February 13, 2025

AJDODLARIMIZ MUTAFAKKIRLAR BO‘LISHGAN


Beqiyos shoir va mutafakkir, atoqli davlat hamda jamoat arbobi hazrat mir Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon madaniyati tarixida, milliy tilimiz va adabiyotimiz, shuningdek, adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadi. Mutafakkir shoir oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi-yu latofati bilan namoyon eta oldiki, bu orqali yer yuzidagi millionlab o‘quvchi-kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egalladi.
Shuningdek, o‘zbek adabiyoti tarixida muhim o‘rin tutgan siymolardan biri mutafakkir shoir, tarixnavis va davlat arbobi, markazlashgan boburiylar saltanati asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi yurtimizda keng nishonlanmoqda. Tom ma’noda, har yili fevral oyida shu ikki mutafakkirning tavallud ayyomlari yurtimizda bayram qilinadi.
Joriy yilning 12-fevralida Buxoro shahridagi soliq texnikumida ulugʻ mutafakkir, jamoat arbobi, nazm mulkining sultoni Mir Alisher Navoiyning 584 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bagʻishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Buxoro davlat universiteti filologiya fakulteti o‘zbek tilshunosligi va jurnalistika kafedrasi professorlari Abuzalova Mehriniso Qodirovna hamda Yuldasheva Dilorom Nigmatovnalar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan ustozlarimiz mutafakkir shoirlarimizning til ilmiga qo‘shgan hissalari haqida qimmatli ma’lumotlar berishdi. Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg‘usi ham bizning ong-u shuurimiz, yuragimizga, avvalo, hazrat Navoiy, dilbar shoit Bobur asarlari bilan kirib kelgan, desak, xato bo'lmaydi. Mazkur bebaho meroslardan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik ko‘p bahramand etsak, milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma’rifiy muhofazaga ega bo‘lamiz.
Tadbir davomida texnikum talabalari hazrat mir Alisher Navoiy g‘azallaridan, mutafakkir shoir Zahiriddin Muhammad Bodur ruboiylaridan yod o‘qishdi. Yod o‘qilgan lirik meros namunalari mazmuni sharhlandi.
Tadbir yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.