December 15, 2024

𝗙𝗥𝗢𝗭𝗘𝗡

𝓛𝓲𝓵𝔂𝓪 𝓦𝓲𝓵𝓼𝓸𝓷

𝟭-𝗘𝗣𝗜𝗦𝗢𝗗𝗘

Qahraton qish edi. Qattiq sovuqda har bir nafas duman bo‘lib havoga ko‘tarilardi. Atrofni qalin qor qoplagan, daraxtlar shoxlari esa xuddi oppoq qand bilan bezatilgandek edi. Osmondan mayda qor uchqunlari mayin tushar, xuddi beozor kapalaklar kabi yerga qoʻnar edi. Yo‘llar muzlagan, daryolar esa go‘yo shaffof oynaga aylangandi. Tabiat sukutda edi, bu sukunatni faqatgina yengil shamolning qorga urilib, shitirlashidan sezish mumkin edi.

Bu manzarada oppoq palto va qalpoq kiygan qiz qabristonning bir burchida yolg‘iz oʻtirardi. U oppoq kiyimda qorga uygʻunlashib, xuddi tabiatning bir qismi bo‘lib ko‘rinardi. Qiz qabr toshiga suyanib, sovuqdan qizarib ketgan qo‘llari bilan kundaligini ochdi. Barmoq uchlari qalamni zo‘rg‘a ushlab turardi, ammo u yozishda davom etardi. Har safar qalamni qogʻozga tekkizganida, u yerga tushayotgan qor singari tinimsiz hislarini yozib qoldirardi.

Qizning yozuvi titroq edi, go‘yo qalbining og‘rig‘i qog‘ozga o‘tayotgandek.

“Qadrli kundalik,”

deb yozdi u, so‘ng bir nafas to‘xtab, yonidagi qabrtoshga termuldi. Qabrning sovuq marmar yuzasida u ota-onasining ism-sharifini oʻqib, ichidan ogʻir nafas oldi.

“Men yana bir kunni oʻtkazdim. Kamida yigirma sakkiz marta ‘yaxshiman’ so‘zini ishlatdim, garchi yaxshi bo‘lmasam-da. Bugun ota-onamning vafotiga uch oy va oʻn bir kun bo‘ldi. Har chorshanba qabristonga kelib, kundaligimni yozish odatga aylanib qoldi,”

deb davom etdi u yozishda.

Uning qalbida ogʻirlik bor edi, o‘sha og‘irlikni faqat qog‘oz tushunardi. Qizning sovuqdan titrayotgan lablari oʻz-oʻzidan pichirlab, yozayotgan so‘zlarini takrorlardi. Yozayotganda koʻz oldiga onasining mehribon chehrasi va otasining maqtovga toʻla nigohlari keldi. Bu tasvirlar qalbiga bir zum issiqlik olib kelganday bo‘ldi, ammo keyin yana sovuq, real voqelik uni oʻz quchog‘iga oldi.

- Ruhiy tushkunlik va stress sababli har yili qatnashadigan "Oltin konkiy" musobaqasidan ham chetda qoldim,”

deb yozdi u ogʻir xo‘rsinib. Ko‘zlari o‘tkir sovuq shamolda namlanib, bir-ikki tomchi yosh qogʻozga tushdi.

U yana bir marta qabrtoshga qaradi.
- Oyim har yili musobaqalarda qatnashganimda meni qo‘llab turar edilar. Hozir esa bu yerda mendan uzoqdalar. Menga umid berolmaydilar,”

deb o‘yladi ichida. Ammo u bu hislarni qog‘ozga yozmadi. Ba’zi tuyg‘ularni faqat yurakda saqlashni ma’qul koʻrardi.

Shamol kuchaydi. Qiz esa buni sezmaganday qog‘oz ustiga qo‘llarini bosib, biroz qimirlamay o‘tirdi. Qabristonning sukunati uning ichki bo‘shliqlari bilan uyg‘unlashib, vaqtni to‘xtatgandek edi. Keyin u o‘zini majburlab, yana yozishda davom etdi. Kundalik uning qalbini bo‘shatishga yordam beruvchi yagona vosita edi.

Qabr toshlari qatoridan biri oldida yigit qimir etmay turardi. Qishning izg‘irinli shamoli uning yuziga urilsa-da, u buni his qilmasdi. Osmondan mayda qor parchalari sekin tushar, atrofga sokinlik cho‘kkan edi. Qo‘lida ushlab turgan oppoq lolalar uning sovuq qotgan qo‘llarida qaltirar, ammo u qat'iylik bilan ularni qabrtoshning yoniga qo‘ydi.

– Salom, oyijon, – dedi u asta-sekin, tovushida bir-biriga aralashgan achchiq alam va sog‘inch sezilardi. – Men keldim... Sizga oq lolalar olib keldim. Ularni har doim juda yaxshi ko‘rardingiz.

U lolalarga bir zum qarab turdi, so‘ng nigohini qabrtoshdagi nomga qaratdi.

– Qishni o‘rtasi bo‘lsa ham, siz uchun oq lolalarni topishga harakat qildim. Bir paytlar oddiy bir dona lolaga pulim yoʻq edi, lekin endi... endi dunyoning yarmini sotib olishga yetadigan boylikka ega bo‘ldim. Ammo siz yo‘qsiz...

U chuqur nafas oldi va bir qadam chekinib, ikki qo‘lini cho‘ntagiga soldi. Uning yuziga tushgan qor parchalari erir, ko‘zlariga yashirib bo‘lmas namlik qo‘shilardi.

– Oyijon, – deya davom etdi u titroq ovozda. – Siz o‘ylagandek yaxshi inson bo‘la olmadim. Pulim ko‘p, ammo halovatim yo‘q. Sizni o‘ylab, har bir kechamni uyqusiz o‘tkazaman.

U yana bir zum sukut saqladi. So‘ng yelkasini ko‘tarib, hatto o‘ziga o‘zi tan olmoqchi bo‘lganday davom etdi:

– Bilaman, siz meni buning uchun kechirolmaysiz. Men pulni halol yo‘l bilan topmadim. Odam o‘ldiraman, narkotika va qurol savdosi bilan shug‘ullanaman. Men... men qing‘ir ishlar bilan bandman. Bu ishlar jonimga tekkan, oyijon. Qanchalik boy bo‘lmayin, qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lmayin, qalbimda hech narsa qolmadi...

Shamol qattiqroq esdi. Qabriston atrofidagi eski daraxtlarning novdalari shitirlar, bu holat yana ham sovuq va o‘lik sukunatni yoritardi. Taehyungning ko‘zlaridan bir tomchi yosh dumalab, yonoqlarini qoplagan sovuq izga qo‘shildi.

U sekin tiz cho‘kdi va qabrtoshni asta silab qo‘ydi.

– Meni kechiring, oyijon. Siz istagandek yaxshi inson bo‘lishga harakat qilaman... Lekin hozircha, shunchaki, mendan yuz o‘girmang...

Taehyung so‘zini yakunlamasdan turib qabr oldida yana uzoq vaqt turib qoldi. U shu yerda, onasi xotirasi bilan yolg‘iz qolishni istardi. Qish sovug‘i uning qalbini ham muzlatib, ichidagi og‘riqni bosayotganday edi.

Taehyung boshini egib, koʻzlarini yumdi. Yana bir marta ichidan chuqur va ogʻir xoʻrsinib, qabrtoshga pichirladi:

– Meni kechiring, oyi...

Uning ovozi titrab chiqdi. Ko‘nglida yig‘lash istagi tug‘ildi, lekin ko‘z yoshlari allaqachon qurib bitganday edi. Atrofga qattiq sukunat cho‘kdi. Shamol daraxtlarning quruq shoxlarini asta chayqatar, bu sukunat faqatgina uning yurak urishini eshitishga imkon berardi. Taehyung xotiralar girdobida yana bir zum qoldi.

Ammo bu sukunatni o‘tkir va dahshatli ovoz buzdi.

To‘pponcha ovozi quloqlarni qomatga keltirardi. Daraxt shoxlarida yotgan qarg‘alar bir zumda havoga ko‘tarildi. Qanotlarning vahimali shovqini tun sukunatini yirtib o‘tdi. Taehyung koʻzlarini katta ochib, birdan oʻzidan ketdi. U nafas olishga harakat qildi, ammo og‘riq uni falaj qildi. Qorin boʻshlig‘idan oʻtib ketgan oʻqning kuchi tanasini teshgan edi.

U sekin qo‘lini qoriniga qo‘ydi. O‘sha joyda iliqlikni his qildi. Qo‘lini ko‘tarib, qaradi – qip-qizil qon barmoqlaridan sirqib tushar, bu manzara uni bir lahza karaxt qoldirdi. Og‘riq kuchayib, butun tanasini egalladi. Nafasi qisilib, tizzalari bukilib yerga yiqildi.

Taehyungning koʻzlari osmonni qidirdi. Oq qor parchalari sovuq havoda asta-sekin aylana-aylana uning yuziga tushar, ammo u buni endi his qilmasdi. Og‘riq har bir nafasini og‘irlashtirar, nafas olish tobora qiyinlashardi.

U yerda yotganicha sekin pichirladi:

– Oyi... Meni kechiring...

Soʻng yelkasini ohista yerga qoʻyib, ko‘zlarini yumdi. Atrofda hayot davom etar, qarg‘alarning qora soyasi tepada aylana chizib uchar edi. Taehyung uchun esa bu kunning yakuni bo‘lgan, qorong‘ulik va sukunat uni o‘z bag‘riga olgandi. Qabristondagi so‘nggi oq lolalar esa uning so‘nggi sovg‘asi boʻlib qoldi.

Qiz kundaligidagi yozuvlarni toʻldirib, bir oz charchagan holda yonidagi atrofni kuzata boshladi. Birdan o'sha joyning tinchligini buzgan, kutilmagan baland shovqin eshitildi. Bu ovoz unga juda notanish tuyuldi, shunday qilib u nimaning ovozi ekanini bilishga intilib, yozishni toʻxtatdi va kundaligini ehtiyotkorlik bilan yopib, sumkasiga soldi. Soʻng sumkasini yaqin atrofdagi qabr toshining yoniga qoʻyib, shovqin kelgan tomonga asta yurib bora boshladi. Yuragi hayajon bilan urar, lekin qiziqishi qoʻrquvdan ustun kelardi.

Atrofdagi daraxtlarning yaproqlari shivirlar, mayin shamol esa uni yoʻlga boshlayotgandek edi. Qiz asta-sekin ovoz kelayotgan joyga yaqinlashganida, yuragi tez-tez urib, ichki bir xavotir uni oʻrab oldi. Nihoyat, baland butalar ortidan qadamini sekinlatib, shovqin manbasiga qaradi.

Oyoqlari ostidagi qurib qolgan yaproqlarni bosarkan, koʻzlariga oldida yotgan notanish yigitning manzarasi tashlandi. Qiz hayrat bilan toʻxtab, bu holatni anglashga harakat qildi. Yigitning holati juda ayanchli edi: u yerda osmonga qaragancha yotardi, qoʻli esa qorin boʻshligʻining ustiga bosilgan edi. U qattiq jarohat olganga oʻxshar, chunki qorin bo'shligʻidan ko'p miqdorda qon oqayotgan edi. Qon asta-sekin yerga toʻkilib, atrofidagi qorga singib, dahshatli manzara hosil qilgan edi.

Qiz yigitni diqqat bilan kuzatdi: u koʻzlarini qiyinlik bilan ochib-yumib nafas olayotgan edi. Nafasi juda sust, deyarli sezilmas darajada edi. U o‘z holatidan xabardor emasdek, yoki biror narsa deya olmas darajada zaif edi. Bu voqeaning o‘zidan so‘ng qizning ichida bir necha savollar girdobi paydo bo‘ldi: bu yigit kim edi? Unga nima bo‘ldi? Nega bu yerda?

Qiz ichki bir hayajon bilan boʻlganini kundaligiga yozib qo‘yishni oʻyladi, lekin birinchi navbatda, bu yigitga qanday yordam berishni hal qilishi kerak edi. Shoshilinch yordamga muhtojligi shundoq ko‘rinib turardi...

Lilya yuragi bezovtalikdan tez urib, yerda yotgan yigitga yaqinlashdi. U yigitning zaif, hayot alomatlarini ko‘rsatib turgan nafasini va yarasidan oqib chiqayotgan qonni ko‘rdi. Hushsiz yotgan yigit unga juda zaif va ojiz tuyuldi. Vaqtni boy bermasdan, yigitning yoniga tiz cho‘kdi va asta-sekin uning boshini ko‘tarib, tizzasiga qo‘ydi. Yigitning yuzi oqarib ketgan, koʻzlari esa yumuq edi. Lilya yuragini cho‘ktirgan vahima va qayg‘u bilan past ovozda yigitni hushga keltirishga harakat qildi.

— Janob! Janob! Koʻzlaringizni yummang, iltimos! – dedi u, yigitning yuziga yengilgina urib. Lilyaning qoʻllari qaltirar, ovozi ichki bir xavotirni yashira olmasdi.

Yigitning yarasiga qarashga jur’at qilgan Lilya, uning qorin boʻshlig‘idan oqayotgan qonning juda ko‘pligini sezdi. Vahimaga tushgan bo‘lsa-da, tezda qandaydir harakat qilish kerakligini tushundi. Bo‘ynidagi oppoq sharfini tortib olib, uni mahkam o‘rab yechib oldi. Soʻng yigitning yarasiga sharfni bosdi.

Lilya nafasi tezlashgan holda, barcha harakatlarini shoshilinch va ehtiyotkorlik bilan amalga oshirar edi. Uning oppoq qo‘llari endi qonga boʻyalgan, lekin u buni sezmasdi ham. U faqatgina yigitning hayotini saqlab qolish haqida oʻylardi.

Yigit asta-sekin koʻzlarini qiyinlik bilan ochdi va undan taralayotgan nozik hid va iliq qoʻllar uni hushiga qaytarayotgandek tuyuldi.

Pov Taehyung:

- Ogʻriqdan koʻzlarimni ocholmay, bir necha lahzaga hamma narsadan uzilib ketayotgandim. Quloqlarimda faqat qonimning yerga tomayotgan tovushi va yurak urishimning zaif bo‘lib borayotganini his qilardim. Keyin bir ovoz eshitildi. Past, lekin umidli ovoz. Ko‘zlarimni ochishga harakat qilganimda, qarshimda bir qizni ko‘rdim. U farishtadek tuyuldi. Ko‘rinishidan u oppoq, juda go‘zal edi. Uning yuzida qaygʻu va vahima aks etar, lekin qo‘llari iliq edi.

Men hissiz bo‘lib qolgandek edim, lekin uning har bir harakati hayotimni saqlab qolish uchun edi. U oppoq sharfi bilan qonimni to‘xtatishga urinardi. Bu nafaqat uning jismoniy harakati, balki iliq qalbi edi. U men uchun kurashayotgandek tuyuldi."

Lilya ichidan hayajon va qo‘rquvni yengib, yigitni hushiga qaytarish uchun bor kuchini sarflayotgan edi. Shu paytda yigitning lablari titrab, nimadir demoqchi boʻlganini sezdi.

Yigitning lablari sekin harakatlanib, zaif ovozda bir narsani aytishga urinar edi. Nihoyat, yigitning ogʻzidan titroq ovoz chiqdi:

— B... bu yerdan ket... – dedi u, nafasini chuqur olib, qiynalayotgani aniq edi.

Lilya yigitning bu soʻzlariga bir zum jim qoldi, lekin keyin uning koʻzlariga mahkam qarab, qatʼiyat bilan javob berdi:

— Sizni bu holatda tashlab ketolmayman. Koʻp qon yoʻqotayapsiz, oʻlishingiz mumkin.

Yigit qiyinchilik bilan yana gapira boshladi. Uning ovozi zaif va achchiq edi:

— Meni yaxshi bilmaysanku... Nima uchun menga qaygʻuryapsan? Balki... balki men oʻlimga loyiqdirman.

Bu soʻzlar Lilyaning ichini gʻash qildi. U bir lahzaga oʻylanib qoldi, lekin soʻngra ichidan kelgan ishonch bilan javob qaytardi:

— Toʻgʻri, sizni tanimayman. Oʻlimga loyiqmisiz yoki yoʻq – buni ham bilmayman. Ammo yagona bilganim, kimningdir oʻlimiga sababchi boʻlishga vijdonim yoʻl qoʻymaydi.

Lilyaning soʻzlari samimiy va qattiq edi, uning ovozida hech qanday ikkilanmaslik sezilardi. Bu yigit uchun qilayotgan ishi nafaqat insoniylik, balki uning hayotiy prinsiplariga sodiqlik edi.

Yigit asta-sekin unga qaradi. Uning koʻzlarida chuqur qaygʻu va alam koʻrinib turardi. Bir necha lahzaga sukunat choʻkdi. Keyin yigitning ovozi yana titrab chiqdi:

— M... meni hayotimni saqlab qolganingga... pushaymon boʻlasan...

Bu soʻzlar Lilyani bir zum titratdi. U yigitning nima demoqchi boʻlganini anglashga urindi, lekin oʻzining vazifasi aniq edi. U ogʻir nafas olib, qatʼiyat bilan:

— Qanday boʻlmasin, hayotingizni saqlab qolishga harakat qilaman. Pushaymon boʻlishim yoki yoʻq – bu keyinroq koʻramiz, hozir esa sizni oʻlimga tashlab ketolmayman, – dedi.

Yigitning zaif, lekin hayot bilan kurashayotgan nafasi, Lilyaning soʻzlariga bir muncha yumshadi. Uning ichida nimadir o‘zgara boshlagandek tuyuldi, lekin bu tuyg‘u noaniq va ogʻir edi. Bu lahza ikkalasi uchun ham hayotning murakkab, lekin umidga toʻla sinovidan darak edi.

𝟭-𝗘𝗣𝗜𝗦𝗢𝗗𝗘 𝗧𝗛𝗘 𝗘𝗡𝗗
𝗔𝗨𝗧𝗛𝗢𝗥- 𝗟𝗜𝗟𝗬𝗔 𝗪𝗜𝗟𝗦𝗢𝗡