May 24

Taqdir o'yini 2-qism

Bu paytda esa Jimin klubdagi kabinetida jahldan jim o‘tirardi.

— Hali topolmadinglarmi?

Uning ovozi past chiqdi. Ammo shu past ohangning o‘zi qo‘riqchilarni titratishga yetardi.

— Boss... qiz klubdan erta tongda chiqib ketgan. Kameralarda yuzi aniq tushmagan.

Jiminning jag‘i taranglashdi.

— Mashinalarni tekshirdinglarmi?

— Ha.

— Unda nega hali ham uning kimligini bilmaysizlar?

Xonadagi havo og‘irlashib ketdi. Hech kim boshini ko‘tarishga jur’at qilmasdi. Jimin stol ustidagi sigaretni qattiq bosib o‘chirdi. Negadir bu qiz uni tinch qo‘ymayotgandi..O‘sha qo‘rquvga to‘la ko‘zlar qayta-qayta xayoliga kelardi.

— Toping uni.— dedi u sovuq ohangda. — Shaharni ag‘darib tashlasangiz ham topasizlar.

Qo‘riqchilar darhol chiqib ketishdi. Jimin esa oynaga qarab qoldi. Birinchi marta kimdir undan qochib yashirinayotgandi. Bu esa uning ichidagi qorong‘i obsesiyani yanada kuchaytirayotgandi.

Bir oy. To‘liq bir oy davomida Ella shaharning chekkasidagi eski, sovuq uyda yashirinib yashadi. Uydagi devorlar namlangan, derazalari siniq edi. Lekin Ella uchun bu joy baribir xavfsizroq tuyulardi. Chunki bu yerda hech kim unga jirkanch nigoh tashlamasdi. Hech kim uni muhokama qilmasdi. Ammo hayot uni yana sindirdi. So‘nggi kunlarda ko‘ngli aynib, boshi aylanishi ko‘paygach, qo‘rqib dorixonadan test oldi. Va hozir hamon qo‘lida ushlab turgan o‘sha ikki qizil chiziqqa ishonolmayotgandi.

Ellaning oyoqlari bo‘shashib karavot yoniga o‘tirib qoldi. Ko‘zlaridan yosh jim oqardi.

— Yo‘q...

U hatto o‘sha erkakni ham tanimasdi. Faqat xira nigohlar, qorong‘i xona va sovuq ovoz yodida qolgan edi xolos. Bu esa hammasidan battarroq edi. Ella qo‘lini qorniga qo‘yib yig‘lab yubordi. Shu payt eski telefoni jiringladi. Ekranda bitta ism yonardi: Dadam.

Qizning yuragi muzlab ketdi. U titroq qo‘llari bilan qo‘ng‘iroqqa javob berdi.

— Ella.

Janob Kimning ovozi odatdagidan sovuqroq edi.

— Men uyga qaytdim.

Ellaning nafasi tiqildi.

— D-dada men...

— Hozir uyga kel.

Qisqa gap va aloqa uzildi. Ella telefonni asta tushirdi. Otasi hammasini bilib bo‘lganini sezgandi va endi uni uyda nima kutayotganini tasavvur qilishdan qo‘rqardi.

Uy eshigi ochilishi bilan Ellaning yuragi qattiq urib ketdi. Bu uy unga oldingidan ham sovuqroq tuyulardi. Mehmonxona o‘rtasida janob Kim turardi. Uning yuzida g‘azab va hafsalasi pir bo‘lgan ifoda aralashib ketgandi.

Janob Kim

Yon tomonda esa Yuna bilan onasi turar, go‘yo uzoq kutilgan tomoshani kutayotgandek qarab turishardi. Ella sekin boshini egdi.

— Dada men...

— Jim.

Janob Kimning keskin ovozi qizni seskantirdi.

— Bir oy qayerda yuribsan?

Ella gapirishga urindi, lekin tomog‘iga nimadir tiqilib qolgandek edi. Shu payt Yuna birdan oldinga yurib, Ellaning sumkasini qo‘lidan tortib oldi.

— Yuna, qaytar!

Ammo Yuna allaqachon sumkani titkilay boshlagandi. Bir necha soniyadan keyin esa qo‘lida kichik oq narsani ushlab qotib qoldi. Homiladorlik testi.

Yunaning ko‘zlari birdan chaqnab ketdi. Go‘yo kutganidan ham yaxshi imkoniyat topgandek.

