Lanatlangan kulba
Yer osti yo‘lagi tor va uzoq edi. Har bir qadam ostida loy va g‘ijimlangan suyaklar ezilardi. Havo qalin va o‘lik hidiga to‘la edi. Derazalarsiz, eshiklarsiz bu tunnel qayerga olib borishi noma’lum edi
Naksu, Ruby va Nabi qorong‘ulik ichida asta oldinga harakat qilishardi. Atrof sukunat edi, faqat vaqti-vaqti bilan devorlardan shivir-shivir eshitilardi.
— Bu joy qachon tugaydi? — pichirladi Nabi. Uning ovozi titrayotgan edi.
Ruby devorlarni paypaslab yurdi.
— Bu oddiy tunnel emas... — dedi u past ovozda. — Bu joy bizni qayergadir olib ketmoqda.
Tunel ichida harakat qilayotgan ular uchovlon emasdi.
Nabi hech narsaga qaramay oldinga yurishda davom etdi. Yuragi tez urayotgan bo‘lsa ham, qadamlarini to‘xtata olmasdi. Uning fikrida faqat bitta narsa bor edi: bu joydan chiqish.
Atrof butunlay sukunat edi... faqat ularning qadam tovushlari eshitilardi.
Endi to‘rtta odam yurayotganday edi.
Nabi muzlab qoldi. U Ruby va Naksuga qaradi. Ammo hech kim ortga qaramayotgandi.
Bu tovush ulardan orqada kelayotgan kimningdir qadam tovushi edi.
— Biz... biz orqaga qaramasligimiz kerak, — pichirladi Ruby.
Ammo Nabi sabr qila olmadi. U sekin ortiga qaradi.
Orqada boshqa bir narsa bor edi.
U inson shaklida edi. Ammo yuzining o‘rnida hech narsa yo‘q edi. Faqat qorong‘u, bo‘sh bo‘lgan chuqur joy.
Va u asta-sekin ularga yaqinlashardi.
Nabi nafas olishni unutdi. Uning tanasi titray boshladi.
— Bu... bu joy bizni o‘ldiradi, — pichirladi u.
Va ular yurishda davom etishdi. Ammo ortlaridagi jonzot ham ular bilan birga harakat qilardi.
Ular qancha yurganini bilmasdi. Bu joyning vaqti o‘ziga xos edi. Bir daqiqa bir soatdek his qilinar, bir soat esa shunchaki bir lahza kabi o‘tib ketardi.
Va nihoyat, tunnel oxiriga yetishdi.
Oldilarida katta, temir eshik bor edi. U shunchalik zang bosgandi, go‘yo ming yillar davomida bu joyni hech kim ochmagan edi.
Naksu eshik oldida to‘xtadi va atrofga quloq soldi.
Orqalarida kelayotgan o‘sha qadam tovushlari yo‘qolgan edi.
— U yo‘qoldimi? — pichirladi Nabi.
Lekin Naksu bu gapga ishonmadi. U jonzotni sezardi.
U hali ham shu yerda edi. Faqat u ko‘rinmasdi.
Ruby oldinga yurib, eshikni turtib ko‘rdi. U qimirlamadi.
— Bu joy ochilmaydi, — dedi u. — Biz qaytishimiz kerak.
Tunelning ichida endi hech narsa ko‘rinmasdi. Faqat qora, harakatlanuvchi zulmat.
Naksu chuqur nafas oldi va qo‘llarini temir eshikka qo‘ydi. U ichidagi barcha quvvatini yig‘ib, muz yaratdi va temirni qoplashni boshladi. Zanglagan eshik muzdan sinib ketdi.
Eshik ortida katta, qora xona ochildi.
Ular ichkariga qadam tashlashdi... va darhol afsuslanishdi.
Xona ulkan edi. Devorlari qora suyuqlik bilan qoplangan, havo esa sovuq va o‘lik hidi bilan to‘la edi. Ammo eng qo‘rqinchlisi...
Xonaning markazida turgan odam edi.
Yo‘q. Bu odam emas edi. Bu nimadir boshqacha edi.
Uning bo‘yi odatdagidan uzunroq edi. Teri ostida tomirlari qattiq urinar, boshi esa biroz qiyshaygan holda turardi. Lekin eng dahshatlisi — uning orqasida qanotlari bor edi.
Qora, xunuk, qotgan jasadga o‘xshash qanotlar.
U asta-sekin boshini ko‘tardi va Naksuga qaradi.
Shu payt xona titray boshladi.
Qora odam qo‘lini oldinga cho‘zdi. Uning kaftidan qora, suyuq qonga o‘xshagan nimadir oqib chiqdi va yerga tomdi. Yer borgan sari silkinardi.
Qora odam og‘zini ochdi va past ovozda nimadir shivirladi.
Uning ovozi g‘alati edi. Go‘yo bir paytda yuzlab odamlar shivirlashayotganday.
Naksu yuzidagi ifodasizlikni saqlab turdi. Ammo ich-ichidan nimanidir his qilardi. Bu joy unga tanish edi.