sayin oshib bormoqda. Bu esa pensiya tizimi, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlarni oldindan rejalashtirishni talab qiladi. Ana shu rejalashtirishning ilmiy asosi – aholini ro‘yxatga olishdir.
O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonun, tegishli farmon va qarorlar bu jarayonni BMTning Statistika komissiyasi (United Nations Statistical Commission) hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO – Food and Agriculture Organization) xalqaro tavsiyalariga muvofiq o‘tkazishni belgilab berdi. Qonunchilikka ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish har 10 yilda kamida bir marta amalga oshirilishi va uning natijalari davlat dasturlari uchun asos bo‘lishi shart.
Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ham strategik ahamiyatga ega. Bugun qishloq xo‘jaligi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 25–27 foizini, aholi bandligining qariyb 30–35 foizini tashkil etadi. Mamlakatda 4 million gektardan ortiq sug‘oriladigan yer, yuz minglab fermer va dehqon xo‘jaliklari mavjud. Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish orqali qaysi hududda yerdan samarasiz foydalanilayotgani, suv tanqisligi qayerda keskin ekani, qaysi tarmoqlarda mahsuldorlik pastligi aniqlanadi. Bu esa agrar islohotlarni manzilli qilish imkonini beradi.
Yangi O‘zbekiston islohotlarining asosiy tamoyili – “avvalo aniq ma’lumot, keyin to‘g‘ri qaror”. Shu tamoyil asosida davlat siyosatining yana bir muhim yo‘nalishi – kambag‘allikni qisqartirish siyosati shakllandi. So‘nggi to‘qqiz yilda “kambag‘allik” tushunchasi ilmiy va siyosiy muomalaga ochiq kirib keldi. Bu tasodifiy emas. Chunki ayrim hududlarda kambag‘allik darajasi 15–17 foizgacha yetgani, ayrim qishloq joylarda har besh xonadondan biri barqaror daromad manbaiga ega emasligi aniq raqamlar bilan ko‘rsatildi.
Muammoni ochiq tan olish — uni hal etishning birinchi sharti. Shu asosda O‘zbekistonda Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi. Bu vazirlik kambag‘allikka qarshi kurashni umumiy shior emas, balki mahallabay va xonadonbay aniq mexanizmlar asosida olib bormoqda. Har bir mahallada aholining mehnat salohiyati, daromad manbalari o‘rganilmoqda, har bir hudud, mahalla qolaversa xonadon bo‘yicha ham individual “Kambag‘allikdan farovonlikka sari chiqish yo‘li” dasturlari ishlab chiqilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirishning maqsadi — aholini nafaqaga qaram qilish emas, balki insonni ishli qilish, tadbirkor qilish, yaxshi va farovon yashashga olib chiqishdir. Shu maqsadda amalga oshirilgan ishlar natijasi sifatida so‘nggi yillarda kambag‘allik darajasi pasaygani, millionlab aholi turmushida real o‘zgarishlar bo‘layotgani haqida ommaviy axborot vositalarida keltirilgan raqamlar bunga misoldir: kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushgani, 1 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylangani haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Bu jarayon oziq-ovqat xavfsizligi bilan ham bevosita bog‘liq. Bugun dunyoda iqtisodiy inqirozlar, logistika muammolari, oziq-ovqat taqchilligi xavfi ortib bormoqda. Shu sharoitda O‘zbekiston uchun aholini o‘z mahsulotlarimiz bilan to‘liq ta’minlash hayotiy ahamiyatga ega. Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish orqali ekin maydonlari optimallashtirildi, mahsuldorlik oshirildi. Ayrim asosiy mahsulotlar bo‘yicha o‘z-o‘zini ta’minlash darajasi 90 foizdan oshdi.
Ortiqcha mahsulotlarni eksport qilish orqali davlat iqtisodiyotiga milliardlab dollar valyuta tushumlari kirib kelmoqda. Ayni paytda “O‘zbek brendi”ni dunyoga tanitish siyosati amalga oshirilmoqda. Prezident Murojaatnomasida iqtisodiyot va eksport salohiyati oshgani haqida aniq raqamlar keltirilgani ham bejiz emas: joriy yil eksport 23 foizga o‘sib, 33,4 milliard dollarga yetkazilishi, yalpi ichki mahsulot 145 milliard dollardan oshgani aytilgani. Bu raqamlar – aholi farovonligiga xizmat qiladigan real iqtisodiy asos borligini ko‘rsatadi.
Tarixga nazar tashlasak, davlat qudrati har doim aniq hisob-kitobga tayangan. Amir Temur davrida ham aholi, yer, soliq va harbiy resurslar qat’iy hisobga olingan. “Temur tuzuklari”da har bir hudud imkoniyatlariga qarab boshqarilgani ta’kidlanadi. Bugun Yangi O‘zbekistonda bu tamoyil zamonaviy, raqamli usullar asosida davom etmoqda.