— Voy...Demak gap shunga kelib taqalgan ekan-da? Bekorga bir oy yo'q bo'lib ketmagansan.

Ella oqarib ketdi.

— Yo‘q... unday emas...

— Unday emasmi? - Yuna keskin kuldi. So‘ng testni otasiga ko‘rsatdi.

— Ota, ko‘chadagi bir erkakdan bola orttirib olibdi. Sizni sharmanda qildi. Biror tanish erkak bo'lsa ham mayli, ko'chadagi duch kelgan gadoydan orttirgan.

Yuna

Janob Kimning yuzi birdan o‘zgarib ketdi.

— Ella...

Uning ovozida ishonchsizlik bor edi. Ella ko‘z yoshlarini tiyolmay bosh chayqadi.

— Dada iltimos meni eshiting...

— Kim u?

Savol xuddi pichoqdek tegdi. Ella jim qoldi. Chunki u bilmasdi. Haqiqatan ham bilmasdi. Bu jimlik esa vaziyatni yanada yomonlashtirdi. Yuna past kuldi.

— Qarang. O‘zi ham kimligini bilmaydi. Menimcha juda ko'pchilik bilan bo'lgansan.

Shu payt janob Kimning sabri tugadi. U stolga qattiq urdi.

— Yetar!

Ella qo‘rqib ketdi. Otasi bir necha soniya unga tikilib turdi. So‘ng yuzini boshqa tomonga burdi. Va aynan o‘sha lahza Ella birinchi marta otasining ko‘zida hafsalasi butunlay singanini ko‘rdi.

— Bu uydan chiqib ket.

Janob Kimning sovuq ovozi Ellaning yuragini parchalab yubordi.

— Dada iltimos...

— Men seni boshqa ko‘rishni xohlamayman. Onang yo'qligi sabab shunday betarbiya bo'lib ulg'aydingmi?

Yuna ortda turib sekin kulardi. Uning ko‘zlarida g‘alaba bor edi. Ella yig‘lab bosh chayqadi.

— Men yomon qiz emasman...

Lekin hech kim uni tinglamadi. Oradan ko‘p o‘tmay Ella kichkina sumkasi bilan uydan chiqib ketdi. Eshik ortidan yopilgan zahoti yomg‘ir kuchayib yog‘a boshladi.

Qiz yo‘l chetida qotib qoldi. Sochlari va kiyimlari bir necha soniyada ivib ketdi. Ko‘chadagi chiroqlar yomg‘ir tomchilari orasida xira ko‘rinardi. Ella endi butunlay yolg‘iz edi. Na uy, na himoya, na ishonadigan odam qolmagandi. U asta yo‘l bo‘ylab yurishni boshladi. Qo‘llari titrar, ko‘zidan yosh yomg‘ir bilan aralashib ketardi.

Ella

Shu payt qora mashina sekin uning yonida to‘xtadi. Ella cho‘chib ortga qaradi. Mashina eshigi ochildi. Qora kiyimdagi ikki erkak tushdi.

— Miss Ella?

Qizning yuragi bir urishga to‘xtagandek bo‘ldi.

— Boss sizni izlayapti.

Ella bir necha soniya ularga tikilib qoldi. So‘ng birdan ortga tisarilib ketdi. Ichidagi qo‘rquv yana uyg‘ongandi. O‘sha tun. Qorong‘i xona. Begona erkakning sovuq qo‘llari.

— Yo‘q...

U birdan yugurib ketdi.

— To‘xtang!

Qo‘riqchilar ortidan yugurishdi. Ella esa yomg‘ir ostida ko‘cha bo‘ylab qochardi. Nafasi bo‘g‘ilib, oyoqlari holdan toygan bo‘lsa ham to‘xtamadi. Chunki u bitta narsaga ishonardi: Agar o‘sha odam uni topsa… hayoti yanada qorong‘ilashadi.

Ella qorong‘i tor ko‘chalardan biriga kirib yashirindi. Nafasi bo‘g‘ilib ketgandi. Yomg‘ir suviga belanib, devorga suyangancha og‘zini qo‘li bilan yopdi.

Qo‘riqchilarning qadam tovushlari yaqinlashdi.

— Bu tarafga yugurgandi!

