“Kitobxon talaba” ko’rik tanlovining yakuniy final bosqichi nizomi va shartlari quyidagilardan iborat:
1-shart. “Badiiy asardan parcha” sharti. Ushbu shartda final bosqichi uchun tavsiya qilingan badiiy adabiyotlardan 4 ta parcha guruhga taqdim etiladi. Guruh 5 daqiqa ichida har bir parcha tagiga belgilangan joyga badiiy asar nomini yozib topshirishlari kerak bo’ladi. Bunda har bir to’g’ri javob uchun 4 balldan jami 16 ball beriladi. ( Hamma jamoaga bir xil variant beriladi. Badiiy parcha asar qahramonlari va joy nomlari berilmagan joylardan tanlab olinishini hisobga olgan holda ishtirokchilardan final bosqichi uchun tavsiya qilingan badiiy adabiyotlarni sinchiklab o’qish tavsiya etiladi)
2-shart. “Tezkor savol-javob” sharti. Ushbu shartda har bir jamoaga final bosqichi kitoblaridan va shu vaqtga qadar 3 ta bosqich uchun tavsiya qilingan barcha kitoblardan savollar og’zaki shaklda aytiladi. Har bir guruh raqam tanlaydi, tanlagan raqami ostidagi savollar ishtirokchilarga o’qib eshittiriladi. Tanlangan biletdagi har bir savol o’qib eshittirilgandan so’ng, 10 soniya ichida guruh a’zolaridan bir kishi javobni aytishi kerak bo’ladi. 10 soniya ichida javob aytilmasa, boshlovchining o’zi javobni aytadi va avtomatik tarzda keyingi savolga o’tib ketadi. Shu tarzda 10 ta savol o’qilib, javob olinadi. Mazkur shartda har bir to’g’ri javob uchun 2 balldan jami 20 ball beriladi.
Eslatma. Finalgacha bo’lgan 3 ta bosqich uchun tavsiya qilingan adabiyotlar quyidagilardan iborat edi:
1-bosqich: “Oltin zanglamas”, “Jimjitlik", "G’arbiy frontda o’zgarish yo’q”
2-bosqich: “O’tkan kunlar”, “Jannati odamlar”, “Hayotga muhabbat”
3-bosqich: “Chinor”, “Birinchi muallim”, “Daftar hoshiyasidagi bitiklar”
3-shart. “She’riyat” sharti. Ushbu shartda har bir guruh kelishgan holatda belgilangan raqamlardan birini tanlaydi. Tanlangan raqam ostida she’riy parcha yashiringan bo’ladi. Raqam ostidagi parcha ekranga chiqadi. Biroq unda ikkita so’z tushirib qoldirilgan bo’ladi. Ishtirokchilarga o’ylash uchun 1 daqiqa ajratiladi. Vaqt tugagandan so’ng guruh a’zolaridan bir kishi bo’shliqlarni to’ldirgan holatda she’rni to’liq aytib berishi kerak bo’ladi. Boshlovchi tomonidan to’g’ri javoblar aytilgandan so’ng, shu guruh ikkinchi marotaba yana raqam tanlab she’riy parchaga xuddi shu tarzda javob topadi. Qolgan barcha jamoalar ham ikkitadan raqam tanlab, biletlardagi she’riy bo’shliqlarni to’ldirishadi. Mazkur shartda har bir bo’shliqdagi to’g’ri topilgan so’z uchun 4 balldan jami 16 ball beriladi.
Final bosqichi uchun she’riyat shartiga Abdulla Oripovning “Umr manzillari” she’riy to’plami qo’yildi. Demak, ushbu shartda barcha she’riy parchalar mazkur to’plamdan tushadi.
Izoh: Ishtirokchilar mazkur shartda javoblarni bildirish uchun she’rni to’liq qilib, aytishga majbur emaslar. Xohishga ko’ra “Birinchi bo’shliqning javobi shu, ikkinchi bo’shliqning javobi falonchi” shaklida qilsa ham javoblar qabul qilinadi.
Umumiy natijalarga ko’ra ballar teng kelib qolgan taqdirda, g’olib jamoa tezkor savol-javob sharti orqali aniqlanadi.