I will always miss you.
Bilasizmi, men hayotim davomida koʻp azob va sinovlarni boshdan kechirdim, lekin bularni hech kimga aytishga jur'at qilmaganman. Ichimdagi ogʻriqlarni soʻzga aylantira olmasdim, ularni faqat jimlikda, tun qorongʻuligida oʻzim bilan baham koʻrardim. Lekin bir kun u hayotimga kirib kelganda, hammasi oʻzgardi. Goʻyo nurli bahor kelib, muzlagan qalbimni iliqlik bilan chulgʻagandek edi.
U mening dunyomning eng yorqin qismi, eng chiroyli xotiramga aylandi. Biz birga boʻlgan ikki yil men uchun butun umrlik baxtdek tuyuldi. Uning tabassumi yuragimga singib, qoʻllari hayotimni bagʻriga bosgandek edi. Ammo hayotning shafqatsizligi bizni juda erta ajratdi.
Oʻsha kun... avtohalokat... Men hali ham oʻsha lahzalarni unutolmayman. U bir lahzada ketdi, u bilan birga mening hayotim ham soʻndi. Lekin bir farq bor edi: uni koʻmishdi, meni esa tirik qoldirishdi. Ammo mening ruhiym oʻsha qabrdan uzoqda emas edi. Har kuni oʻsha voqea ongu shuurimni qattiq qiynardi.
Oradan olti yil oʻtdi. Koʻpchilik vaqt oʻtishi bilan jarohatlar tuzaladi, derdi. Lekin bu yaralarim vaqt oʻtgan sayin yanada chuqurlashdi. Men uni hali ham sevaman. Uning ovozini eshitishni, iliq qoʻllarini his qilishni, koʻzlaridagi iliqlikni koʻrishni sogʻinaman. Ba'zida tun yarimida uygʻonib, uning yonimda ekaniga ishonishni xohlardim, lekin haqiqat meni har safar tilka-pora qilardi.
U hayotimdagi yagona nurlanish edi. Endi esa faqat qorongʻulikda qolganman. Har kuni uning xotirasi bilan yashayman, har kuni yigʻlayman. U bilan oʻtkazgan ikki yilim men uchun abadiyatga teng. Uning tabassumi, ovozi, meni qanday sevishi – bularning hammasi yuragimda muhrlangan.
Balki, bir kuni uni yana koʻrarman... Balki, u joylashgan nurli dunyoga qachondir men ham yetib borarman. Ammo shu vaqtgacha, uning sevgisi mening eng buyuk yutugʻim va eng ogʻir iztirobim boʻlib qoladi.
Har bir tong men uchun sinov edi. Koʻzlarimni ochganimda ilk oʻylaganim u boʻlardi. “Agar u bu yerda boʻlsa, qanday boʻlar edi?” derdim oʻzimga. Har kuni uni koʻrishga boʻlgan intilishim, uni qaytarishga boʻlgan iltijolarim meni charchatib qoʻygan edi. Uning yoʻqligini qabul qilish qanchalik ogʻir boʻlmasin, xotiralardan voz kechish undan ham ogʻir edi.
Xotiralar meni yashashga majbur qilardi, lekin ular bir vaqtning oʻzida yuragimni ezar edi. Uning menga ilk bor shirin kulib qaragani, bogʻda qoʻllarimiz bir-biriga tegib ketgani, toʻlqinli sochlarini shamol silaganda koʻzlarimda uygʻongan hayrat — bularning hammasi yuragimda yashaydi.
Uning ketishi faqat uning oʻlimi emasdi, u bilan birga mening orzularim, kelajakka boʻlgan ishonchim ham oʻlgan edi. Endi mening hayotim faqat kunlarni oʻtkazishdan iborat edi. Kunlar bir xil va ma'nosiz oʻtar, faqat tun bo'lsa, ichimdagi ogʻriqni kuchaytirardi.
Bir kuni uning suratini qoʻlimga olib uzoq tikildim. Uning koʻzlari goʻyo menga boqayotgandek tuyulardi. Oʻsha koʻzlar meni himoya qilardi, qoʻllardi, sevardi. Bu surat men uchun uning tirik boʻlgan yagona qismini aks ettirardi.
— Men seni hali ham sevaman, — dedim suratga past ovozda, koʻzlarim yosh bilan toʻlgancha. — Men seni unutmayman, hatto oʻzimni yoʻqotsam ham.
Shundan soʻng, ba'zida oʻzimni ovutmoqchi boʻlardim. Qabriga borardim, gul qoʻyardim. U yerda boʻlish men uchun taskin edi, lekin yuragimdagi ogʻriqni kamaytirmasdi.
Kunlarning birida qabr yonida oʻtirganimda, oʻzimga savol berdim: “U meni koʻrsa, mendan nimani xohlar edi?” Shunda angladim, u meni baxtli koʻrishni xohlardi. U mening koʻzlarimda yana umid koʻrishni xohlardi.
— Men uchun emas, oʻzing uchun yashagin, — deb goʻyo shivirlardi uning ovozi xayolimda.
Oʻsha paytdan boshlab oʻz hayotimni sekin-asta qayta qurishni boshladim. Ammo yuragimning bir chekkasida uning oʻrni boʻsh qoldi. U mening abadiy sevgim edi. Bu sevgi ogʻriqli, lekin pok edi.
Oradan qancha vaqt oʻtsa ham, uning xotirasi mendan hech qachon ketmaydi. Bu ogʻriq bilan yashashni oʻrgandim, lekin uni unutmadim. U mening hikoyamning eng yorqin va ayni paytda eng qaygʻuli sahifasi boʻlib qolaveradi.
𝑨𝒖𝒕𝒉𝒐𝒓: @D_Sh_Z_S