Two Hearts — One Silence 💞 Ep⁹
Yoongi barmogʻidagi plasterga tikilib, chuqur oʻyga choʻmgan qizning qarshisida bir muddat jim oʻtirdi. Xonadagi sukunat shunchalik ogʻir ediki, faqatgina devordagi soatning bir maromda chertishi eshitilardi. U biron narsani hal qilishga uringandek barmoqlarini bir-biriga kiritdi-da, nihoyat nigohini Ynning charchoq toʻla koʻzlariga qaratdi.
— Jin bilan munosabatlaringiz... rostdan ham shunchalik chorasizmi, Yn? — soʻradi u ovozini iloji boricha vazmin va mayin chiqarishga urinib. — Oʻrtangizda nima boʻlyapti oʻzi?
Yn bu savoldan keyin xuddi butun dunyoning ogʻirligi yelkasiga tushgandek chuqur va alamli xoʻrsindi. U boshini kreslo suyanchigʻiga tashlab, istehzoli, ammo ich-ichidan yigʻlayotgan ohangda javob berdi:
— Munosabat? Bizning munosabatimiz umuman yóq, Yoongi. Hozir ikkimiz bir xonada qolsak, bir-birimizni gʻajib, tirnab yeb tashlashga tayyormiz, xolos. Bizning oʻrtamizda nafratdan boʻlak hech narsa qolmagan. Bunday daxshatli nafratning ichida sevgi boʻlishi... aqlga sigʻmaydi. Bu shunchaki imkonsiz.
Yoongi qizning har bir soʻzini tinglarkan, uning ichidagi oʻsha dahoona prezident niqobi ortida qanchalar yaralangan, siniq bir yurak yashiringanini tushunib turardi. U biroz sukut saqladi-da, kecha tunda Jinning koʻzlarida koʻrgan oʻsha aqldan ozgan rashk olovini esladi.
— Men tushunaman, Yn... — dedi Yoongi ohista gap boshlab. — Lekin bir narsani oʻylab koʻrdingizmi? Kecha tunda Jin sening eshiging tagida meni koʻrib, oʻzini mutloq yoʻqotib qoʻydi. Uning oʻsha gʻazabi, oʻsha aqldan ozishi oddiy narsa emas. Erkak kishi agar zarracha ham sevmasa, senga nisbatan hislari butunlay oʻlgan boʻlsa, bunchalik qizishmaydi, oʻzini bunday oʻtga-choʻgʻga urmaydi. Uning ichidagi narsa shunchaki jahl emas...
Yn uning bu gaplaridan soʻng bir soniyaga qotib qoldi. Kecha tunda Jinning devorga qattiq musht tushirgan oʻsha daxshatli holati, uning koʻzlaridagi oʻsha qonli va chorasiz nigohi koʻz oldidan chaqmoqdek oʻtdi. Ammo u tezda oʻzini qoʻlga oldi, qalbidagi oʻsha olovni dahoona sovuqqonlik bilan oʻchirishga urindi. U Yoongiga tik qarab, boshini chayqadi:
— Biz yetti yil avval munosabatda boʻlganmiz, Yoongi. Oʻsha davrlar oʻtib ketdi. Kecha u shunchalik mast edi, ichkilik uning oʻsha asablarini qoʻzgʻatgan, xolos. Bu aslo sevgi emas, — dedi u ovozi titrab ketmasligi uchun lablarini tishlab. — Hozir u ham, men ham bir-birimizni sevmaymiz. Va bu eng toʻgʻri yoʻl. Chunki bu sevgi... u yetti yil avval ham bizni kuydirgan, hozir ham qayta tirilsa, ikkimizga faqat va faqat baxtsizlik, daxshatli ogʻriq olib keladi, xolos. Men ortiq bunday baxtsizlikni xohlamayman.
Yoongi qizning bu qatʼiy, ammo ich-ichidan toʻkilib borayotgan soʻzlariga qarab, ortiq uning yarasini tirnagingisi kelmadi. U Ynning oʻzini himoya qilish uchun ataylab shu muz devorini qurayotganini juda yaxshi tushunardi.
