August 20, 2021

Para atletlarimiz Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga tantanali kuzatib qo‘yildi

Xabaringiz bor, shu yil 24 avgustdan 5 sentyabrga qadar Yaponiya poytaxti Tokio shahrida XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Bugun O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasida mamlakatimiz delegatsiyasini Tokio shahriga tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, keng sport jamoatchiligi, sportchilar va ularning ota-onalari, murabbiylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Marosimni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T.Norboeva ochib berdi hamda Tokioda bo‘lib o‘tadigan XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarga omad va zafarlar tilagan holda ularni xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlash uchun bor mahoratlarini ishga solishga chaqirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov esa sportchilarga yozgi Paralimpiya o‘yinlarida kuch-quvvat tilab, muhtaram Prezidentimiz hamda millionlab muxlislarimiz ulardan yorqin g‘alabalar kutayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

Shu bilan birga, Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari hukumatimiz tomonidan xuddi olimpiyachilar qanday mukofotlangan bo‘lsa, shu zaylda taqdirlanishini ham ma’qul qildi. Ya’ni, Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan sportchilar 200 ming, kumush medal sohiblari 100 ming hamda bronza medali egalari 50 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofotlariga sazovor bo‘lishi ma’lum qilindi. Bu esa sportchilarimizni bo‘lajak musobaqalar oldidan o‘ziga xos tarzda ruhlantirishiga shubha yo‘q.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T.Norboeva hamda Bosh vazir A.Aripov tomonidan davlat bayrog‘i Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjaevga tantanali ravishda topshirildi.

Marosimda so‘z olgan sportchilar – Muhammad Rexsimov va Shaxnoza Mirzaeva Paralimpiya harakatiga qaratayotgan yuksak e’tibori uchun barcha paralimpiya sportchilari nomidan yurtboshimizga o‘z minnatdorliklarini izhor qilishdi va O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligiga munosib tuhfa bilan qaytishlariga tilak bildirishdi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov duoga qo‘l ochib, Tokioga yo‘l olayotgan delegatsiyamiz vakillariga oq yo‘l tiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston sport delegatsiyasi Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga 55 ta yo‘llanma qo‘lga kiritgan.

Turizm va sport vazirligi
Matbuot xizmati