Eng muhimi, aholining tinchligi va farovon hayotini ta’minlash faqat bitta qaror yoki bitta dastur bilan emas, balki doimiy tahlil, muntazam o‘rganish va jamoatchilik fikriga tayanish orqali amalga oshadi. Bugungi islohotlar davrida davlat “bir marta reja – umrbod ijro” uslubidan voz kechib, “doimiy monitoring – doimiy yangilash” tamoyiliga o‘tmoqda. Bu yerda sosiologik tadqiqotlar hal qiluvchi ahamiyatga ega: aholining kayfiyati, ehtiyojlari, xizmatlar sifatiga baho, mahalladagi muammolar xaritasi, yoshlar bandligi, ayollar faolligi, migratsiya sabablari kabi masalalar doimiy o‘rganilsa, islohotlar manzilli va samarali bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan, Yangi O‘zbekiston islohotlarida doimiy sosiologik tahlillar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Agar aholining kayfiyati, ehtiyojlari, muammolari, davlat xizmatlariga munosabati vaqti-vaqti bilan o‘rganilmasa, hatto eng to‘g‘ri qaror ham kutilgan samarani bermasligi mumkin. Shu bois aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish — bu bir martalik tadbir emas, balki uzluksiz monitoring va tahlil tizimining boshlang‘ich nuqtasidir. Ro‘yxatga olish raqamlarni beradi, sosiologik tadqiqotlar esa shu raqamlar ortidagi real hayotni ochib beradi.
Shuning uchun ham aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish – faqat “davlat uchun hisobot” emas, balki har bir fuqaro uchun ham naf keltiradigan jarayondir. Chunki ro‘yxatga olish orqali davlat xizmatlari qayerda kam, qayerda sifat past, qayerda infratuzilma yetishmaydi – aniqlashadi. Demak, keyingi qarorlar ham “umumiy” emas, balki mahalla va xonadon ehtiyojiga qarab qabul qilinadi.
Bu jarayonda har bir O‘zbekiston fuqarosi faol ishtirok etishi juda muhim. Ro‘yxatga olishga xolis ma’lumot berish — jamoatchilik nazoratining bir ko‘rinishi. Chunki aholi haqidagi ma’lumotni eng yaxshi biladigan ham, uning haqqoniyligini ta’minlaydigan ham – fuqaroning o‘zi. To‘g‘ri va aniq ma’lumot bermaslik yoki beparvolik, aslida, o‘z mahallasi, o‘z xonadoni manfaatiga befarqlikdir. Aniq ma’lumot berilgan joyda maktab ham, shifoxona ham, ish o‘rni ham aniq ehtiyojga qarab yaratiladi. Prezident Murojaatnomasida mahallaning jamiyatdagi o‘rnini ta’kidlar ekan, ma’no jihatdan nihoyatda kuchli fikr aytgan: “Mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch… Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi”. Bu ibora ro‘yxatga olish, ijtimoiy himoya, kambag‘allikni qisqartirish va mahalla taraqqiyoti bir zanjir ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
Bu islohotlarning islohotlarning yana bir muhim yo‘nalishi – xizmat turlarini raqamlashtirishdir. Raqamlashtirish nafaqat davlat idoralarining ishini tezlashtiradi, balki fuqaroning o‘z huquqi va manfaatini himoya qilish imkoniyatini ham kengaytiradi. Raqamlashtirish orqali davlat xizmatlari aholiga yaqinlashmoqda, ortiqcha qog‘ozbozlik, navbatlar va inson omiliga bog‘liq to‘siqlar qisqarmoqda. Eng muhimi, raqamli tizimlar fuqaroga o‘z ma’lumotlarini ko‘rish, tekshirish va nazorat qilish imkonini beradi. Fuqaro o‘z xonadoni, yer maydoni, qishloq xo‘jaligi faoliyati, ijtimoiy imtiyozlari haqidagi ma’lumotlarni ochiq ko‘ra olsa, bu shaffoflik va ishonchni mustahkamlaydi. Masalan, raqamli xizmatlar orqali fuqaro o‘z ma’lumotlarini tekshirishi, o‘z xonadoni yoki xo‘jaligiga taalluqli ma’lumotlarni kuzatishi, imtiyozlar, subsidiyalar, soliqlar, yer hisoboti, chorva va yekinlar haqidagi ma’lumotlarini tartibga solishi mumkin. Bu esa shaffoflikni oshiradi, korrupsiya xavfini kamaytiradi, inson omiliga bog‘liq kechikishlarni qisqartiradi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning yana bir katta vazifasi – mamlakatning raqamli boshqaruviga ishonchli “asosiy ma’lumotlar bazasi”ni yaratishdir. Ro‘yxatga olish ma’lumotlari to‘liq va aniq bo‘lsa, raqamlashtirish ham mazmun kasb etadi: davlat xizmatlari “qog‘oz”ga emas, real aholi va real resurslarga tayanadi. Demak, fuqaro ham o‘zini, xonadonini, xo‘jaligini nazorat qilish va rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ana shu umumiy yo‘nalishlar “O‘zbekiston - 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga ham xizmat qiladi. Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ana shu maqsadlarning har biriga xizmat qiluvchi asosiy instrument hisoblanadi. Strategiyaning o‘zida islohotlarning izchil, sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi, jamoatchilik nazorati va fuqarolik ishtiroki muhimligi qayd etilgani – bu jarayonda aholi ishtirokini kuchaytirishga chaqiriqdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z Murojaatnomalarida bir necha bor shu fikrni alohida ta’kidlagan: inson qadrini ulug‘lash, xalq dardini eshitish va qarorlarni xalq manfaatiga mos qabul qilish — davlat siyosatining bosh mezonidir. Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ana shu g‘oyalarni amaliy hayotga tatbiq etadi, davlat bilan fuqaro o‘rtasida ishonchni mustahkamlaydi.
