MA BELLE FOLIE 😈 Episode 11
Yujin uning koʻzlaridagi oʻsha muzlikni koʻrib, ichida qandaydir daxshatli boʻshliq paydo boʻlganini his qildi. U Taehyung bilan yangi hayot boshlashni, oʻz ichidagi jinlarni oʻldirib, unga faqat toza tuygʻularini berishni istab kelgandi. Ammo hozir qarshisida turgan Taehyung uning qutqaruvchisi emas, balki qatl qiluvchisiga oʻxshardi.
— Nega indamaysan? — dedi Taehyung ohasta qadamlar bilan uning roʻparasiga kelib. Uning ovozi shunchalar past va sovuq ediki, xonadagi harorat bir soniyada tushib ketgandek boʻldi. — Savolimga javob bermading, Yujin. Nimadir boʻldimi, deb soʻrayapsanmi hali?
Taehyung uning boʻynidagi qora nafis ipak roʻmolga nafrat bilan tikildi. Lab chetida achchiq ishtaha va istehzo paydo boʻldi.
— Bugun juda chiroyli kiyinibsan... Ayniqsa bu roʻmol boʻyningga juda yarashibdi. Aytsang-chi, buni kim uchun bogʻlading? Navbatdagi oʻljang, navbatdagi boyvachcha hamkoring uchunmi? Yoki mening soddaligim ustidan kulish uchunmi?
Yujin gap nimaligini tushunolmay, bir qadam orqaga chekindi. Uning koʻzlari hayrat va ogʻriqdan katta-katta ochildi:
— Taehyung... Nimalar deyapsan? Men shunchaki hujjatlarni olib kelgandim...
— Hujjatlar?! — Taehyung birdaniga stolga qattiq urdi. Shovqindan Yujin titrab ketdi. — Menga oʻgʻrincha qarab, oʻzingni maʼsuma qizdek koʻrsatishni bas qil! Men hammasini bildim, Yujin. Sening oʻsha daho manipulyator ekanligingni, meni qadam-baqadam oʻz tuzogʻingga qanday ilintirganingni... Hammasini!
Taehyung uning yuziga yaqinlashdi. Uning koʻzlarida kecha otasidan eshitgan gʻazab va daxshatli shubhalar olovi yonardi. U Yujinning koʻzlaridagi haqiqiy ogʻriqni koʻrolmaydigan darajada koʻr boʻlib qolgandi.
— Otang haq edi... — dedi Taehyung pichirlab, har bir soʻzni qizning qalbiga mixdek qoqqancha. — Sen xuddi onang kabi fohishasan. Faqat bitta farqing bor — sen buni daho manipulyator niqobi ostida, biznes shartnomalari bilan qilyapsan. Meni sevgimdan foydalanib, kompaniyamni choʻqqiga olib chiqding. Endi esa mendan tezroq qutulib, fransuzlar bilan yangi oʻyin boshlamoqchimisan? Mendan foydalanib boʻldingmi?!
Bu soʻzlar... Yujinning qulogʻiga otasining oʻsha yertoʻladagi daxshatli ovozi boʻlib eshitildi: *"Mitti fohisha..."*
Uning zoʻrgʻa yigʻib olgan ruhiyati, tuzalishga boʻlgan soʻnggi umidlari va Taehyungga boʻlgan cheksiz sevgisi ayni shu soniyada chil-chil sindi. Uning koʻzlaridan chidab boʻlmas ogʻriq yoshlari quyilib keldi.
— Yoʻq... Yoʻq, Taehyung, unday emas! — Yujin yigʻlagancha unga yaqinlashdi, uning qoʻllaridan tutmoqchi boʻldi. — Iltimos, eshit meni... Men seni aldamoqchi emasdim. Men rostdan ham oʻzgarmoqchi edim... Men senga...
— Qoʻlingni tort! — deya Taehyung uni jahl va nafrat bilan oʻzidan siltab tashladi.
Siltash kuchi shu qadar kuchli ediki, dori taʼsirida darmonsiz boʻlgan Yujin muvozanatni yoʻqotib, polga qattiq yiqildi. Yiqilish asnosida uning yelkasidan sirgʻalib, boʻynidagi qora ipak roʻmoli ham polga sirgʻalib tushdi.
Xonaga daxshatli sokinlik choʻkdi.
Taehyung gʻazab bilan yerda yotgan qizga baqirmoqchi boʻldi-yu, ammo uning boʻynini koʻrib, soʻzi boʻgʻzida qoldi.
Yujinning qoradek oppoq terisida, kechagi oʻsha daxshatli xurujdan qolgan, binafsha va koʻk rangga boʻyalgan shafqatsiz barmoq izlari aniq koʻrinib turardi. Bu kimdir uni boʻgʻib oʻldirmoqchi boʻlganining yaqqol isboti edi.