His-tuygʻular haqidagi ogʻir suhbat yakunlangach, oʻrtadagi gʻamgin muhitni tarqatish uchun dahoona vazminligimni qayta tikladim. Qoʻlimdagi papkani ochib, uning charchoq toʻla koʻzlariga qaradim.
— Boʻldi, shaxsiy masalalarni chetga suramiz. Endi ish haqida gaplashsak. Kechagi hamkorlik loyihasi boʻyicha bir nechta muhim bandlarni va moliyaviy sxemalarni qaytadan koʻrib chiqdim. Birgalikda tahlil qilib chiqishimiz kerak, — dedim rasmiy ohangda.
Yn ham yengil tortgandek boshini sarqitdi. Ish — uning har qanday daxshatli ogʻriqdan qochib qutuladigan yagona boshpanasi ekani koʻrinib turardi.
— Albatta, Yoongi. Menga ham aynan shu narsa kerak edi, — dedi-da, u darhol stol ustidagi chizmalar va shartnomalarni oʻziga yaqinlashtirdi.
YoongiPov: — Ikkalamiz boshimizni bir nuqtaga qoʻygancha, loyiha ustida berilib ishlay boshladik. Yn har bir raqam va shartni mukammal tahlil qilayotganda, uning koʻzlarida dahoona bir olov yonardi. U oʻzini butunlay loyihaga baxsh etgandi.
Ammo mening xayolim shartnomada emas, butunlay unda edi. U raqamlarni tushuntirayotgan, rejalar tuzayotgan bir paytda, men ora-orada ishlashdan toʻxtab, unga uzoq-uzoq termulib qolardim. Ichimda allaqachon paydo boʻlib, ildiz otib ulgurgan oʻsha tuygʻularni yashirish endi men uchun daxshatli darajada imkonsiz boʻlib borayotgandi.
Uni yaqindagina, u Amerikadan qaytganida, loyiha sababli tanigan edim. Tanishganimizga hali koʻp vaqt boʻlmagan boʻlsa-da, bu qisqa muddat ichida u mening butun dunoyimni ostin-ustun qilib yuborgandi. Unga tikilarkanman, har bir harakatini — gapirayotganda lablarining mayin qimirlashini, diqqatini jamlaganida peshonasining ozgina tirishishini va boyagina oʻzim plaster yopishtirgan oʻsha jarohatlangan barmogʻini ehtiyot qilib qalam tutishini ich-ichimdan kuzatardim.
Har bir nafasida, har bir nigohida u mening qalbimga chuqurroq kirib borardi. Men shunchaki uning yonidagi hamkor yoki doʻst boʻlishdan koʻra koʻprogʻini istayotganimni, bu daho ayolga har soniyada yanada daxshatliroq darajada oshiq boʻlayotganimni his qilardim. Tuygʻularimni sezdirmaslikka urinib, hujjatlarga tikilsam-da, koʻzlarimdagi oʻsha iliq va otashin nigohlar meni har lahzada fosh etishga tayyor edi.
Kompaniyadagi daxshatli va uzoq ish kunidan soʻng, Yn tun yarmida kottejga qaytib keldi. Uning vujudi charchoqdan toʻkilayotgan, xayoli esa hali ham Yoongi bilan tuzgan oʻsha ulkan loyiha rejalari bilan band edi. U dahlizdan oʻtib, zinadan yuqoriga koʻtarildi va endigina oʻz xonasiga kiraman deganida, qorongʻulikdan Jinning ovozi eshitilib, uni toʻxtashga majbur qildi:
— Yn... toʻxta, gaplashib olaylik.
Jin dahliz chirogʻini yoqib, unga yaqinlashdi. Uning koʻzlarida kechagi asabiy, qon qoplagan gʻazabdan asar ham qolmagan, aksincha, chuqur bir pushaymonlik va aybdorlik hissi aks etib turardi. U Ynning qarshisida toʻxtab, erga tikilgancha gap boshladi:
— Kechagi voqea uchun... sendan chin dildan uzr soʻrayman. Men nihoyatda mast edim va daxshatli darajada oshirib yubordim. Senga aytgan gaplarim, oʻsha devorga urgan mushtim... hammasi notoʻgʻri edi. Men shunchaki oʻzimni boshqara olmay qoldim. Oshxonadagi narsalarni va barmogʻingni koʻrdim... Uzr! — dedi u ovozi samimiy va siniq ohangda.
