June 5

𝓛𝓲𝓴𝓮 𝔂𝓸𝓾

Kim Seokjin va Min Yoongi boshchiligidagi majlis boshlangan. Jiddiy masalalar ko'rib chiqilar, qarashlar jiddiy, vaziyat juda tarangday edi. Lekin hammasi doimgiday tartib bilan hammaga o'ziga tegishli ish navbati bilan bo'lib berilar, mas'ulyatni hammalari his qilishadi.

2 soatcha davom etgan majlis nihoyat tugadi. Majlisda qatnashganlar oldilaridagi har xil qog'ozlarni, kimlardir noutbukini, kimlardir bloknotlarini yig'ishtira boshlashdi. Majlislar zali to'ridagi Kim Seokjin esa hotirjam kursiga suyangancha o'tirardi. Shu o'tirishda hammani kuzatib, nazorat qilayotganday. Ishchilarning hammasi "meni kuzatyabdi" deb o'ylardi uning bu qarashlaridan. Uzun stolning narigi tarafida Yoongi. U ham bemalol o'tirardi.

Yoongi Dina bilan nimalarnidir maslahatlashar, ora-orada kulishib qo‘yishardi. Seokjin majlis davomida ham Dinaga ko‘p qarab qo‘ydi. Ba’zida sezib, ba’zan sezmay balki tan olgisi kelmay. Yoongi Dinaga tushuntirishda davom etaverdi. Eshik ochiq va shovqin ko‘tarilganidanmi Dina Yoongining oxirgi gaplarini to‘liq anglolmadi.

– Uzr, eshitolmadim, xonada maslahatlashsak bo‘ladimi?

Yoongi unga qarab kulib yana nimadir dedi-yu lekin bu ham Dinaga umuman eshitilgani yo‘q. Dina boshqa narsa demay stoli ustidagi qog‘ozlarni yig‘a boshlagandi, Yoongi qizning qulog‘igacha egilib pichirlab gapira boshlagandi. O‘zini hujjatlar bilan banddek ko‘rsatayotgan Seokjinning ko‘zi ularga tushunarsiz va g‘azab bilan qaradi. Rostdan ularga qarab asabiylashib ketgani sezilardi.

– Min Yoongi!

Seokjin ovozini ko‘tarib uni chaqirdi. Yoongi unga tik qaradi. Hech nima demadi.

– Sen bilan gaplashib olishimiz kerak.

Gapini davom ettirdi Seokjin. Dina ularga bir qaradi-yu barcha yigqqan narsalarini ko‘tarib o‘rnidan turdi. Uncha baland bo‘lmagan poyafzalida tez-tez yurib xonadan chiqib ketdi.

– Nima gaping bor?

Hali ham chiqib ketgan qizning orqasidan qarab qolgan Yoongi Seokjinga qarab gapirdi.

– Nimalarni buncha berilib maslahat qilayapsan u bilan?

– Kimni aytayapsan?

– Anavi, amaliyotchi qiz bilan?

Yoongi istehzoli kulib qaradi so‘ng unga

–Qizlar bilan ishing bo‘lib qolibdimi?

– Qanaqa qiz?! Kompaniya sirlarini hammaga ham aytaverma dimoqchiman.

– Sirlarni bo‘lishmadim tentak! U juda ham iqtidorli qiz, u bilan ishlamoqchiman yangi uylar dizaynini.

Seokjin indamadi.
Qog‘ozlarni yig‘ishtirgandek bo‘lib o‘rnidan turdi.

– Ko‘ramiz.

– Ishonmaysanmi?

– Men odamlarga emas, natijaga ishonaman.

Yoongi uning orqasidan kulib qoldi.

Ko'p o'tmay majlislar zali butunlay bo'shab qoldi. Xizmatchi 2 ta ayol xonani tozalashga kirishdi. Seokjin tozalikka ham jiddiy qarashini bilishardi shu sabab ko'zga ko'rinadigan va ko'rinmaydiga hamma joyni bir boshdan tozalashni boshlashdi.

Min Yoongi va uning jamoasi o'zlarining ofislariga otlanishdi. Dina avtobusda qaytish uchun bekat tomonga yura boshladi.

– Dina!

Dina bilan birga yonidagi qizlar bilan qo'shilib qarashdi Yoongiga. Dina unga qandaydir u yoqmayotganday nigoh bilan qarab turdi.

– Mashinaga o'tir, qayoqqa boryabsan?

– O'zim keta olaman, janob.

Hijolat bo'lib yana bekat tomonga yurib ketdi.

