June 4, 2025

LANATLANGAN KULBA

2-qism: Ko‘zlarsiz jon

Yarim ochiq eshikning orqasida kimdir turgandi.

Bu odamga o‘xshardi. Lekin u harakat qilmas, yuzida hech qanday his-tuyg‘u bo‘lmasdi. Ko‘zlari yo‘q edi. Faqat ichi butkul bo‘sh, qop-qora chuqurlar bor edi.

U asta-sekin oldinga yurdi. Nafas olmasdi. Oyog‘ining tagida taxta qarsillamasdi. U shunchaki sirg‘alib kelayotganday edi.

Keyin...

U birdan yugurib kela boshladi!

Nabi dahshat ichida qichqirib, devorga yopishdi. Ruby pichog‘ini sug‘urdi, Naksu esa tezda orqaga bir qadam tashladi. Ammo bu narsa g‘oyat tez edi.

U bir soniyada Ruby oldida paydo bo‘ldi va qo‘lini unga cho‘zdi. Uning barmoqlari uzun va ingichka edi, tirnoqlari esa o‘tkir va zanglagan temirdek qoraygan.

Ruby o‘zining chaqqonligi bilan orqaga tislandi va qilichini u tomon urdi. Qilich jonzotning yelkasiga botdi... ammo qon oqmadi.

— Bu... bu narsa odam emas! — pichirladi Ruby.

Jonzotning boshi asta yon tomonga og‘di va u tilsiz, ovozsiz qichqirishni boshladi.

Uning og‘zi juda katta ochildi. Tishlari yo‘q edi, faqat qop-qora bo‘shliq bor edi.

Keyin u birdan Ruby tomon otilib, uni devorga bosdi. Uning qo‘llari sovuq va qattiq edi, go‘yo tirik odam emas, qotgan jasad edi.

Nabi yig‘lab yubordi.

— Biz bu joydan chiqishimiz kerak!

Naksu hech narsa demadi. U faqat qo‘lini oldinga cho‘zdi... va jonli olov hosil qilib, jonzotning gavdasiga otib yubordi.

Jonzot alangaga o‘raldi.

Ammo u qichqirmadi. U hech qanday og‘riq sezmaganday... shunchaki alangalar orasida turgancha Naksuga tikildi.

So‘ng bir narsa yuz berdi.

U olovni yutib yubordi.

Ha, olovning ichida turgan jonzot asta-sekin harakat qildi va olov shu’lalari asta uning terisiga singib ketdi. Uning terisi avvalgidan ham qoraroq va qattiqroq tus oldi.

U olovdan oziqlangan edi.

— Bu narsa oddiy jonzot emas... — pichirladi Ruby.

Bu la’natning o‘zi edi.


Zulmat harakati

Jonzot ularga tikilib turganida, kulba ichida qandaydir harakat sezila boshladi. Deraza yonida turgan eski javon asta-sekin qimirladi. Shiftning burchagidan nimadir o‘rmalab tushdi.

Bular boshqa jonzotlar edi.

Ular shaklsiz, qorong‘u soyalar edi. Ularning gavdalari yo‘q, faqat uzun, qora qo‘llari va qiyshaygan barmoqlari bor edi. Ko‘zlari yo‘q, lekin ularning har biri... o‘zlari ko‘rishlari mumkinligini his qilinardi.

Ular shiftga tirmashib o‘rmalashar, devorlarni tirnab, asta-sekin yerga tushib kelishardi.

— Ular... juda ko‘p! — Nabi dahshat ichida shivirladi.

Ruby oldinga yurib, o‘zining qilichini mahkam ushladi. Ammo Naksu uni to‘xtatdi.

— Kurashish befoyda, — dedi u. — Biz bu yerdan qochishimiz kerak.

— Qanday qilib? — Ruby unga qaradi. — Biz kelgan yo‘l o‘rnida endi faqat zulmat bor!

Naksu tishlarini g‘ijirlatdi. U atrofga tezda ko‘z yugurtirdi.

— Kulbaning ostida yer osti yo‘lak bo‘lishi kerak.

Ruby va Nabi unga hayron bo‘lib qarashdi.

— Qanday qilib bilasan?

Naksu javob bermadi. U bilar edi. Go‘yo bu joy allaqachon uning xotirasida yashayotganday edi.

U zinalarga intildi. Lekin jonzot ham harakatga tushdi. U birdan Naksu tomon otilib, uzun qo‘llari bilan uning bo‘ynidan changalladi.

Uning barmoqlari muzday edi.

Naksu ko‘zlarini katta ochdi, yuragi birdan qattiq urib ketdi. Bu jonzot oddiy dushman emasdi. U qandaydir kuchga ega edi.

Birdan u nimanidir his qildi.

O‘zining ichidagi zulmat harakatga keldi.


Yer ostiga yo‘l

Nabi va Ruby bir zum jim turishdi. Keyin jonzotni Naksudan yulib olish uchun harakat qilishdi.

Ruby qilichini yana bir bor tortib, jonzotning yelkasiga sanchdi. Bu safar jonzot orqaga bir oz tislandi.

Bu imkoniyat edi.

Naksu yerga yiqilgancha nafasini rostladi. Keyin u pastga qaradi. Taxta pollar biroz qimirlayotganday edi.

— Bu yer ostida nimadir bor!

Nabi birdan polni urdi. Zanglagan temir tovushi eshitildi. Pol ostida eshik bor edi.

Ruby qilichi bilan yog‘ochni qattiq ura boshladi. Nihoyat, pol qatlami yorildi va ostida eski temir lyuk ko‘rindi.

Bu kulbaning ostida yashirin yo‘lak bor edi.

— Tez! — dedi Naksu.

Uchovlon tezlik bilan lyukni ochishdi. Pastda zinapoyalar chuqur qorong‘ulik ichiga yo‘l ochib turardi.