June 17

Sen mening bahorim

Mei POV
"Sen – men uchratgan eng shirin azobsan. Sen menga baqirib, urib og‘riq bermaysan. Sen shunchaki… meni sevmaysan. Va e’tibor bermaysan. Bu hissiyot – azob deb atalar. Bir kun kelib, seni sevmaydigan odamni sevganingda, meni tushunasan."

Seni uchratgan kunim:
Har doimgidek, bugun ham telefonimni qo‘limdan qo‘yolmay, unda g‘arq bo‘lib o‘tirardim. Lekin shunga qaramay, maktabga o‘z vaqtida bormaslikni tasavvur ham qilolmasdim. Maktab binosiga kirar ekanman, qadamlarim odatiyday tez edi. Har galgidek, dugonalarimni izlashga tushdim, ular bilan birgalikda vaqtimni o‘tkazish menga zavq bag‘ishlardi.

Ammo… o‘sha kuni, hammasi boshqacha edi.

Yonimdan o‘tgan bir yigitning qadam tovushi qulog‘imni larzaga soldi. Men hali unga qarashga ulgurganim yo‘q edi, ammo uning hidi... qandaydir o‘ziga xos va unutilmas edi. Shu lahza yuragim o‘z ritmini yo‘qotdi, birdan tez ura boshladi. Xuddi men ichimda yashirin bo‘lgan nimanidir uyg‘otib yuborgandek bo‘ldim.

Unga bir qarash tashlashga jur’at etolmadim. Nafas olishim tezlashdi, qo‘llarim titrab ketdi. O‘zimni tinchlantirishga harakat qilsam ham, yuragimni tinchlantira olmadim. Bu g‘alati hissiyot edi. Bu na qo‘rquv, na hayajon edi. Bu... boshqacha edi.

Dugonalarimning yoniga yetib borib, ularga biror narsa deyishga harakat qildim, ammo og‘zimdan so‘z chiqmay qoldi. Xayolim faqat bir narsa bilan band edi – bu yigit kim? Nega u bir lahzada mening dunyomni izdan chiqara oldi?

O‘sha vaqtda men bir narsani tushundim: o‘sha notanish yigit men uchun yangi bir hikoyaning boshlanishi edi. Ammo bu hikoya qanday tugashini o‘ylashga ham qo‘rqardim. Balki u men uchun shirin azob, unutilmas dardga aylanar. Balki u mening yuragimni egallash uchun keldi... yoki uni butkul parchalaydi.

Bir narsa aniq edi: o‘sha kun – mening hayotim o‘zgarishni boshlagan kun edi.

Mei POV

Dugonalarim bilan birga o‘tirib, ularning har bir so‘zini eshitib turardim. Lekin bu faqat qiyofada edi. Ichimda esa hamon o‘sha notanish yigit haqida o‘ylardim. Kim u? Nega u menga shunchalik ta’sir qildi? Yonimdan bir zumda o‘tib ketgan odam qanday qilib yuragimni bunchalar iztirobga solishi mumkin?

O‘sha kun davomida maktabning har bir burchagiga nazar soldim. Nigohlarim uni izlardi. Lekin nafasim tobora tezlashib, o‘zimni cheksiz notinch his qilardim. Oxir-oqibat, uni uchratdim.

U, qo‘llarini cho‘ntagiga solib, sekin yurib ketardi. Uning qadamlarida qandaydir o‘ziga xos bir sokinlik bor edi. U o‘z dunyosida banddek, hech narsaga qiziqmasdi. Yana o‘sha hid… qayta his qildim. Endi yuragim butkul o‘z hukmini yo‘qotgandi.

Qo‘rquv bilan uni kuzatardim. Qanday qilib uning diqqatini tortsam ekan? O‘zimga savol berardim: “U menga qarashini, meni ko‘rishini xohlaymanmi? Yoki undan uzoqroq turganim yaxshiroqmi?” Ammo yuragimning tezligi menga xiyonat qildi. Qadamlarim o‘zim bilmagan holda uni quvib yetishga majbur qilardi.

— Hey! — ovozim o‘zim uchun ham kutilmagan bo‘ldi.

U to‘xtadi. Asta-sekin ortiga o‘girildi. Men esa qotib qoldim. Uning ko‘zlari... xuddi tun singari qorong‘i, lekin qandaydir sehrli edi. Ko‘zlarimiz to‘qnash kelgan paytda, dunyo go‘yo to‘xtab qolganday bo‘ldi.

— Nima kerak? — dedi u sovuqqina ohangda.

Men esa so‘z topa olmadim. Yig‘ilib kelgan fikrlarim go‘yo puchga chiqqandi. Yig‘lamoqchi bo‘ldim, ammo nafasimni ichimga yutdim.

— Hech narsa... — dedim asta.

U mening javobimdan zerikgandek boshini chayqadi va orqasiga burilib, ketib qoldi. Faqat shunda men bir narsani tushundim: men uchun uning bir sovuq qarashi ham yetarli edi. Uning ovozidagi sovuqlik ham yuragimni isitganday bo‘ldi.