"Hammaning oldida hijolat qildi meni. Hech nimani ishonib bo'lmasligini bilardim o'zi shunga. Esidan chiqib qolarmikan yo ataylab qilarmikan buni? Ha, to'g'ri ataylab qiladi. Boshqalar nima deb o'ylaydi, axir?! Biladi menga bunday gaplar yoqmasligini. Kelib xato qildimmikan bu yerga."

O'z hayollariga berilib borayotgan qizning o'ylarini telefonining jiringlashi bo'lib yubordi.

– Eshitaman

– Qayerga ketayabsan o'zingcha? Adashib qolmadingmi?

Dinaning yuzidagi o'ychanlik o'chib endi tabassum yugurganday bo'ldi.

– Ustimdan kulyabsanmi?

– Sen?! Sizlayotganding. Ha, to'xta, "janob" deganingda yuzingni ko'rganingda edi.

Telefon orqasidan Yoongining kulishi aniq-tiniq eshitilib turar, Dinaning gaplarini, harakatlarini eslab qotib-qotib kulardi. Dinaning bir vaqtning o'zida ham qo'shilib kulgisi ham jahli chiqardi undan.

– Bas qil! Ko'p asabimga tegayabsan!

Yoongi hali ham kulib-kulib qo'yar, Dinaning hozirgi ahvolini ko'rgisi kelardi.

– Bas qil endi!

So'ng Yoongi yana jiddiy tonda gapirishni boshladi.

– Tez qayt ishga.

– Qaytyabman.

– Senga rostan bir katta ish bermoqchiman. Kelsang gaplashamiz.

Dina telefonni o‘chirarkan, chuqur nafas oldi. Yoongining asabga teguvchi, ammo g‘alati tarzda uni tinchlantirgan kulgisi qulog‘i ostida qolgandi. U bekatga kelgan avtobusga chiqdi hayolida faqat ishni o'ylardi. Avtobus ko'p yurmay katta bino oldidan o'tdi va yaqindagi bekat oldida to'xtadi. Dina tushib kompaniya binosi tomon tezgina yura boshladi. Hayolini endi mas’uliyat va qandaydir qiziqish egallagan edi.

"Katta ish? Ko‘ramiz, janob Min, mening iqtidorimga qanchalik ishona olasan..."

Ofisga qaytganida, ilk borgan joyi Yoongining xonasi bo'ldi. Yoongi uni kutib o'tirgandi o'zi Dina kirishi bilan chizmalar va yangi loyiha hujjatlari solingan katta papkani stolning oldirog'iga surib qo'yib qoshini qoqib Dinaga ishora qildi.

– Mana bular shahardan sal chekkaroqdagi yangi zamonaviy uylar majmuasining chizmalari bilasan bu katta loyiha. Menga shunday dizayn kerakki, u ham hashamatli, ham juda shinam bo‘lsin. Minimalistik lekin qimmat ko'rinsin. Portfoliyongdagi ishlarga qaragda buni sening diding bilan eplay olamiz deb o‘yladim. Qani, o‘zingni ko‘rsat, amaliyotchi qiz.

Dina hujjatlarni olyotganda Yoongining ko‘zlaridagi ishonchni ko‘rdi. Bu ishonch unga kuch bag‘ishladi. U darhol papkani qo'liga ko'tarib oldi. Ichini ochib qarab ham o'tirmadi.

– Deadline?

– Eplasang tezlashtir. Istasang ertagacha qil.

– Hazillashyabsanmi?

Dinaning ko'zlari hayratdan qotib qoldi.

– Nima?

– Harakat qilaman, janob Min.

– Janob Min?

Yoongi kuldi unga qarab so'ng qo'shib qo'ydi:

– Hazillashdim shu hafta tugata olsang tugat. Bo'lmasa keyingi hafta. Shu oy ohirida uni hamkorlarga tekshirib tasdiqlatishga beramiz va keyingi oydan ishingni reallikka ko'chiramiz Kim Seokjinga yoqsa ishing, amaliyotchi.

Dina jiddiy boshini tasdiqlab egib qo'ydi va xonadan chiqib o‘z ish stoliga o‘tirib, ishga kirishib ketdi.

