November 29, 2021

Iqtisodiy sudda ishlarni yuritish tartibi

Iqtisodiy sudlarda ishlarni yuritish O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Jumladan, ushbu kodeksning 1-moddasida iqtisodiy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratligi, iqtisodiy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilik buyruqqa, da’vo ishini yuritishga oid va alohida toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibini belgilashligi, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanilishi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, iqtisodiy sud ishlarini yuritish vazifalari quyidagilardan iborat:

iqtisodiyot sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar (bundan buyon matnda yuridik shaxs deb yuritiladi) va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish;

iqtisodiyot sohasida qonuniylikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga ko‘maklashish;

qonunga va sudga nisbatan hurmatda bo‘lish munosabatini shakllantirish.

Har qanday manfaatdor shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga (sudga) ushbu Kodeksda belgilangan tartibda murojaat qilishga haqli.

Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda sudga boshqa shaxslar ham murojaat qilishga haqli.

Sudga murojaat qilish huquqidan voz kechish haqiqiy emas.

Sudga murojaat qilish:

fuqarolik huquqiy munosabatlaridan yuzaga keladigan nizolar bo‘yicha — da’vo arizasi shaklida;

buyruq tartibida ish yuritish, alohida toifadagi ishlar bo‘yicha hamda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda — ariza shaklida;

apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlariga murojaat etilganda, shuningdek ushbu Kodeks hamda boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda shikoyat (protest) shaklida amalga oshiriladi.

Murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin.

Iqtisodiy ish - Iqtisodiy ish ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tomonidan sudga taqdim etilgan hujjatlar, ishni ko‘rish jarayonida sud tomonidan talab qilib olingan hujjatlar, shuningdek qog‘ozda rasmiylashtirilgan sud hujjatlari va boshqa hujjatlar asosida shakllantiriladi.

Iqtisodiy ish elektron shaklda shakllantirilishi mumkin.

Iqtisodiy ish elektron shaklda shakllantirilgan taqdirda, ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari o‘z elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan hujjatlarni elektron shaklda sudga taqdim etishga haqli. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar va iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari tomonidan sudga taqdim etilgan yozma hujjatlar ishga elektron shaklda qo‘shib qo‘yiladi, shundan so‘ng yozma hujjatlar ularni taqdim etgan shaxslarga qaytariladi.

Iqtisodiy ish elektron shaklda shakllantirilgan taqdirda, sud hujjatlari sudyaning (sudyalarning) elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi, sud majlislarining hamda alohida protsessual harakatlarning bayonnomalari esa raislik qiluvchining va sud majlisi kotibining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

Elektron shakldagi iqtisodiy ishni boshqa sudga yoki boshqa organga o‘tkazish telekommunikatsiya kanallari orqali amalga oshiriladi.

Elektron shaklda shakllantirilgan iqtisodiy ishning qog‘ozdagi ko‘chirma nusxasi bo‘lishi mumkin.

Sud hujjatlari quyidagilardan ibort, ya’ni sud hal qiluv qarori, ajrim, qaror, sud buyrug‘i shaklidagi sud hujjatlarini qabul qiladi.

Birinchi instansiya sudida ishni mazmunan ko‘rish natijalari bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilinadi.

Apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlarini (protestlarini) ko‘rish natijalari bo‘yicha apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari qaror qabul qiladi.

Qonunchilik bilan sudlarning vakolatiga berilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Kreditorning so‘zsiz talablariga doir arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha sud tomonidan sud buyrug‘i chiqariladi.

Ish mazmunan hal etilmasdan qabul qilinadigan sud hujjatlari ajrimlar shaklida chiqariladi.

Sud hujjatlari axborot tizimidan foydalangan holda elektron hujjat tarzida shakllantirilishi mumkin.

Bundan tashqari, ushbu kodeksning 2-bobida iqtisodiy sud ishlarini yuritish prinsiplari belgilangan bo‘lib, ular odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi, qonun va sud oldida tenglik, sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi, sud ishlari yuritiladigan til, sud muhokamasining oshkoraligi, sud muhokamasining bevositaligi, ishlarni qonunchilik asosida hal qilish, chet davlat huquqi normalarini qo‘llash, sud hujjatlarining majburiyligi prinsiplaridan iborat.

Birinchi instansiya bo‘yicha ishlar barcha sudlarda sudya tomonidan yakka tartibda ko‘riladi.

Ishlarni apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish uch nafar sudyadan iborat tarkibda hay’atda amalga oshiriladi.

Ishni kassatsiya tartibida takroran ko‘rish besh nafar sudyadan iborat tarkibda hay’atda amalga oshiriladi.

Ish hay’atda ko‘rilayotganda sudyalardan biri sud majlisida raislik qiladi.

Ishni ko‘rishda barcha sudyalar teng huquqlardan foydalanadi.

Ushbu Kodeksga binoan sudyaga ishni yakka tartibda ko‘rish va ayrim masalalarni hal qilish huquqi berilgan taqdirda, sudya sud nomidan ish ko‘radi.

Muayyan ishni ko‘rish uchun sud tarkibi sudyalarning ish hajmi va ixtisoslashuvi hisobga olingan holda, sud tarkibini shakllantirishga sud muhokamasi natijasidan manfaatdor bo‘lgan shaxslarning ta’sir ko‘rsatishi istisno etiladigan tartibda, avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda shakllantiriladi.

Bir sudya yoki sud tarkibi tomonidan ko‘rilishi boshlangan ish aynan shu sudya yoki sud tarkibi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.

Sudya yoki sudyalardan biri:

sudya ushbu Kodeksda belgilangan tartibda o‘zini o‘zi rad qilgan yoki sudyani rad qilish haqida ariza berilgan va bu qanoatlantirilgan taqdirda;

sudya yo‘qligi sababli ishni ko‘rish imkoni bo‘lmagan taqdirda almashtirilishi mumkin.

Sudya almashtirilganidan so‘ng ishni ko‘rish boshidan boshlanadi.

Sud tomonidan ish hay’at tarkibida ko‘rilayotganda yuzaga keladigan masalalar sudyalar tomonidan ko‘pchilik ovoz bilan hal qilinadi. Sudyalardan birortasi ovoz berishda betaraf qolishga haqli emas. Majlisda raislik qiluvchi sudya hammadan keyin ovoz beradi.

Ko‘pchilikning fikriga qo‘shilmagan sudya sud hujjatiga imzo qo‘yishi shart va u o‘zining alohida fikrini yozma shaklda bayon qilishga haqli, alohida fikr muhrlangan konvertda ishga qo‘shib qo‘yiladi, lekin e’lon qilinmaydi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sudyaning alohida fikri bilan tanishtirilmaydi.

Yuqori instansiya sudi sudyaning alohida fikri bilan tanishishga haqli.

Ishni birinchi instansiya sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya, agar sudning hal qiluv qarori apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan bekor qilingan bo‘lsa, shu ishni birinchi instansiya sudida yangidan ko‘rishda ishtirok eta olmaydi, bundan yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ishlarni ko‘rish hollari mustasno.

Ishni birinchi instansiya sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu ishni apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok eta olmaydi.

Ishni apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok eta olmaydi.

Ishni kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya yoki apellyatsiya instansiyasi sudida yoxud ushbu Kodeksning
3051-moddasiga muvofiq mazkur ishni kassatsiya instansiyasi sudida takroran ko‘rishda ishtirok eta olmaydi.

✍️A.Qodirov, Chiroqchi tuman iqtisodiy sudi raisi.