January 31

O‘ZBEKISTON – TURKIYA:jadal taraqqiyot sari ishonchli hamkorligining yangi qirralari

Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida qardosh davlatlar bilan munosabatlarni aniq maqsad, amaliy natija va uzoq muddatli strategik manfaatlar asosida rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Ana shu tamoyilning yorqin ifodasi sifatida Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarib, O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sherikligining mazmun-mohiyatini yanada boyitdi. Bu tashrif faqat diplomatik tadbir emas, balki iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikning yangi yo‘l xaritasini belgilab bergan muhim siyosiy voqea bo‘ldi.

Anqarada Rejep Tayyip Erdog‘an bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi siyosiy muloqot doimiy, ochiq va o‘zaro ishonchga asoslanganini yana bir bor tasdiqladi. Tomonlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘xshash pozisiyaga egaligi, siyosiy qarashlar mushtarak ekani alohida ta’kidlandi.

Bu esa ikki davlat o‘rtasida qabul qilinayotgan qarorlar barqaror, uzoq muddatli va xalqlar manfaatiga xizmat qilishini kafolatlaydi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari raisligida Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishning ramziy jihati shundaki, u Ramazon oyi arafasida va ikki davlat o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazildi.

Ushbu oliy martabali Rahbarlar ishtirokidagi yig‘ilishda: savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investisiya loyihalarini ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining eng muhim yo‘nalishlaridan biri bu – iqtisodiy hamkorlikdir. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib, 3 milliard AQSH dollaridan oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 2,2 mingtadan ortiqni tashkil etmoqda, o‘zlashtirilgan investisiyalar hajmi esa qariyb 10 milliard dollarga yetdi.

Kelgusi yillarda – savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida tovarlar turini kengaytirish, yangi sanoat kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Bu rejalar iqtisodiyotimizni modernizatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududlarni kompleks rivojlantirishga xizmat qiladi.

Turkiya kapitali ishtirokidagi loyihalar bugun mamlakatimizning deyarli barcha hududlarini qamrab olmoqda. Energetika, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Yangi kelishuvlar doirasida – gidroenergetika, zargarlik sanoati, infratuzilma va shaharsozlik, agrosanoat majmualari bo‘yicha istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi.

Bu loyihalar nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or boshqaruv tajribasini joriy etishga ham xizmat qiladi.

Hataydagi “O‘zbekiston” majmuasi: insonparvarlik va qardoshlik ramzi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Tashrif doirasidagi eng ta’sirli voqealardan biri Hatay viloyatida qurilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilishi bo‘ldi. Bu majmua O‘zbekiston xalqining turk xalqiga bo‘lgan chin do‘stligi va insonparvarlik siyosatining yorqin namunasidir.

Zilzila ofati paytida O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan amaliy yordam, qutqaruv ishlari va keyinchalik qurib topshirilgan uy-joylar qardoshlik munosabatlarining so‘zda emas, amalda ekanini isbotladi.

Istanbulda o‘zbek maktabi qurilishi boshlanishi ta’lim sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Bu maktab Turkiyada yashayotgan o‘zbek fuqarolarining farzandlari uchun ona tili, milliy qadriyatlar va zamonaviy bilimlarni uyg‘unlashtirgan ta’lim maskaniga aylanadi.

Shuningdek: qo‘shma ta’lim dasturlari, universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik, teatr festivallari, madaniyat haftaliklari, tarixiy filmlar ishlab chiqarish kabi tashabbuslar ham qo‘llab-quvvatlandi.

Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini yangi, mazmunan boy va amaliy bosqichga olib chiqdi. Imzolangan hujjatlar, ishlab chiqilgan yo‘l xaritalari va insonparvarlik tashabbuslari ikki davlat o‘rtasidagi ishonchli hamkorlikning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.

Bu tashrif qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlab, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik, ishonch va taraqqiyotga qaratilgan yo‘li qanchalik to‘g‘ri ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Azizbek Amonov,

BuxDU dotsenti,

Respublika Ma’rifat targ‘ibochilari jamiyati a’zosi