ChDPU talabalarining Oliy Majlis Senati binosiga tashrifi
2023-yil 6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Chirchiq davlat pedagogka universiteti talabalari tashrif buyurdi. Maktab menejmenti kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tashrifda Senatning yalpi majlislar zalida talabalar bilan senatorlar uchashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi, senator Odiljon Iminov, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Kadirxanova, Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi a’zosi, doimiy asosda ishlovchi senator Manzura Salimova talabalarga bolalar huquqlarini ta’lim va tarbiya sohasida himoya qilishda huquqiy savodxonlik borasida fikr almashdi.
Muloqot davomida senatorlar talabalarga Senat faoliyati, vakolatlari, senatorlar faoliyatining huquqiy asoslari, huquq va majburiyatlarining ayrim jihatlari to‘g‘risida tushunchalar berdi.
Shuningdek, uchrashuvda qabul qilinayotgan qonunlarni ko‘rib chiqish, davlat dasturlarining ijrosini ta’minlash, parlament nazoratini olib borish, ijro organlari va mansabdor shaxslarning xalq oldidagi hisobdorligini oshirish parlament faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad pedagog kadrlarni tayyorlashda parlament bilan ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, talabalarning parlament faoliyati haqida nazariy bilimini oshirish, pedagogik ta’limning bevosita amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlashdan iborat.
Talabalar muloqot tarzida o‘tgan mazkur uchrashuvda Senat faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab savollariga batafsil javob oldi va parlament yuqori palatasi faoliyati borasidagi qarashlarini, bilimlarini yanada kengaytirdi.