Soatlab vaqt qanday o‘tgani sezilmadi. Dina tushlikni ham unutilgan qahva va bir necha bo‘lak pechenye bilan o‘tkazdi. Interyer dizayneri bo‘lish uning orzusi edi va hozir har bir chiziq, har bir ranglar uning qo‘lida jonlanayotgandi. U planshetdan ko‘ra o‘z qo‘li bilan chizishni, har bir detalni qalam bilan his qilishni yaxshi ko‘rardi. Chizg‘ich, qalamlar, turli ranglar... Stolining usti ijodiy tartibsizlikka burkandi. Har safar chizmasi ko‘nglidagidek chiqmaganida, u boshqatdan boshlar, chizg‘ichni qog‘oz uzra asabiylashib yurgizardi. Uning bor vujudi shu loyihaga qaratilgan, ko‘zlari toliqqan, barmoqlari qalam ushlayverganidan qavarib ketganidan og‘rirdi. Lekin u to‘xtamasdi. Yoongining va eng muhimi, mag‘rur Kim Seokjinning ko‘z oldida o‘zini isbotlashi kerak edi. Boya xonadan chiqqanda uning gaplarini eshitib qolgandi.

Shu payt Seokjin ofisi binosining yuqori qavatidagi majlislar zalida tozalik ishlari yakunlanayotgandi. Xizmatchi ayollardan biri uzun stolning to‘ridagi kursining tagini artayotganda, polda yaltirab turgan mayda narsaga ko‘zi tushdi. Uni qo‘liga oldi-yu, sherigini chaqirdi:

– Voy, qara, biron bir qiz taqinchog‘ini tushirib qoldiribdi chog‘i. Naqshlari buncha chiroyli bo‘lmasa? Eski ishlardan ekan.

Ular bu nozik va o‘ziga xos taqinchoqni nima qilishni bilmay, to‘g‘ri binoning boshqaruvchisi — Kim Seokjinning ofisiga olib borishga qaror qildilar. Ayollardan biri eshikni taqillatib kirib, uni stolga qo‘ydi.

– Janob Seokjin, majlislar zalini tozalayotganda topib oldik. Kimdir tushirib qoldiribdi.

Seokjin qog‘ozlardan bosh ko‘tarib, stol ustidagi taqinchoqqa qaradi. Uni qo‘liga olar ekan, ko‘z oldiga majlis davomida asabiylashib, qog‘ozlarini shoshilgancha yig‘ishtirib chiqqan Dina keldi. Bu o‘sha qizning bo‘ynida turgan nozik zanjir. Seokjin buni yaxshi esladi, chunki majlis paytida nigohlari beixtiyor shu qizga tushgandi.

– Yaxshi, qoldiraveringlar. Kimnikiligini bilaman, o‘zim berib qo‘yaman, – dedi ovozini iloji boricha xotirjam chiqarishga urinib.

Ishchi xonim chiqqach, Seokjin taqinchoqni kaftida aylantirib ko‘rdi. "Demak, Min Yoongi bilan shunchalar ovora bo‘libsanki, narsangni yo‘qotganingni ham sezmabsan da," deb o‘yladi ichida g‘alati bir g‘ashlik bilan. Taqinchoqqa qarab.

Ish vaqti tugagach, baribir o‘sha tomonga o‘tishi kerakligini o'zicha bahona qilib, buni qizning o‘ziga qaytarishni ko‘ngliga tugib qo'ydi.

Kech kirdi. Binodagi chiroqlar birin-ketin o‘cha boshladi. Dina nihoyat oxirgi chizmasiga yakuniy shtrixlarni qo‘ydi. U charchoqdan ko'zi ilinib ketayotgan bo‘lsa-da, qo‘lidagi tayyor loyiha varaqlariga qarab beixtiyor jilmaydi. Unga qarab charchog'i tarqaganday his qildi. Hammasini qo‘lda, mukammal darajada chizib chiqqandi. Varaqlarni birma-bir taxlab, qo‘liga oldi. Hatto ularni papkaga solishga ham sabri chidamay, quchoqlagancha ofisdan chiqdi. Yoongi allaqachon ketgan, hatto hamma ketgandi ofisda faqat u qolgandi.

Dina binoning asosiy chiqish eshigidan tashqariga qadam qo‘ydi. Tashqarida yomg‘ir yog‘ib o‘tgan, havo salqin, yo‘l chetlarida ko‘lmaklar hosil bo‘lgandi. U charchagani va loyiha muvaffaqiyatli tugaganidan sarmast bo‘lib, hayolan uylar interyerini qanday qurishlarini, u chizgan uy dizayni haqiqatdan ishlanishini o'ylab xursand bo'lardi. Ko‘zini qo‘lidagi chizmalardan uzolmasdi. Varaqlarni varaqlar, yo‘lga umuman qaramasdi.

