𝑫𝑨𝑹𝑲 𝑹𝑬𝑫 (𝒕𝒐'𝒒 𝒒𝒊𝒛𝒊𝒍)
Shunday qilib kunlar birin-ketin o‘ta boshladi. Oradan allaqachon bir hafta o‘tdi, ammo na Jungkook, na Sunho hali ham qaytishmadi. Unga bir necha marta qo‘ng‘iroq qildim, lekin javobsiz. Har safar telefon jim tursa, yuragim biroz siqilib, g‘ashim kelardi. Ichimda g‘amli savollar girdobi — unga nima bo‘ldi? Nega javob bermayapti? Axir meni o‘ylamayapti-mi?…
Bu borada endi jim tura olmasdim. Yuragimda xavotir ildiz otgan sayin, har kuni unga yetib bormayotganim ichimni kemirardi. Nihoyat, bobosiga borib hammasini aytishga qaror qildim.
Taksiga o‘tirib, oynadan tashqariga qaraganimda, yo‘l chetidagi bir oilaga ko‘zim tushdi — ota, ona va ularning quvnoq bolasi... Ko‘zlarida beg‘ubor baxt, qo‘llarida bir-birini tutib borishardi. Ichimda nimadir uzilib tushgandek bo‘ldi. "Shunday oddiy baxt menga nega yiroq?" deb o‘ylab qo‘ydim.
O‘ylanib o‘tirganimcha, hayollarimga shu darajada g‘arq bo‘ldimki, manzilga yetib kelganimni ham sezmabman. Haydovchining "Yetib keldik" degan so‘zi bilan hushyor tortdim — yuragimda esa hali ham noaniqlik, xavotir bor.
Men hech nima demay, sekingina taksiga pulni uzatib, yuragimni bosgan og‘ir tuyg‘ular bilan uyga kirib ketdim. Ichkariga qadam qo‘yganimda, Jungkookning bobosi har doimgidek sokin holatda, choy ichib o‘tirgan edi. Unga qarab, yuragimni bosib, tez-tez yurib bordim.
— Salom bobo, yaxshimisiz? — dedim mayin ohangda.
Bobosi boshini ko‘tarib, menga mehr bilan jilmaydi:
— Yaxshiman, Shia qizim, o‘zing-chi? Yaxshimisan? Ha, aytgancha... Jungkook qani? U kelmadimi sen bilan?
Bu savol yuragimni yanada siqdi. Ko‘zlarimni bir lahza yumib, chuqur nafas oldim.
— Bobo, men ham aynan shu savol bilan keldim. U hali ham uyga qaytmadi...
Bobosi choyini qo‘yib, yuzidagi tabassum asta-sekin jiddiy ifodaga o‘zgardi. U nigohini menga qadab, bir muddat sukut saqladi. So‘ng ohista so‘z boshladi:
— Qaytmaganini aytyapsanmi? Bu gapdan keyin chuqur xo‘rsindi.
— Jungkook hech qachon bunchalik uzoq qolmasdi... Telefoni ham o‘chik deysanmi?
Men boshimni sekin qimirlatdim:
— Ha, qanchalik urinmay, unga bog‘lana olmadim... Meni eng tashvishlantirayotgan narsa – bu odatdagi safar emasdek. Yuragim g‘ash, bobo… yomon narsadan xavotirdaman.
Bobosi asta turdi, yurib deraza yoniga bordi. Tashqariga termilib, o‘yga toldi.
— Demak... bu o‘yin emas. Shia, meni yaxshilab eshit. Jungkook hozir qayerda bo‘lishi mumkinligini faqat ikkita odam biladi – Sunho va... men ishonmagan bir kishi bor. Agar bu ishda boshqa kuchlar aralashgan bo‘lsa, ularni topish oson bo‘lmaydi.
Men taajjub va qo‘rquv bilan:
— Boshqa kuchlar? Kimlar haqida gapiryapsiz?
U menga yuzlandi. Ko‘zlarida sinchkovlik va ehtiyotkorlik mujassam edi:
— Sen hozircha faqat sabr qil, men bir-ikki joyga odam yuboraman. Lekin Shia, bir narsani unutma… agar Jungkook qayerdadir yordamga muhtoj bo‘lsa, biz uni topamiz. Har qanday holatda ham.
Men bo‘g‘zimga tiqilgan yig‘ini yutib, sekin bosh irg‘adim.
— Iltimos, bobo... uni toping.
Derazadan tashqariga qarab, yuragimda umid bilan pichirlab qo‘ydim:
— Iltimos, Jungkook, qayerda bo‘lsang ham, qayt…
Shunday qilib men uyga qaytmadim... Uydagi sukunat hamon yuragimni g‘ijimlardi. Aveline ham ketgandi, men esa yolg‘iz qolgandim. Vaqt allaqachon 20:00 bo‘lgandi. Yuragimni g‘ash qilgan bir og‘irlik bilan telefonim jiringladi.
— Salom, bu kim? — dedim, yuragim tobora tez urib borar edi.
— Salom, siz Jeon Jungkookning turmush o‘rtog‘imisiz? — dedi notanish, sovuqqina ovoz.
Gap og‘zimda qotdi. Nafasim qisilib, zo‘rg‘a javob berdim:
— Ha… Ha, bu menman. Nima bo‘ldi? U qayerda?
Jimlik. So‘ng esa butun vujudimni muzlatib yuborgan so‘zlar yangradi:
— Sizga sabr tilaymiz... Biz uni... o‘lik holda topdik.
Nafasim to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Xonadagi hamma narsa aylana boshladi. Quvvatimni yo‘qotganimni his qilib, o‘tirgan joyimga cho‘kdim. Telefon qo‘limdan sirg‘alib yerga tushdi. Yuragim ichimda og‘ir portlagandek edi.
Fikrlarim chalkash, nafasim izdan chiqqan. Faqat bitta so‘z qulog‘imda doimiy jaranglar edi: o‘lik holda topdik...
Dafn marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Hammaning yuzida motam, ko‘zlarda esa sokin qayg‘u. Ammo men... men hali ham uning o‘lgani haqida o‘ylaganimda ichimni bir narsa titib o‘tardi. Yuragim buni qabul qilishni istamasdi. Go‘yoki hozir kirib keladigandek, ko‘zlarimga qarab kulib qo‘yadigandek edi.
Ammo haqiqat og‘riqli edi. U endi yo‘q.
Lekin... ichimda jim turmayotgan bitta savol meni kechayu kunduz tinch qo‘ymayapti: Uni kim o‘ldirdi? Nega? Bu oddiy baxtsiz hodisa emasligini yuragim sezardi.
Aytishlaricha, hech qanday dalil qolmagan. Go‘yoki uni ataylab shunday yo‘qotishgan. Politsiya ham, bobosi ham biror natijaga chiqa olmadi. Hamma aytgan gap bir xil edi: “Aniqlash imkonsiz.” Ammo bu javob menga yetarli emasdi.
U qadar beg‘am va sodda emasdi Jungkook. Uni o‘ldirgan odam... u shunchalik kuchli, shunchalik sirlimidi? Yoki... hammasi rejalashtirilganmi?
Men bu savollar bilan yashayman. Yashashim kerak. Chunki men unga va’da berganman — qanday bo‘lmasin, haqiqatni topaman. Uni kim o‘ldirganini bilmasam, yuragim hech qachon tinchlik topmaydi.
Uyda yolg‘iz o‘tirganimda, eshik tagiga bir konvert tushganini payqadim. Ustida hech qanday ism yo‘q edi — na kim yuborgani, na kimga atalgan. Ammo yuragim shuv etib ketdi. Ichini ochsam, faqat bitta jumla yozilgan:
“U hali ham tirik... qidirishni to‘xtatma.”
Qo‘llarim titradi. Bu hazil emas edi — bu aniq ogohlantirish yoki... ishora. Qanday qilib u tirik bo‘lishi mumkin? Dafn etdik-ku? Ammo yuragim... yuragim yana bir bor shoshilinch urishni boshladi. Umid. So‘nggi umid...
Ertasi kuni ertalab soat 6 da boboning uyiga bordim. U choy ichayotgan edi, har doimgidek vazmin va sovuqqon.
– Bobo... men sizdan bir narsa so‘ramoqchiman. Jungkook... dafn qilingan tanasi... uni siz ko‘rganmisiz?
Boboning qo‘li titrab ketdi. Ko‘zlarimga qaradi, lekin hech nima demadi. Jim qoldi. Bu jimlik meni qattiq qo‘rqitdi.
– Nega jimsiz? Tanani ko‘rganmisiz yo‘qmi?
– Yo‘q, – dedi u past ovozda. – Politsiya ham uni ko‘rmagan. Faqat tibbiy hujjatlar bor edi. Tanani yashirin ravishda dafn qilishdi... xavfsizlik sabab, deyishdi.
Bu gaplardan keyin hamma narsa joy-joyiga tushayotgandek bo‘ldi. Bu soxta dafn. Kimdir Jungkookni yashirayotgan edi. Yoki... u majburan yashiringan.
Shia pov:
Men bu o‘yinni tugatishga qaror qildim. Jungkook tirik bo‘lishi mumkin. Va men uni topaman. Kim meni to‘xtatmoqchi bo‘lsa, to‘xtatsin. Lekin yuragim noto‘g‘ri gapirmaydi. U tirik. Men buni his qilyapman. Va men u yerga — o‘sha joyga qaytaman. Oxirgi marta telefon signali o‘chgan o‘sha tog‘larga.