May 20, 2022

TARIXNING TILSIZ TILSIMLARI yoxud Langar ota ziyoratgohi haqida nimalar bilamiz....

Yurtimizda madaniy va tabiiy yodgorliklar bisyor. Turli davrlarda bunyod etilgan, ne-ne suronli davrlarning shohidi boʻlgan, har biri moziyning bir parchasi sifatida saqlanib qolgan madrasa, maqbara, machit, xonaqoh va ziyoratgohlar tariximizning tilsiz tilsimidir. Birgina Qashqadaryo viloyatida 927 ta madaniy meros obʼektlari mavjud boʻlib, ularning 163 tasini arxitektura inshootlari, 683 tasini arxeologik yodgorliklar, 61 tasini qadimiy sanʼat asarlari, 20 tasini esa ziyoratgohlar tashkil etadi. Shulardan biri viloyatimizning Chiroqchi tumanida Langar qishlogʻida joylashgan Hazrati Langar ota ziyoratgohidir.

Bugun partiyamizning Qashqadaryo viloyati Kengashi masʼullari “Turizmni targʻib etish va rivojlantirish oyligi” doirasida Chiroqchi tumanidagi “ Langar ota” ziyoratgohiga tashrif buyurishdi. Langar qishlogʻi qoʻshni Samarqand viloyati bilan chegaradosh Hisor va Zarafshon togʻlarining birlashgan nuqtasidan-Hazrati Bashir togʻlaridan Jomga qadar choʻzilgan Qoratepa, Chaqilikalon togʻ tizmalari oʻrtasidagi Qalqama vohasi markazidan oʻrin egallagan. “Langar”-soʻzining yana bir maʼnosi –Langar choʻp yoki muvozanat noʻqtasi, oʻrtaliq qishloq maʼnosiga ham ega.

Bu oʻta qadimiy manzil qishloqdan koʻra, qishloqlar oʻrtasida joylashgan shaharcha, deb atasa arziydi. Dunyo sayyohlari diqqat eʼtiborini tortgan bu Kent ayni paytda Xalqaro Ekoturizmni ham oʻziga jalb etgan. Qishloqdagi qabristonlar, ziyoratgohlar, tarixiy obidalar, tabiat yodgorliklari, qoyatoshlardagi surat-yozuvlar, Konizar gʻoridagi ibtidoiy odam makonlari, tosh haykalchalar, ming yillik chinorlar, mangu oqib yotadigan maʼdanli buloqlar bu makonning oʻxshashi yoʻqligidan dalolat beradi.

- 14-15 asrda bunyod etilgan Langar ota xonaqosi dengiz sathidan 700 metr yuqorida joylashgan. Aqidalarga koʻra, Langar ota shayxlari etagiga koʻmilgan inson doʻzax oʻtidan xalos boʻlgan. Ilgarilari bu yerga xattoki Afgʻonistondan ham odamlar olib kelib, koʻmilgan. Bu yerdagi qabr toshlar olimlar tomonidan oʻrganilib, ayni payti xaritasi tuzilgan. 2014 yilda Katta maqbara taʼmirlandi va asl holatiga keltirildi. Hozir maqbara ziyoratgohga aylantirilgan, -deydi biz bilan suxbatda shu qishloqda tugʻilib oʻsgan, ayni payt oʻz bilganlarini sayyoh va ziyoratchilarga soʻzlab berishdan charchamaydigan Yusufxon domla Qodirov. - Langar Otadagi katta qabriston salkam yigirma gektarlik hududga ega. Qabristonning teng ikkita tepaligida hech qanday poydevorsiz, oʻta pishiq, toʻrt burchak yapaloq gʻishtlardan gumbaz qilib, katta –kichik ikkita xonoqoh XVI asrda bunyod etilgan. Maqbaralarning har ikkisida ham binoning qurilish tarixi, unda kimlar yotgani haqida yozuv saqlanib qolmagan. Kichik maqbara Shayx Abul Hasan Ishqiy avlodlaridan biri Hazrati Mirimshayxga tegishli ekani taxmin qilinadi. Bu xonaqoh 11x9,5 m. kenglik hajmda baland peshtoqli gumbaz qilib koʻtarilgan, uning ichida katta-kichik 4 ta sagʻana joylashtirilgan.