Shuningdek, Prezident Murojaatnomasida 2026 yilga alohida ruh va maqsad berilib, 2026 yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Bu nomning o‘zi ham aholi bilan ishlash, mahalla tizimini kuchaytirish, ijtimoiy barqarorlik, tarbiya, jamoatchilik nazorati va farovonlikni ta’minlashda mahallaning hal qiluvchi o‘rni borligini anglatadi. Demak, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish – aynan shu yil ustuvor vazifalarini amaliy jihatdan ta’minlaydigan eng zarur instrumentlardan biri hisoblanadi: kim qaysi mahallada yashayapti, qanday ehtiyoj bor, qanday resurs bor, qanday muammo bor – aniq ma’lumot bo‘lmasa, joriy yil nomi va uning mazmuni to‘liq ochilmaydi. Demak, ro‘yxatga olish – yilni va kelajakni amaliy natijaga aylantiradigan muhim vositadir.
Yuqorida keltirilgan barcha islohotlar, dasturlar va strategik maqsadlarning pirovard natijasi, avvalo, aholining tinchligi va farovon hayotini ta’minlashga qaratilgan. Tinchlik — bu faqat xavfsizlik yoki osoyishtalik emas, balki insonning ertangi kunga ishonchi, o‘z oilasi, xonadoni va mehnati bilan munosib yashash imkoniyatidir. Ana shu ishonchni ta’minlash uchun davlat qarorlari tasodifiy emas, balki doimiy tahlil, muntazam o‘rganish va jamoatchilik fikriga tayangan holda qabul qilinishi zarur.
Xulosa qilib, bu borada hamyurtlarimiz va sohaga mas’ul mutasaddilarga quyidagi taklif va amaliy tavsiyalarni aytib o‘tish o‘rinli:
Birinchidan, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonida fuqarolik mas’uliyatini oshirib, har bir fuqaro berilayotgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi uning mahallasi va xonadoni manfaatiga xizmat qilishini anglab yetishi kerak.
Ikkinchidan, ro‘yxatga olish jarayonlarida bugungi kunda avj olayotgan “Aborot va kiber xavfsizlik” qoidalariga amal qilgan holda har bir fuqarolar shaxsiy ma’lumotlari davlat tomonidan yaratilgan ishonchli va himoya qilingan tizimli, maxsus platformalardan shaxsiy sahifalarini himoyalagan holda jarayonda fol ishtirok etishlari lozim.
Uchinchidan, mahallalar kesimida doimiy sosiologik monitoring mexanizmlarini joriy etish zarur. Ro‘yxatga olish natijalari asosida har bir mahallada aholining ehtiyojlari, muammolari va rivojlanish salohiyati bo‘yicha yillik tahlillar o‘tkazilishi islohotlarni yanada manzilli qiladi.
To‘rtinchidan, ro‘yxatga olish ma’lumotlarini davlat xizmatlarini rejalashtirishda majburiy asos sifatida qo‘llash amaliyotini kuchaytirish kerak. Maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari, ish o‘rinlari aynan aniq ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsa, ijtimoiy adolat ta’minlanadi.
Beshinchidan, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalarini kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi va eksport strategiyalari bilan chambarchas bog‘lash maqsadga muvofiq. Bu ma’lumotlar asosida har bir hududning iqtisodiy ixtisoslashuvi aniqlansa, natijalar yanada yuqori bo‘ladi.
Oltinchidan, aholini ro‘yxatga olish jarayonini ta’lim va ma’naviy tarbiya bilan uyg‘unlashtirish lozim. Yoshlarda davlat boshqaruvida ishtirok, jamoatchilik nazorati va fuqarolik pozisiyasi haqida tushunchalar shakllantirilishi kelgusi avlod uchun muhim investisiyadir.
Xulosa qilib aytganda, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish Yangi O‘zbekiston islohotlarining faqat bir yo‘nalishi emas, balki barcha islohotlarni bog‘lab turuvchi strategik asosdir. U inson qadri, aholi tinchligi, farovon hayot, barqaror iqtisodiy o‘sish va rivojlangan davlat qurish maqsadlariga xizmat qiladi. Ana shu jarayonda har bir fuqaroning faol ishtiroki esa Yangi O‘zbekiston kelajagini belgilaydigan eng muhim omil hisoblanadi.
Azizbek AMONOV, BuxDU dotsenti, Sosiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Respublika Ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi