October 17

KOMPYUTER LINGVISTIKASI FANIDAN NOAN'ANAVIY DARS BO'LIB O'TDI.

Buxoro davlat universiteti Filologiya va tillarni oʻqitish: oʻzbek tili yoʻnalishi 2-bosqich talabalari uchun 2024-2025-oʻquv yili ta'lim dasturiga kiritilgan kompyuter lingvistikasi fani bizga berkitilgan professor oʻqituvchilardan biri boʻlgan Toirova Guli Ibragimovna tomonidan oʻrgatilib kelinmoqda. Komyuter lingvistikasi fani biz talabalar uchun juda muhim kelajak sohalaridan biri boʻlganligi sababli darslarning ma'ruza qismi ham amaliy qismi ham chuqur oʻrgatilishi barobarida amaliyotga ham tatbiq etilmoqda. Bu fanning universitetimizda joriy etilishi koʻpgina yutuqlar, shu sohada qilinadigan ilmiy ishlarga ochilgan yagona darcha boʻlib xizmat qilishi, shubhasizdir.

Bugun 14-oktabr kuni kompyuter lingvistikasi fanidan "Matnni qayta ishlash bosqichlari" ma'ruzasini ustoz Toirova Guli Ibragimovna noodatiy usulda dars jarayonlarini olib bordilar. Barcha talabalarga matnni qayta ishlashda qilinadigan ishlar ketma-ketligi kabi masalalarga alohida toʻxtalib, oʻquvchilar darsni qay darajada oʻrganib olganliklari ham soʻraldi. Shu bilan birga "Bilar edim, bilib oldim, bilmoqchiman " metodi qoʻllanildi. Toirova Guli Ibragimovna aynan shu soha boʻyicha bir nechta darsliklar, qoʻllanmalar, video darslar muallifi Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot universiteti professor oʻqituvchisi Manzura Abjalova bilan jonli onlayn muloqot hamda ustozning matnni qayta ishlash bosqichlari mavzusiga doir ovozli videorolik talabalarga taqdim etildi. Biz videorolikdan matnni qayta ishlash bosqichlari necha bosqichdan iborat ekanligi, oʻzbek tili korpusida kimlar shu mavzu bilan ishlaganligi haqida bilib oldik. Qosimova Farzona, Xayriddinova Safiya, Ahmadova Sarvinoz, Badriddinova Madina singari talaba qizlar videorolikdan oʻzlari uchun mavhum qolgan savollarni onlayn muloqot jarayonida berishdi. Manzura Abjalova tomonidan tushunilmagan savollarga toʻliq va yetarlicha javob berildi. Bugungi kompyuter lingvistikasi ma'ruza darsimiz qiziqarli oʻtdi. Darsni bu tarzda tashkillashtirishga oʻz mehnatini ayamagan oʻzbek tilshunosligi va jurnalistikasi professor oʻqituvchisi Toirova Guli Ibragimovnaga alohida minnatdorchilik bildiramiz.