DARK RED
"Sevishni bilmasang seni sevgani qiynama!
— Shunday qilib, bir haftadan keyin to‘y qilamiz, bunga nima deysiz, Sohee xonim? — dedi bobosi miyig‘ida ma’noli kulib.
Garchi ich-ichidan g‘azab alangasi lovullab turgan bo‘lsa-da, Sohee xonim yuzida jilmayishni saqlab, mayinlik bilan boshini chayqadi. U o‘zini tutishga majbur edi — vaziyat buni talab qilardi.
Jungkook esa, bor diqqatini Shia tomonga qaratmaslikka harakat qilayotgan bo‘lsa-da, ongi hanuz Minaning xotiralari bilan band edi. Ammo ko‘zi tasodifan Shia tomonga tushgan zahoti yuragida g‘alati bir tuyg‘u uyg‘ondi.
Shia... U xuddi tushdagidek edi. Minaga o‘xshamasdi, lekin undagi go‘zallik boshqa edi — nozik, jozibali va sukut ichida iltijo qiluvchi go‘zallik. Uning qoshi, nigohi, sokin qarashlari Jungkookning qalbiga qandaydir iliqlik olib kirdi. Beixtiyor o‘zini o‘ylab qoldi: balki bu qiz bilan bir umr yashash ham yomon emasdir?
U Shia tomonga uzoq tikildi. Qiziq, bu begona qiz yuragidagi bo‘shliqni to‘ldira olarmikan?..
— Qanday yomon ishlar bo‘layapti… — deb o‘ylardi Shia yuragini ezib turgan xayollar og‘ushida. — Nahotki men... men o‘sha badbashara yigitga turmushga chiqishim kerak bo‘lsa? Yo‘q, bu mumkin emas! U menga munosib emas, u... u meni tushunmaydi, u mening dunyomga yot.
Shia yerga qaragancha ichida shunday fig‘on solardi, chehrasida esa sokinlik. U o‘zini to‘xtata olmasdi — qalbini bosayotgan vahima uni ichkaridan ezib borardi. Ammo bu xotirjamlikni yirtib o‘tayotgan bir nigoh bor edi...
Jungkook. U Shiani jim kuzatar, go‘yoki qizning yuragidan o‘tayotgan har bir fikrni his qilayotgandek unga termulardi. Nigohida hayrat bor edi, hayrat bilan aralash sirli qiziqish. Nega bu qiz bunchalar sokin, nega bu qadar g‘amgin?
U o‘ziga savollar berar, ammo javobni qizning nigohlaridan topishga urinardi. Balki Shia tashqaridan zaif ko‘rinar, lekin Jungkook yuragi bu qizda kuch borligini ilg‘ab ulgurgandi...
Shia va Jungkook bir-birining nigohiga g‘arq bo‘lib, go‘yoki atrofdagi olamni unutib o‘tirardi. Ularning o‘rtasidagi sokinlikda jimjit ishtiyoq bor edi — dildan dilga so‘zsiz o‘tgan, ohangsiz ohang.
Bu manzarani kuzatib o‘tirgan Sohee honimning yuragida g‘azab chulg‘adi. Choy kosasini qo‘liga olishga ulgurmay, barmoqlari titrab ketdi. Ichidagi rashk g‘up etib ko‘tarilganida, qasddanmi yoki noxosmi — choyni qiziga, Misooga to‘kib yubordi.
— Qizim, Misoo... ahvoling joyidami? — dedi u yolg‘ondan havotir aralash ohangda, yuzida esa kechirim so‘ragandek jilmayish. — Kechir, bilmasdan to‘kib yubordim...
Ammo Misoo onasining bu harakatini tushunmay hayron edi. Shia esa biror izoh kutmagandek, joyidan siljimadi, vaziyatni jim kuzatishda davom etdi. Ammo Jungkook... u befarq qolmadi. Tezda Misooning yoniga bordi, xizmatkorlarga muz olib kelishni buyurdi. Oradan bir necha daqiqa o‘tmay, qo‘lida muz bilan qaytdi va uni iltifot bilan Misooning kaftiga qo‘ydi.
Misoo esa nigohini unga qadab, ayyorona jilmayib shivirladi:
Bu daqiqada Sohee honim o‘zini bosib turolmasdi, ammo yuzida soxta tabassum bilan jilmaydi:
— Voy, buni qarang! Janob nevaram bilan qizim bir-biriga mehr qo‘ygan ko‘rinadi!
Ammo Dante — salobatli, mulohazali kishi, bu so‘zlarga aldanmadi. U jiddiy ohangda gap boshladi, ovozida qat’iylik bor edi:
— Aksincha, menimcha, Jungkook va Shia o‘rtasida nozik rishtalar bor. Ulardan chin ma’noda ajoyib juftlik chiqadi.
So‘zlar xonaga og‘ir jimjitlik olib kirdi. Har birining yuragida endi savollar, istaklar va tushuniksiz tuyg‘ular girdobi g‘imirlardi...
Har bir kun go‘yoki bir xil tusda, zerikarli va sokin o‘tar, Shia uchun vaqt qandaydir og‘ir toshdek cho‘zilardi. To‘yga esa atigi uch kun qolgan edi. Shu kuni Shia, Sohee honim va Misoo uchovlon kelinlik ko‘ylaklarini tanlash uchun butik tomon yo‘l olishdi.
Do‘kon ichida oppoq liboslar orasida yurarkan, Misoo odatiga ko‘ra yolg‘on tabassum bilan og‘zini ochdi:
— Shia, agar bu liboslar orasida adashayotgan bo‘lsang, men yordam bera olaman, – dedi u shirin ohangda, go‘yoki mehribonlik niqobi ortiga yashiringan holda.
Shia esa bir qarashda gapning tagini ilg‘agandek, qisqa va qat’iy javob berdi:
— Kerak emas, o‘zim tanlayman.
Bu so‘zlar Misooning yuzidagi soxta tabassumni darhol yo‘qotdi. Unga javob berishga ulgurmasdan, Sohee honim birdan portladi:
— To‘yimga atigi uch kun qoldi deb haddan oshma, ahmoq chori! Sen hech kimga kerak emassan! – dedi u g‘azabdan yuzlari qizarib, baqirgancha.
Ammo Shia bunga chidaydiganlardan emasdi. U yelkasini tik tutib, ko‘zlarida ishonch bilan kulib javob qaytardi:
— Agar men hech kimga kerak bo‘lmasam, nega sovchilar doim menga keladi, Misoo emas?
Bu so‘zlar havoda xuddi qilichdek charx urib, Misooning ustiga tushdi. Butikdagi sukunat esa bir lahzaga muzdek havo kabi yuraklardan o‘tdi...