Ella ko‘zini mahkam yumdi. Yuragi shu qadar qattiq urardiki, ular eshitib qoladigandek tuyulardi.

Bir necha daqiqadan keyin esa tovushlar uzoqlasha boshladi. Qiz asta tiz cho‘kib qoldi. U yana qochishga ulgurgandi. Ammo boshqa tomonda vaziyat butunlay boshqacha edi.

Jimin kabinetida sovuq nigoh bilan qo‘riqchilarga qarab turardi.

— Yana yo‘qotdinglarmi?

Hech kim javob berishga jur’at qilolmadi. Xona ichidagi bosim og‘irlashib borardi. Oxiri bittasi past ovozda gapirdi:

— Kechirasiz, boss...

Jimin keskin kulib yubordi. Lekin bu kulgida zarracha quvonch yo‘q edi.

— Bir qizni topolmaysizlar-u, o‘zingizni qo‘riqchi deysizlarmi?

Uning jahli kundan-kunga kuchayib borayotgandi. Eng yomoni — u o‘sha qiz haqida deyarli hech narsa bilmasdi.

Ella bir necha kun davomida yashirinib yurdi. Ammo u bitta narsani tushunib ulgurgandi — bu shaharda qolish xavfli edi. Yuna uni yo‘q qilishga tayyor edi. Otasi undan yuz o‘girgan. Va endi noma’lum, bir odam uni qidirmoqda.

Ella har safar qora mashina ko‘rsa yuragi muzlab ketardi. Oxiri u eski dugonasi Mina bilan bog‘landi.

Mina Ellaning ahvolini ko‘rib dahshatga tushdi.

— Sen bu yerda qola olmaysan... — dedi u past ovozda. — Ular seni topadi.

Mina

Ella boshini egdi.

— Menda pul yo‘q...

Mina bir necha soniya jim qoldi. So‘ng bank kartasini stol ustiga qo‘ydi.

— Qarz deb hisobla. Bu yerdan ket. Balki... bolani oldirarsan? U bilan qiynalib qolmaysanmi?

— Yo'q! Aslo! U begunoh. Men bunday qilolmayman.

Ellaning ko‘zlariga yosh to‘ldi. Oradan ikki kun o‘tib, u aeroportda turardi. Qo‘lida kichkina chamadon. Yuragida esa qo‘rquv va aybdorlik. U qorniga sekin qo‘lini qo‘ydi.

— Faqat biroz sabr qil... bu yerlardan ketamiz...

Samolyotga chiqishdan oldin Ella ortiga bir marta qaradi. Bu shahar unga faqat og‘riq bergandi. Va u ichida bitta umid bilan ketayotgandi:
balki boshqa davlatda hammasini unutishga muvaffaq bo‘lar.

London osmoni kulrang edi. Mayin yomg‘ir tomchilari aeroport oynalariga urilar, odamlar esa shoshilib o‘tib ketardi.

Ella esa begona shahar o‘rtasida chamadonini mahkam ushlagancha turardi. Bu yerda uni hech kim tanimasdi. Va aynan shuni xohlardi. Lekin yangi hayot boshlash oson emasdi.

Yonidagi pul juda kam edi. Mina yuborgan qarz uzoqqa yetmasligini Ella yaxshi bilardi. Shu sabab u arzon hostellardan biriga joylashdi. Xona tor, sovuq va begona hidga to‘la edi, ammo hech bo‘lmasa xavfsiz edi. Keyingi kunlardan boshlab Ella ish qidira boshladi. U kafelarga kirdi. Do‘konlarga rezyume qoldirdi. Restoranlarga murojaat qildi. Ammo hamma joyda bir xil savol berishardi:

— Tajribangiz bormi?
Yoki:
— Doimiy hujjatlaringiz-chi?

Ella esa har safar muloyim jilmayishga urinardi. Homiladorlik esa kundan-kunga sezila boshlayotgandi. Ba’zida ish qidirib yurib birdan boshi aylanib ketardi. Lekin u to‘xtay olmasdi.

Bir kuni kechqurun u kichkina nonvoyxona oynasi oldida to‘xtadi. Eshikda yozuv osilib turardi:

"Yordamchi kerak."

Ella sekin ichkariga kirdi. Issiq non hidi butun joyni to‘ldirgandi.
Va uzoq vaqt ichida birinchi marta uning yuragida juda kichik bo‘lsa ham umid paydo bo‘ldi.