Bu – muhabbatning boshlanishi edi, yoki shunchaki abadiy azobning birinchi sahnasi.

Unga bog‘lanishimni xohlamadim, lekin yuragim uni qayta-qayta izlayverardi. Shu lahza, men o‘zimni yo‘qotdim. Va o‘sha yigit… mening eng shirin azobimga aylandi.

Mei POV:

O‘sha voqeadan so‘ng kunlar o‘tardi. Men har kuni uni izlar, uning yonimdan o‘tishini orziqib kutardim. Lekin u menga qayta qaramas, o‘z dunyosida, go‘yo menga begona edi. Har safar ko‘zlarimiz to‘qnash kelganida, men o‘zimni juda kichkina his qilardim. Uning nigohi qandaydir sovuq, lekin shu sovuqlik ortida yashiringan qandaydir dard bor edi. Men buni his qilardim.

Bir kuni men o‘zimni bosishga qaror qildim. Uning oldiga borib, yana gaplashmoqchi bo‘ldim. Lekin yuragim bu safar ham menga bo‘ysunmadi. Faqatgina uning ortidan jim kuzatishdan boshqa chora topolmadim.

— Nega buncha qiziqasan? — dedi dugonam, meni kuzatib. — Yuragingni birovga berishdan avval o‘zingni ehtiyot qil. U qanaqa odam ekanini bilmay turib, bunchalik o‘ylashing to‘g‘rimi?

Lekin bu so‘zlar yuragimga yetib bormasdi. Chunki men tanlagan bu azob o‘zimniki edi.

Bir kuni darslardan keyin maktab kutubxonasida o‘tirardim. Derazadan tashqariga qarab, xayolga berilib ketgandim. Shu payt kimningdir ovozi eshitildi:

— Bu yer bo‘shmi?

Yuragim birdan sakrab ketdi. Orqaga o‘girildim va uni ko‘rdim. O‘sha yigit. Qo‘lida kitob bilan yonimdagi o‘rindiqqa ishora qilardi.

— Ha, bo‘sh... — deya qiyinchilik bilan javob berdim.

U jim o‘tirdi, biror so‘z aytmadi. Men esa unga qarashga jur’at qilolmay, xuddi nimalarnidir yozayotgandek qog‘ozimga tikilib turdim. Lekin yuragim tinchlanmasdi.

— Kitob o‘qiysanmi? — uning ovozi yana qulog‘imga chalindi.

— Ha, ba’zida... — dedim boshimni ko‘tarmay.

U jilmaydi. Bu jilmayishni sezdim. Va shu lahza nimanidir his qildim: ehtimol, u ham mendan butkul begona emasdir.

Bizning qisqa suhbatlarimiz endi tez-tez takrorlanardi. Har safar uning ovozini eshitganimda, ichimda biror umid paydo bo‘lardi. Lekin bu umidlar uzoq davom etmasdi. Chunki u mendan uzoqlashib, o‘zining sovuq dunyosiga qaytar edi.

Bir kuni men unga bir savol berdim:

— Nega sen hech kimga yaqin bo‘lmay, o‘z yolg‘izligingni tanlaysan?

U bir lahzaga to‘xtadi, keyin esa yuzida qandaydir ma’yuslik bilan javob berdi:

— Chunki yaqinlik azob olib keladi. Hech kim sening dardingni o‘z gardaningga olmaydi. Shunday ekan, o‘zimni yolg‘iz tutganim ma’qul.

Bu so‘zlar yuragimni teshib o‘tgandek bo‘ldi. Men uning dardini his qildim. Ammo bu safar unga o‘z ovozim bilan javob berdim:

— Yaqinlik ba’zida azob beradi, lekin yolg‘izlik ham seni qutqarmaydi. Dardingni bo‘lishsang, azob yengillashadi.

U menga qaradi. Bu qarash boshqacha edi. Unda qandaydir nimani tushungandek ifoda bor edi. Shu lahza, men bilardimki, u endi mendan begona emasdi.

Lekin hayot har doim ham biz xohlagandek bo‘lavermaydi. O‘sha kuni men uni kutubxona oldida ko‘rdim. Qo‘lida o‘zining tanish kitobi bilan meni kutib turardi. Lekin yuzida qandaydir noxush ifoda bor edi.

— Biz boshqa ko‘rishmasligimiz kerak, — dedi u sovuq ohangda.

— Nega? — dedim titrab. — Men seni tushunaman. Men seni dardingni his qilaman. Nega bunday qilyapsan?

U biror so‘z demadi. Faqat shunday dedi:

— Bu yaxshi emas. Men seni sevishga haqqim yo‘q.

Va ketdi. Men esa joyimda qotib qoldim. Ko‘z yoshlarim daryo bo‘lib oqardi. Shu lahza men tushundimki, uni sevganim azob edi, lekin undan ayrilish — bundan ham yomonroq edi.

Yuragimda iz qoldirgan, mening eng shirin azobim o‘z yo‘lida ketdi. Va men endi faqat uning xotirasi bilan yashashga mahkum edim.

𝒇𝒊𝒏𝒊𝒔𝒉𝒆𝒅