Taehyungning koʻzlari hayratdan qotib qoldi. U bir soniya oʻz gʻazabini unutib, yerda yotgan qizning boʻynidagi jarohatlarga tikildi. U buni kim qilganini bilmasdi, lekin qizning kechagi kasalxonadagi holatidan butunlay bexabar boʻlgani uchun, miyasiga kelgan ilk daxshatli fikr uni battar aqldan ozdirdi: *"Kim bilan boʻlding kecha? Kim seni bu ahvolga soldi?"*
Ammo u bu savolni berishga oʻz gʻururini yoʻl qoʻymadi. Ichidagi nafrat uning koʻzlarini butunlay koʻr qilgan edi.
— Menga oʻzingni jabrdiyda qilib koʻrsatma, — dedi Taehyung ovozini yanada sovuqlashtirib, yerda yotgan Yujinga tepadan qararkan. — Bu sahnalaring menga taʼsir qilmaydi. Sen bilan barcha hamkorligimiz tugadi. Hujjatlarni qoldir-da, hayotimdan butunlay yoʻqol. Men uchun sen endi hech kimsan, Park Yujin...
Yujin yerda oʻtirgancha, sochlari yuziga tushgan koʻyi qotib qoldi. Boʻynidagi ogʻriq ham, tizzasining tirnalgani ham hozir unga sezilmasdi. Uning qalbida yashayotgan oʻsha 12 yoshli mitti qizcha uning ongi ichida daxshatli ovozda kulib yubordi:
"Koʻrdingmi? Men senga aytgandim... Sen hech kimga kerak emassan. Sen daho emassan, sen shunchaki men kabi baxtsiz maxluqsan..."
Yujin hayotida ilk bor oʻzgarishni xohlagandi. U birinchi marta kimgadir ishonishni va sevilishni istagandi. Ammo u eng ishongan insonidan, oʻz hayotini bagʻishlamoqchi boʻlgan Taehyungidan otasining oʻsha daxshatli soʻzlarini eshitdi.
Yujin polga yiqilgancha qotib qoldi, biroq xonadagi daxshatli sukunat uzoqqa cho'zilmadi. To'satdan u Taehyungning ro'parasida, uning yonigina turgan o'sha daxshatli qiyofasini – o'zining o'n ikki yoshli xira soyasini ko'rdi.
Mitti qizcha xuddi Taehyungning himoyachisidek unga zaharxandalik bilan bir qarab oldi-da, sekin Yujinning yoniga qadam bosib keldi. U egilib, Yujinning qulog'iga yaqinlashdi va muzdek nafas bilan shivirladi:
— Senga nima degandim, fohisha?
Bu so'z Yujinning miyasida bomba kabi portladi. Uning ko'zlari daxshatdan katta-katta ochilib ketdi. U o'zini butunlay yo'qotib, quloqlarini qo'llari bilan mahkam berkitgancha bor ovozi bilan baqirib yubordi. Uning nafas olishi soniyalar ichida tezlashdi, ko'kragi tez-tez ko'tarilib-tushar, tomiridagi qon muzlab borardi.
Bu haqiqiy, daxshatli panik xuruj va ruhiyatning butunlay chil-chil bo'lish lahzasi edi.
— Yo'q! Yo'q! Men onamga o'xshamayman! Yo'q! — deya o'shqirardi u o'zini himoya qilgandek yerda to'lg'onib.
U aqldan ozgandek o'z sochlarini changallab yulqir, tartibsiz ravishda yuz-ko'zlarini, kiyimlarini to'zg'itib tashlayotgandi. Uning qarshisida na Taehyung bor edi, na o'sha hashamatli kabinet — u butunlay o'z ongining qorong'u, qonli yerto'lasiga g'arq bo'lgandi.
Taehyung esa dastlab bu daxshatli sahnani kuzatarkan, uni shunchaki o'zini oqlash va o'yindan qutulish uchun qilinayotgan navbatdagi manipulyatsiya deb o'yladi. Uning yuzidagi muzlik saqlanib turgan bo'lsa-da, ichidan g'alati bir xavotir o'tdi. Ammo g'ururi ustunlik qilib, nafrat bilan baqirdi:
— Rol o'ynashni bas qil, Yujin! Bu teatring menga o'tmaydi!
Ayni shu lahzada qabulxonada kutib turgan Mingyu eshik ortidan Yujinning o'sha daxshatli, inson ovoziga o'xshamaydigan faryodini eshitdi. U bir soniya ham ikkilanmay eshikni shartta ochib, ichkariga otilib kirdi.
U ko'rgan manzara har qanday odamning yuragini to'xtatib qo'yadigan darajada daxshatli edi: Yujin yerda o'zini o'zi timdalab, sochlarini yulib, bor ovozi bilan baqirgancha talvasada yotar, ko'zlaridan yosh o'rniga daxshat to'kilayotgandi.
— Yujin! — Mingyu aqldan ozgudek baqirib, yerga otildi.
U Yujinning o'zini yaralayotgan, titrayotgan qo'llarini zo'rg'a, bor kuchi bilan ushladi va uni o'z bag'riga mahkam bosdi. U qizning boshi va yuzini quchoqlagancha, ko'zlaridan yosh quyilib yig'lab yubordi:
— Iltimos, Jinnie... Iltimos, tinchlan! Men yoningdaman, o'tib ketdi... Tinchlan, iltimos! Sen onangga o'xshamaysan, Jinnie, iltimos, o'zingni qiynama... — deya baqirib yig'lardi Mingyu, uning ovozi daxshatli xonada aks sado berardi.
U Yujinni to'xtatish uchun uni bor vujudi bilan qisib, jahl bilan o'ziga tortdi. Ammo Yujin umuman to'xtamas, uning bu dunyoda emasligi ko'zlaridan yaqqol ko'rinib turardi. U Mingyuning bitta ham so'zini eshitmas, go'yo o'sha 12 yoshli qiyofa va otasining so'zlari uning butun ongidagi eshitish qobiliyatini o'chirib qo'ygandek edi. U faqat bitta gapni takrorlar va o'zini har tomonga otib, qichqirishda davom etardi:
— Yo'q... Men onamga o'xshamayman! Yo'q!
Bu haqiqiy psixikaning butunlay yemirilishi, daho kutyure Park Yujinning "Mening go'zal jinniligim" — MA BELLE FOLIE girdobiga tamoman yutilishi edi. Taehyung esa yerda bir-birini quchoqlab faryod chekayotgan ikki do'stga qarab, qo'llari titray boshlaganini va ichidagi o'sha sovuq ishonchning bir cheti sekin yemirilayotganini seza boshladi.
Mingyu yerda talvasaga tushgan Yujinni bor kuchi bilan ushlab turarkan, ufqini yoʻqotgandek dovdirab qolgan Taehyungga qarab bor ovozi bilan baqirdi:
— Janob Kim! Iltimos... Telefonimni oling! Tezda shifokor Haesooga qoʻngʻiroq qilib bering, iltimos! Shu raqamni toping!
Taehyung nima boʻlayotganini anglashga ulgurmay, tomogʻiga nimadir tiqilgandek yutindi. U Yujinning mana shu daxshatli va ayanchli holati shunchaki oʻyin emasligini endi butun vujudi bilan his qila boshlagandi. U shoshib yerga tizzaladi va Mingyuning choʻntagidan telefonni olib, kontaktlar orasidan shifokor Haesooning raqamini qidirdi va titrayotgan barmoqlari bilan qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Telefon karnayini yoqib, Mingyuning yoniga qoʻydi.
Goʻshak koʻtarilishi bilan shifokor Haesoo xonimning xotirjam ovozi eshitildi:
— Eshitaman, Mingyu?
— Haesoo xonim! — Mingyu yigʻlagancha, nafas olishga qiynalib vaziyatni tushuntira boshladi. — Jinnining ahvoli... Jinnining ahvoli daxshatli darajada yomon! Xuruj boshlandi! U oʻzini boshqarolmayapti, oʻz-oʻziga zarar yetkazmoqda, sochlarini yulib, oʻzini timdalayapti! Iltimos, yordam bering!
Haesoo xonim vaziyat oʻta jiddiyligini eshitib, bir soniyada shoshib qoldi. Biroq tajribali psixiatr sifatida darhol oʻzini qoʻlga olib, keskin buyruq berdi:
— Mingyu, eshit meni! Uni qoʻyib yuborma. Hozir uning koʻzlarini mahkam berkit va quloqlariga faqat oʻz ovozingni eshittir. Uni oʻtmishdagi oʻsha yertoʻla xotiralaridan uzib olishimiz kerak! Uni qattiq quchoqla, jismoniy ogʻriq bera koʻrma va qulogʻiga tinmay oʻsha bogʻcha xotirasini, uni qanday qutqarganingni shivirlayver! U seni ovozingni tanishi shart! U tinchlanishi bilan uni darhol, tezda mening huzurimga olib kel!
Aloqa uzildi.
Mingyu telefonni otib yuborib, yigʻidan qizargan koʻzlari bilan Yujinga qaradi:
— Jinnie... Iltimos, unday qilma. Men shu yerdaman...
U shifokor aytgan usulni bajarishga kirishdi. Mingyu Yujinning yuzini oʻz koʻksiga yashirib, uning daxshat toʻla koʻzlarini oʻz kaftlari bilan mahkam berkitdi. Quloqlarini ham toʻsib, uning baqirayotgan ovozini boʻgʻishga urindi va eng yaqin masofadan, toʻgʻri qulogʻiga tinmay pichirlay boshladi:
— Jinnie, eshityapsanmi? Bu men, Minnie... Oʻsha bogʻchani esla. Oʻshanda ham seni hamma xafa qilganida men seni himoya qilgandim-ku. Hech kim yoʻq u yerda. Onang ham, otang ham yoʻq. Faqat men borman. Sen juda goʻzalsan, sen onangga oʻxshamasligingni butun dunyo biladi... Men seni hech kimga berib qoʻymayman, eshityapsanmi, Jinnie...
Mingyu yigʻlab, titrab, qizning peshonasidan oʻpgancha shu gaplarni takrorlayverdi, takrorlayverdi. Uning bu cheksiz va begʻaraz mehri, ovozidagi tanish tuygʻu Yujinning ong ostidagi qorongʻu zanjirlarni sekin-asta uza boshladi.
Oradan bir necha daxshatli daqiqalar oʻtgach, Yujinning har tomonga otilayotgan jussasi asabiy titroqlar bilan soʻna boshladi. Uning baqirishi toʻxtab, faqatgina ohasta, darmonsiz yigʻi va hansirash qoldi. U gʻujnak boʻlib, Mingyuning bagʻriga butunlay singib ketdi. U tinchlangandi, ammo bu tinchlik tirik odamning emas, ruhan oʻlgan insonning sukunatiga oʻxshardi.
Taehyung esa qoʻlidagi telefon bilan hamon yerda tizzalagancha, koʻzlarida ulkan shok va dahshat bilan bu sahnani kuzatib turardi. U oʻzi aytgan har bir gap naqadar dahshatli qotillik ekanini endi anglay boshlagan edi...
Mingyu Yujinning tanasi butunlay boʻshashib, xuruj asta-sekin chekinganini his qilgach, uni ohista bagʻridan chiqardi. Yerda yotgan telefonini olib, qoʻllari titragancha choʻntagiga soldi. Uning yuzida boyagi qoʻrquv oʻrnini endi Taehyungga nisbatan cheksiz gʻazab va nafrat egallagan edi.
Mingyu qaddini rostlab, yerda tizzalagan koʻyi shok holatida qotib qolgan Taehyungga oʻtkir va qatʼiy nigohlarini qadadi. Uning ovozi garchi past boʻlsa-da, xonadagi har qanday baqiriqdan koʻra vazminroq va daxshatliroq jarangladi:
— Janob Kim... Unga nima deganingizni, qalbini qanday tilka-pora qilganingizni bilmayman, — dedi Mingyu tishlarini gʻijimlab. — Lekin sizga soʻnggi ogohlantirishim: unga boshqa umuman yaqinlashmang! U yomon qiz emas... Aslo siz oʻylagandek boʻlmagan. Siz uning qanday jahannamdan oʻtib, shu yerga yetib kelganini tasavvur ham qilolmaysiz.
Mingyu shunday dedi-da, yerda yotgan oʻz kostyumini olib, hushsizdek darmonsiz yotgan Yujinning ustiga ehtiyotkorlik bilan yopdi. Goʻyo uni bu dunyoning barcha iflosliklaridan, hatto Taehyungning nigohlaridan ham himoya qilmoqchi boʻlgandek, uni avaylab, xuddi xristal shishadek qoʻllariga koʻtardi.
Mingyu Yujinni bagʻriga bosgancha, ortiga qayrilib ham qaramasdan, shaxdam qadamlar bilan kabinetni tark etdi. Eshik ularning ortidan qattiq yopildi.
Keng va hashamatli kabinetda esa gʻaribona bir sukunat choʻkdi. Taehyung hamon pol toʻshamasida, tizzalagan koʻyi qotib oʻtirardi. Uning nigohi Yujin yiqilgan, ipak roʻmol tushib qolgan boʻsh yerga qadalgandi. Uning koʻz oldidan qizning oʻsha sochlarini yulib, oʻzini timdalagancha *"Men onamga oʻxshamayman!"* deb bor ovozi bilan daxshat ichida baqirgani, boʻynidagi oʻsha qora-binafsha rangli mudhish boʻgʻish izlari hech ketmasdi.
Taehyungning ichida bir lahzada oʻzi qurgan oʻsha sovuq tosh devorlar qulab tusha boshladi. U oʻz gʻururi va shubhalari ortidan borib, qanday daxshatli maxluqqa aylanganini, Yujinning nozik ruhan dunyosini qanday chil-chil sindirganini endi anglab yetayotgan edi, biroq endi kech edi...
Mingyu Yujinni dast koʻtargancha shifoxonaning oʻsha tanish, oppoq yoʻlaklari boʻylab shifokor Haesooning xonasiga olib kirdi. Yujin krovatga oʻtirganida, uning koʻzlari boʻshliqqa qarab qotgandi, ammo ongi sekin-asta oʻziga qaytayotgan edi.
Haesoo xonim chuqur xoʻrsinib, Yujinning qarshisiga oʻtirdi va uning titrayotgan qoʻllarini muloyimlik bilan ushladi:
— Yujin, meni eshityapsanmi? Oʻzingni qanday his qilyapsan? Ichingdagi oʻsha mitti qizcha senga yana nimalar dedi? Kel, hammasini boshidan gaplashamiz, davolanishni tizimli boshlashimiz shart...
Yujin kutilmaganda qoʻllarini shifokorning kaftlaridan yulqib oldi. Uning koʻzlarida boyagi talvasa oʻrnini endi yovvoyi bir qarshilik, haqiqatdan qochish istagi egallagandi. Taehyungning oʻsha daxshatli soʻzlari hayolida qayta-qayta aks sado berar, bu shifoxona devorlari uni battar boʻgʻayotgandek edi.
— Yoʻq! Men hech qanday savolga javob bermayman! — dedi Yujin oʻrnidan sapchib turib. — Men davolanishni istamayman! Hoziroq bu yerdan ketaman. Menga hech kim yordam bera olmaydi!
U eshik tomon shaxdam qadam tashladi. Oʻzining oʻsha kutyurelik gʻururini, sovuq qalqonini qayta tiklamoqchi boʻldi, ammo ayni eshikka yetganida, Mingyu uning yoʻlini toʻsdi va qizni bor vujudi bilan qattiq bagʻriga bosdi. Bu quchoq shunchalar mahkam va chorasiz ediki, Yujin qimirlay olmay qoldi.
— Iltimos, Jinnie... Men uchun, — dedi Mingyu, uning ovozi titrab, yigʻi aralash chiqdi. U boshini qizning yelkasiga qoʻygancha davom etdi: — Oʻzing bilasan, oyim ham ogʻir kasal... Agar men bu hayotda ikkingizdan ham ayrilib qolsam, qanday yashayman? Oʻzing ayt, Jinnie... Qanday yashayman senlarsiz? Iltimos, oʻzingni tashlab qoʻyma...
Yujin uning yelkasida tomchilayotgan issiq koʻz yoshlarini his qildi. Mingyuning bu chorasizligi, unga boʻlgan toza, begʻaraz doʻstona muhabbati qizning muzlagan yuragini eritib yubordi. U yiglamsiragan koʻyi boshini koʻtardi, koʻzlaridan yosh dumaladi:
— Xoʻp... Mayli, roziman, — dedi u past ovozda. — Lekin... lekin men bu sovuq shifoxonada qolishni istamayman. Mingyu... Agar iloji boʻlsa, men seniki gacha, uyingga koʻchib oʻtsam maylimi? Menga hozir oʻsha hashamatli otelye ham, qasrlardek uylar ham kerak emas. Menga hozir... onangning oʻsha toza, iliq mehri kerak. Faqat shu meni qutqara oladi...
Mingyu eshitgan gaplaridan yigʻlagancha jilmayib yubordi. U hayotida birinchi marta Yujinning oʻz hayoti uchun, oʻzining mitti dunyosi uchun yordam soʻrayotganini koʻrayotgandi. U quvonchdan koʻz yoshlarini artib, kulib yubordi:
— Albatta, Jinnie! Albatta! Meni uyim — sening ham uyingdir. Onam seni koʻrsa, qanchalik xursand boʻlishini bilmaysan!
Haesoo xonim ularning bu bogʻliqligini kuzatib, yengil tin oldi. Baʼzan eng kuchli dori shifoxona emas, balki chinakam oilaviy mehr ekanligini u yaxshi bilardi. U Mingyu uchun eng kuchli tinchlantiruvchi, psixotrop dori-darmonlar va terapiya kursining maxsus roʻyxatini yozib berdi:
— Dorilarni vaqtida ichishi shart, Mingyu. Uni yolgʻiz qoldirmanglar.
Ular shifoxonadan chiqishgach, Mingyu yoʻl-yoʻlakay dorixonalarga kirib, roʻyxatdagi barcha zarur dori-darmonlarni sotib oldi. Mashina shahar chetidagi oʻsha sokin, kamtarona, ammo ichidan har doim iliqlik ufurib turadigan Mingyuning uyi tomon eltib borardi.
Yujin mashina oynasiga boshini tirab borarkan, ich-ichidan Taehyungdan, uning bergan ogʻriqlaridan va butun yuqori moda dunyosidan uzoqlashayotganini, endi oʻzining haqiqiy jinniligi — MA BELLE FOLIE bilan kichik bir xonadonda kurashishini his qilib borardi.
Mashina nihoyat shahar shovqinidan yiroqdagi, fayzli va sokin koʻchalar boʻylab yurib, Mingyuning kichik, ammo har doim samimiyat ufurib turadigan hovlisi poyida toʻxtadi. Bu uy Yujin uchun goʻyo butun dunyo boʻronlaridan asraydigan yagona boshpana edi.
Eshik ochilib, ostonada Mingyuning onasi koʻrindi. Sochlariga oq oralagan, yuzidan mehribonlik yogʻilib turadigan bu mushtipar ayol Yujinni koʻrishi bilan koʻzlariga ishonmay, quvongonidan yuzlari yorishib ketdi:
— Yujin, qizim! Kel, kel, — deya uni darhol bagʻriga bosdi.
Mingyu onasiga qarab, jilmaygancha gap boshladi:
— Oyi, Jinnie endi maʼlum muddat biz bilan birga yashaydi.
Bu gapni eshitgan onaning quvonchi ichiga sigʻmay ketdi. U Yujinni yanada mahkamroq quchoqlab, peshonasidan oʻpdi:
— Voy, bu hayotimda eshitgan eng yaxshi yangiligim boʻldi-ku! Oʻz uyim, oʻzimning qizimdek boʻlib yashaysan. Yur, charchagansan, men hozir senga eng mazali ovqatlarni tayyorlayman, — deya darhol oshxona tomon oshiqdi.
Mingyu esa kulgancha Yujinni ikkinchi qavatdagi boʻsh, ammo juda ham shinam xonaga boshlab kirdi:
— Xoʻsh, bu sening xonang, Jinnie. Hozir senga kiyishga kiyim olib kelaman, — deb u xonadan chiqib ketdi.
Yujin yolgʻiz qolgach, kichik xonani koʻzdan kechirdi. Bu yerda otasining sovuq qasridagi daxshatli hashamat ham, oʻsha oʻzini boʻgʻib turgan modalar dunyosi ham yoʻq edi. Xona yorqin, toza va juda shinam boʻlib, derazadan tushayotgan mayin quyosh nuri goʻyo qizning qalbini isitayotgandek edi. U charchoq bilan yumshoq yotoq chetiga oʻtirdi.
Koʻp oʻtmay, eshik ohista taqillab, xonaga Mingyu kirdi. Uning qoʻlida oʻzining keng, toza va yuvilgan oq futbolkasi bilan qora trikosi bor edi. U biroz tortingandek jilmayib, yelka qisdi:
— Bilasan, uyda qiz bola yoʻq... Buguncha mening kiyimlarimni kiyib turishga qarshi emasmisan? Yoki koʻchadan biron nima sotib olib kelaymi, Jinnie?
Yujin uning bu gʻamxoʻrligidan va samimiy chehrasidan ohista kulib yubordi. U oʻrnidan turib, Mingyuning qoʻlidagi kiyimlarni oldi:
— Hechqisi yoʻq, judayam yaxshi. Ertaga oʻz uyimdan kiyimlarimni olib kelaman, buguncha bular boʻlaveradi. Boʻldi, endi xonadan chiqib tur, — dedi jilmayib.
— Mayli, malika hazratlari, tezroq kiyinib tush, — dedi Mingyu ham jilmayib va xonani tark etdi.
Eshik yopilgach, Yujin oʻz ustidagi oʻsha qattiq, jonsiz va kechagi daxshatli xotiralarni eslatib turgan dabdabali libosini, boʻgʻzini siqayotgan ipak roʻmolini yechdi. U Mingyuning keng, uning nozik vujudini butunlay yopib turadigan kiyimlarini kiydi. Bu kiyimlar unga shunchalar issiq va xavfsiz tuyulardiki, goʻyo u butun dunyo yomonliklaridan himoyalovchi eng mustahkam sovutni kiyib olgandek edi.
Qorongʻu tushib, hovlidagi chigirtkalar ovozi eshitila boshlaganida, pastki qavatdan uyni tutib ketgan juda mazali va issiq ovqat hidi keldi. Yujin krovatdan turib, Mingyuning oʻziga bir necha oʻlcham katta kelgan keng oq futbolkasi va trikosida sekingina pastga tushdi. Kiyimlari uning nozik jussasida shunchalar salqin va qulay turgandiki, u hayotida birinchi marta kishanlardan qutulgan asiradek his etdi oʻzini.
Oshxonaga kirganida, u yerda haqiqiy doramalardagi kabi hayotiy, samimiy va gʻala-gʻovur sahna ustidan chiqdi.
— Oyi! Boʻldi-da, unga shuncha tuz solmang, hozir oʻzi Yujinni dorilari bor, shoʻr narsalar mumkin emas! — deb baqirardi Mingyu qoʻlidagi tarelka bilan onasining atrofida aylanib.
— Menga aql oʻrgatguncha, ana u salatni toʻgʻra, bekorchi! — onasi jilmaygancha oʻgʻlining peshonasiga ohista chertib qoʻydi. — Yujin qizim sening paypoq yuvishlaringdan charchab, shifoxonaga tushib qolgan boʻlsa ham ajablanmayman!
Yujin eshik ostonasida turgancha beixtiyor past ovozda kulib yubordi. Uning kulgisini eshitib, ona-bola birdaniga unga burilishdi.
— Voy, qizim! Kel, oʻtir, — onasi darhol unga eng qulay stulni tortib qoʻydi. — Qaragin-a, senga Mingyuning kiyimlari qanday yarashibdi. Xuddi mitti qor odamga oʻxshab qolibsan!
Dasturxon atrofida ajoyib va iliq kechki ovqat boshlandi. Mingyuning onasi tinmay Yujinning tarelkasiga eng mazali goʻshtlarni, oʻzi tayyorlagan maxsus pishiriqlarni solib qoʻyar, uni yeyishga majburlar edi.
— Oyi, oʻzi shundoq ham kam ovqat yeydi, birdaniga buncha narsani oshqozoni koʻtarmaydi, — deb Mingyu uning tarelkasidagi goʻshtning yarmini oʻgʻirlab olmoqchi boʻldi. Ammo onasi darhol uning qoʻliga lojka bilan yengilgina urib qoʻydi:
— Tegma! Bu mehmonga! Sen oʻzingga oʻsha quruq guruchdan solib yeyver.
Yujin ularning bu kichik, ammo cheksiz mehru muhabbatga toʻla janjallarini kuzatarkan, tomogʻiga nimadir tiqilgandek boʻldi. Uning koʻzlarida gʻalati bir namlik paydo boʻldi. U dabdabali qasrlarda, oltin idishlarda, dunyoning eng qimmat restoranlarida ovqatlangandi. Ammo u yerda faqat sovuqlik, hisobsiz hisob-kitoblar va otasining nafratga toʻla nigohlari boʻlardi xolos. Hech kim unga "Yana biroz yegin, qizim" deb ovqat suzib bermagan, hech kim u uchun bu qadar samimiy qaygʻurmagandi.
Yujin qoʻlidagi choʻplarni sekin stol ustiga qoʻydi va mehr bilan Mingyuning onasiga tikildi:
— Onajon... — uning ovozi biroz titradi, ammo yuzida juda goʻzal tabassum bor edi. — Men... men sizlarga juda ham havas qilaman. Ich-ichimdan doim shunday oilam, shunday onam boʻlishini orzu qilardim. Shovqinli, baqir-chaqirli, lekin ichida dunyodagi eng toza sevgisi bor boʻlgan oilani...
Mingyuning onasi bir muddat jim qoldi, soʻngra koʻzlari mehr bilan toʻlib, Yujinning ingichka qoʻllarini oʻzining issiq kaftlari orasiga oldi:
— Ahmoq qizim... Sening ham shunday oilang bor. Mana, biz bormiz. Men senga nafaqat ona, kerak boʻlsa sirdosh ham boʻlaman. Oʻzingni hech qachon yolgʻiz his qilma, xoʻpmi?
Mingyu ham burchakda oʻtirgancha jiddiylashib, Yujinga qarab qoʻydi. U qizning koʻzlaridagi oʻsha ogʻriqni judayam yaxshi tushunardi. Vaziyatni yana quvnoq tomonga burish uchun u darhol tirjaydi:
— Shunday ekan, Jinnie, endi oymning barcha mazali taomlaridan keyin idishlarni yuvish sening boʻyningda! Oila aʼzosi boʻldingmi, demak navbating keldi!
Onasi darhol oʻgʻliga qarab xoʻmraydi:
— Mingyu! Hoziroq oʻzing borib idishlarni yuvasan! Yujin bugun dam oladi!
Yujin chindan ham baxtni his qildi. Uning ichidagi oʻsha 12 yoshli mitti qizcha birinchi marta qorongʻu burchakdan chiqib, bu issiq oshxonaning nuridan bahramand boʻlayotgandek edi. U Taehyungning bergan oʻsha ogʻir va daxshatli yaralarini unuta olmagan boʻlsa-da, aynan shu yerda, oʻzining bu mitti va samimiy panohida davolanish uchun kuch topa olishini tushundi.
Yujin shinam va yorugʻ xonasiga kirib, nihoyat tinchgina uxlashni niyat qilib yotoqqa choʻzilgan ham ediki, eshik taqillamasdan shartta ochildi. Ichkariga Mingyu qoʻlida oʻzining sevimli yostigʻini quchoqlab kirdi-da, xona chetidagi kichik divanga borib oʻzini tashladi.
U yostiqni quchoqlab, oyogʻini uzatgancha xotirjam gapirdi:
— Xoʻsh, malika hazratlari, bemalol uxlayver. Men shu yerda, divanda boʻlaman. Shifokor Haesoo seni bir soniya ham yolgʻiz qoldirmaslikni qattiq tayinlagan, bilasan-ku.
Yujin krovatda oʻtirgan koʻyi qovogʻini osib, unga norozi ohangda tikildi:
— Yoʻq! Kerak emas! Men onajonimga aytganman, ular hozir kirib men bilan birga yotadilar. Sening hidsiz va gʻoʻdillaydigan vujudingga hozir toqatim yoʻq. Tezda xonangga daf boʻl, Minnie!
Mingyu goʻyoki yuragiga pichoq sanchilgandek koʻkragini ushlab, hayron boʻlgancha oʻrnidan turdi:
— Nima?! Shunda senga endi keragim yoʻqmi? Mening yordamim kerak boʻlganda "Minnie, Minnie" deb yalinishni bilasan, endi esa meni eshikdan shunday haydaysanmi, Jinnie?!
Yujin unga qarab tilini chiqardi-da, qoʻlidagi yumshoq yostiqni bor kuchi bilan uning yuziga otdi:
— Ha! Haydayman! Bor, yoʻqol!
Yostiq Mingyuning yuziga kelib urildi. Mingyu bir soniya qotib qoldi, soʻng yovvoyi tabassum bilan yostiqni qoʻliga oldi:
— Demak, urush eʼlon qilding-a?! Kel, unda koʻramiz!
Ikkalasi xuddi bolaligidagi kabi janjallashib, tortishib ketishdi. Mingyu yostiq bilan Yujinni yengilgina turtar, Yujin esa uning sochlarini toʻzgʻitib, oʻzini himoya qilardi. Ular oʻrtasidagi bu janjal mutlaqo begʻaraz va hazilona boʻlib, xona ikkalasining begʻubor kulgisi bilan toʻlib ketgandi.
Oxiri ikkalasi bir-birining yoqasidan ushlab, yotoq ustida kulishdan toʻxtay olmay turgan lahzada eshik keskin ochildi. Ostonada qoʻlini beliga qoʻygancha Mingyuning onasi paydo boʻldi.
U xonadagi toʻpolonni, sochni sochni yulib oʻynashayotganini koʻrib, darhol oʻrtaga tushdi:
— Voy, tir tirnoqlar! Nimalar qilyapsizlar?! — onasi darhol Mingyuning yelkasiga bir-ikki tarsaki tushirdi. — Mingyu! Hozirgina kasalxonadan kelgan qizni tinch qoʻy, demaganmidim senga?! Uni oʻynatib, charchatib yuboribsan-ku, ahmoq bola!
— Oyi, oʻzi birinchi boshladi! Menga yostiq otdi! — deya Mingyu yelkasini ushlab shikoyat qila boshladi.
— Menga farqi yoʻq! — onasi uning qulogʻidan ohista tortib, eshik tomon sudradi. — Hoziroq oʻz xonangga borib uxla! Yujin bilan bugun men yotaman. Chiq buyoqqa!
Mingyu onasining qatʼiy hukmiga qarshi borolmay, qulogʻini ushlagancha chorasiz eshikdan chiqib ketayotganida, Yujin yotoqda oʻtirgancha uning ortidan jilmayib, tilini chiqarib qoldi.
Mingyu unga qarab "Hali koʻrasan" degandek mushtini koʻrsatdi-yu, ammo baribir onasining zarbidan qochish uchun xonadan tezda chiqib ketdi.
Onasi eshikni yopib, Yujinga qarab mayin jilmaydi:
— Voy aylanay qizim, unga eʼtibor berma. Qani, joyingga yot-chi, men senga qandaydir ertak aytib beraman.
Yujin nihoyat oʻzini xavfsiz, iliq va chindan ham sevimli his qila boshladi. Uning koʻz oʻngidan Taehyungning oʻsha daxshatli soʻzlari butunlay oʻchmagan boʻlsa-da, bu kichik uydagi mehru muhabbat uning yarador qalbiga eng shifobaxsh malham boʻlayotgan edi.
Mingyuning onasi yotoqning chetiga ohista oʻtirdi va Yujinni bagʻriga bosdi. Uning issiq, qabargan, ammo cheksiz darajada mayin va mehribon qoʻllari qizning toʻzgʻigan sochlarini silliqlay boshladi. Bu harakat shunchalar tabiiy, shunchalar iliq ediki, Yujinning vujudidagi bor asabiylik va qoʻrquv bir soniyada erib ketgandek boʻldi.
Ona oʻzining yoqimli, past ovozi bilan qadimiy va goʻzal bir ertakni pichirlab ayta boshladi. Uning har bir soʻzi, har bir nafas olishi Yujin uchun mutlaqo yangi dunyo edi. U hayotida birinchi marta "ona mehri" nimaligini jismonan va ruhan his etdi. Uning dabdabali hayotida, oʻsha muzdek va qorongʻu qasrlarida hech kim uning sochlarini bunday silab ovutmagandi. Hech kim unga tunlari allalar aytib, uning qorongʻu tushlaridan himoya qilmagandi.
Yujinning koʻzlaridan chidab boʻlmas darajadagi iliq yoshlar sizib chiqdi. Bu yoshlar gʻazab yoki ogʻriq yoshlari emas, balki yillar davomida qalbi muzlab qolgan yetim qizchaning nihoyat eriyotgan yuragining yoshlari edi. U koʻzlarini yumgancha, onaning issiq koʻksiga yanada yaqinroq tiqildi va uning kiyimini mitti boladek qoʻllari bilan mahkam ushlab oldi.
— Rahmat... — deb pichirladi u darmonsiz ovozda.
U ayolni bor kuchi bilan qattiq quchoqlagancha, onaning tanasidan taralayotgan oʻsha sut va mehr isini hidlab, qanday qilib chuqur va xotirjam uyquga ketganini oʻzi ham sezmay qoldi. Koʻp yillardan buyon ilk bor uning tushiga daxshatli yertoʻla ham, otasining vahshiy qiyofasi ham, oʻsha uning qalbini vayron qilgan Taehyungning sovuq nigohi ham kirmadi. U shunchaki, quyoshli bogʻda chopib yurgan mitti va baxtli qizchani koʻrib uxlardi.