Seokjin endigina kelib turgandi ofisga, ashinasidan tushib, binoga yaqinlashayotgandi. Uning maqsadi Dinani ofisidan topish edi. To‘satdan u chiqish eshigidan chizmalarini bag‘riga bosib chiqayotgan qizni ko‘rib qoldi. Lekin qiz to‘ppa-to‘g‘ri yo‘l chetiga, mashinalar qatnov qismiga qarab ketayotgandi.
Aynan shu lahzada katta tezlikda kelayotgan mashinaning chiroqlari qorong‘u ko‘chani yoritib, to‘g‘ri Dina tomon yaqinlashib kelardi. Mashina tezligi shu qadar yuqori ediki, haydovchi tormoz berishga ulgurmasligi aniq edi. Dina esa buni sezmas, hali ham qo‘lidagi qog‘ozlarga tikilib qadam tashlardi.
Seokjinning yuragi orqag tortib ketdi.

– Dina! Yo‘ldan qoch!

Unga baqirdi-yu, o‘ylab o‘tirmasdan oldinga otildi.

Sekundlar ichida u qizning yoniga yetib bordi va bor kuchi bilan qo'lidan tutib, o‘zi tomonga, yo‘lakka qattiq siltab tortdi. Mashina esa vahimali signal chalib, ularning yonidan shovqin bilan o‘tib ketdi.
Dina nima bo‘lganini anglolmay, dahshatdan cho‘chib tushdi. Muvozanatni yo‘qotib, yo‘lakka yiqilib tushay dedi. Kuchli siltash oqibatida uning qo‘llari bo‘shashib ketgan va quchoqlab turgan barcha chizmalari havoga uchdi.

Varaqlarning bir qismi shamolda uchib, mashinaning g‘ildiraklari ostiga tushdi va bir lahzada loyga qorishib ketdi. Qolgan varaqlari esa yo‘l chetidagi qora, kir ko‘lmakka borib tushdi. Suvga tushgan chizmalardagi bo‘yoqlar, qalam chiziqlari suv bilan qorishib, ko‘z oldida eriy boshladi.
Dina qotib qolgandi. Uning yuragi qattiq urar, ammo ko‘zlari yo‘ldagi loyqa suvda oqayotgan qog‘ozlarda. U o‘zini qutqargan odamga emas, yo‘q qilingan mehnatiga qarardi. Bor kuchi, kun bo‘yi yemay-ichmay, barmoqlari og‘rib chizgan chizmalari endi yo‘q edi.
U g‘azab va alam bilan boshini ko‘tarib, qarshisida turgan Seokjinga qaradi.

– Nima qildingiz?! – uning ovozi titrab, baqirib yubordi.

– Men sening hayotingni qutqardim! Mashina urib ketishiga ozgina qoldi axir, yo‘lga qaramaysanmi?!

Seokjin ham hayajondan ovozini ko‘tardi, u ham qo'rqqandi qiz uchun.

– Sizga nima farqi bor?! U urib ketmasdi hali...

Dina o‘rnidan turishga ham holi kelmay, yo‘lakka o‘tirib oldi. U loy ko‘lmak ichidagi varaqlarni birma-bir qo‘liga ola boshladi. Suvga bo‘kkan, loy bo‘lgan qog‘ozlar qo‘lida titrab ketardi. Undagi chiroyli uylar tasviri endi shunchaki qora dog‘larga aylangandi.
Uning ko‘zlaridan yosh qalqib chiqdi va yuzidan oqib, loy qog‘ozlar ustiga tomchiladi. Dina qog‘ozlarni bag‘riga bosgancha, o‘tirgan joyida o‘ksib-o‘ksib yig‘lay boshladi.

– Men bularni kuni bilan chizgandim... Bitta-bitta qo‘limda chizib chiqqandim... Hammasi tamom bo‘ldi... Hammasi...

Uning ovozi unsiz yig‘iga aylanib ketdi.
Kun bo‘yi chekkan charchog‘i, asabiylashganlari va oxirida bor mehnati bir soniyada yo‘q bo‘lgani unga juda-juda alam qilayotgan edi. U Seokjinning o‘zini qutqarish uchun buni qilganini tushunsa-da, hozirgi og‘riq va alam ustunlik qilardi.

Seokjin esa yig‘layotgan qizning qarshisida nima qilishini bilmay, loyqa suvdagi qog'ozlarga va qizning titrayotgan yelkalariga qarab, indamay qotib turib qoldi. Kaftida mahkam siqib ushlab olgan Dinaning taqinchog'i esa hali ham uning kaftini qizdirib turardi.

– Bas qil... Ayollarning yig'lashini yomon ko'raman...