Avlodlar qoʻlida saqlanayotgan Shayx Abulhasan Ishqiy “Shajarasi”da ul zotning farzandi Muxriddin shayxning oʻgʻli Hazrati Mirimshayxga alohida taʼrif va tavsif berilgan. “Mirimshayx –mashoyixlar suyanchi, muʼtabar tabaqalar qaymogʻi, barcha chigal mushkulotlarni hal qiluvchi, “Hud-hud” misol zot erdi”, deya qayd etilgan.
Sharqiy xonaqoh mahobatli, oʻxshashi yoʻq, keng sahnli chillaxonalari bilan birga 15x12,5 m. hajmda, kichigidan bir muncha avvalroq bunyod etilgan. Uning ichida har xil kattalikdagi 8 sagʻana mavjud boʻlib, Shayxlarning mavqeyi, darajasiga qarab joylashtirilgan. Bu maqbarada ham hech qanday yozuvlar saqlanib qolmagan. Biroq XVII asrda, aniqrogʻi 1640 yilda tarixchi Mahmud bin Valining yozishicha, Shahrisabz va Gʻuzor alohida bekliklarga boʻlingan boʻlib, bu joylarda Ashtarxoniylar hukmronlik qilgan. Ayni shu paytda Ashtarxoniy hukmdorlari bu joydagi Shayxlarga koʻproq eʼtibor qaratishgan. Buning natijasida esa Langarda ikkita ulugʻvor maqbara qad rostlagan. Ikki maqbara oʻrtasida Quli shayx Ishqiy, Bobo shayx Ishqiya dafn etilgan(vafoti hijriy 1039, melodiy 1629/30 yil).

Sayyoh va ziyoratchilarni qiziqtiradigan yana bir muhim obʼekt Langar ota machitidir. Aytishlaricha, bu machit juda qadimiy boʻlib, avvalo Oqmachit degan tepalikda bunyod etilgan boʻlib, Oqmachit nomi bilan ishlab turgan va keyinchalik hozirgi oʻrniga koʻchirilgan. Machit ustunida hijriy 122 yil, degan yozuv mavjud. Shiftida naqadar goʻzal naqshlar tushirilgan. Ularda asosan Sohibqiron Temur bayrogʻidagi bumerang –abadiy hayot tasviri aks ettirilgan. Machit tarixiy obida sifatida 2017 yil Davlat muhofazasiga olingan. Eng muhimi deyarli oʻn asr davomida Machit yonida diniy madrasa ishlab turgan.

Dastlab OʻzMTDPdan Chiroqchi tuman kengashiga saylangan deputat Feruz Shomurodov, Chiroqchi tuman Kengashi ijrochi kotibi Nazokat Ravshanova hamda partiya faollari hamrohligida Hazrati Langar ota ziyoratgohida qoʻnim topgan ulugʻ allomalar, aziz avliyolar ruhi poklariga qurʼon tilovat qilindi. Maqbara, maqbaralar ichidagi sagʻanalar va atrofidagi chillaxonalar koʻzdan kechirildi. Tarixning tilsiz tilsimlari guyoki sizu bizga yana nimalarnidir suylamoq taraddudiga shaylangandek oʻziga rom etayotgani kishini taajjubga soladi.

Bebaho qadriyatlarimiz va muazzam tariximiz sahifalarida Langar ota nomi bilan bogʻliq muqaddas makonlar hamda rivoyatlar bir talay. Islomiy maʼrifat dargʻalari – shayxlar va aziz avliyolar makon topgan bu tabarruk manzillarda ajdodlarimizning bugungi kun yoshlari maʼnaviy kamoloti uchun asqotadigan benazir saboqlarini asrab avaylash har birimizning burchimiz desak adashmaymiz. Langar ota qishlogʻida joylashgan tilsiz tilsimlarining hali ochilmagan sirlari koʻp. Qishloqning tarixi, betakror goʻzalikka ega boʻlgan tabiatini asrash, tarixiy, tabiiy va madaniy yodgorliklarini davlat muhofazasiga olish lozim.

"MILLIY TIKLANISH" PARTIYASI QASHQADARYO Milliy tiklanishdan, milliy yuksalish sari!