BOSHQARMA HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PF-4954-son “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2776-son O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi faoliyatlarini tashkil etish to‘g‘risidagi qaroriga asosan tashkil topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 2019-yil 1-fevraldagi PF-5647-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi etib qayta nomlangan holda Transport vazirligi tarkibiga o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xo‘jaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 9-dekabrdagi PF-5890-son Farmoni hamda “Yo‘l sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 9-dekabrdagi PQ-4545-son qarorlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi avtomobil yo‘llari sohasida maxsus vakolatli organ bo‘lib, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha ishlarning yagona buyurtmachisi hisoblanadi.
Qo‘mita zimmasiga “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan vazifalar bilan bir qatorda quyidagilar bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatildi: umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari tarmog‘ini tegishli holatda saqlash va rivojlantirish, ularning o‘tkazish qobiliyatini oshirish, avtomobil yo‘llari foydalanuvchilariga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash, shuningdek, yo‘l va yo‘l bo‘yi servis ob’ektlarini rivojlantirishni muvofiqlashtirish;
– xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokida, shuningdek, donorlar mablag‘larini jalb qilgan holda yo‘l qurilishi sohasida loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish;
– tarmoqqa investitsiyalarni, eng avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va moliyalashtirishning muqobil manbalarini, shu jumladan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish orqali izlash.