Yn uning bu kutilmagan tavbasiga qarab, biroz muddat uning koʻzlariga jim tikilib turdi. Uning nigohida na nafrat, na achinish bor edi — faqatgina muzdek cheksizlik sezilib turardi. U jarohatlangan, plaster yopishtirilgan barmogʻini yashirishga ham urinmay, vazmin ovozda javob berdi:
— Men sendan xafa emasman, Jin. Kechagi gaplarni allaqachon unutdim, — dedi u, ammo uning keyingi gaplari Jinning yuragiga muzdek sanchildi. — Faqat bitta shart bor. Bundan buyogʻiga ikkimiz ham bir-birimizning hayotimizga, ishimizga va kim bilan koʻrishayotganimizga aslo burun suqmaymiz. Sen oʻz hayotingni yashaysan, men esa oʻzimnikini. Shunda oʻrtamizda hech qanday muammo boʻlmaydi.
Yn gapini tugatgach, Jinning biror soʻz deyishiga imkon qoldirmay, oʻz xonasiga kirdi va eshikni ohista yopib oldi. U oʻz munosabatlari atrofiga daxshatli darajada mustahkam va baland devor tiklab boʻlgandi.
Jin eshik ortida qolararkan, qizning bu sovuqqonligi va "begonalik" haqidagi gaplari uning ich-ichini tirnab yubordi. Biroq u chekinmoqchi emasdi. Oʻz aybini qanday boʻlmasin yuvish, Ynga boʻlgan oʻsha oʻchmagan gʻamxoʻrligini koʻrsatish uchun u pastga — oshxonaga tushdi.
Jin oshxonada chin dildan harakat qilayotgan edi. Uning xotirasida yetti yil avvalgi Yn — achchiq va ziravorli koreys taomlarini jon-dili bilan yaxshi koʻradigan qiz muhrlanib qolgandi. Oʻshanda ikkalasi tunlari koʻchalarda eng achchiq ttokbokki va ramyonlarni musobaqa qilib yeyishardi. Jin qizning Amerikada oʻtkazgan yillari davomida, tartibsiz hayot va kuchli stress sababli oshqozonida jiddiy muammolar paydo boʻlganini, shifokorlar unga achchiqni umuman taqiqlab qoʻyganini xayoliga ham keltirmasdi.
U katta ishtiyoq bilan bir necha xil, eng sarxil va oʻta achchiq koreys taomlarini tayyorlab, stol ustini toʻldirdi. Oshxonadan taralayotgan oʻtkir ziravorlar hidi butun uyni tutgandi.
Shu payt yuqoridan kiyimlarini almashtirib, shinamgina uy libosida Yn tushib keldi. U dahlizdan oʻtib oshxonaga kirarkan, stol ustidagi bir necha xil issiq taomlarni koʻrib, qadamlari beixtiyor sekinlashdi. Uning yuzida chuqur hayronlik aks etgandi.
Jin xotinini koʻrishi bilan yuziga samimiy bir jilmayish yugurdi. U qoʻlidagi sochiqni chetga qoʻyib, stullardan birini surdi:
— Uxlamagan ekansan, juda yaxshi boʻldi. Kechagi va bugungi ishlar uchun... senga oʻz qoʻllarim bilan kechki taom tayyorladim. Kel, birga ovqatlanamiz, — dedi u umidvor ohangda.
Yn stol ustidagi qip-qizil boʻlib qaynayotgan, oʻtkir hidi burunni yoradigan taomlarga, keyin esa Jinga qaradi. Uning nigohida tushunarsiz bir istehzo va achinish paydo boʻldi. Jin uning uchun harakat qilgandi, ammo bu harakat xuddi ularning munosabati kabi mutloq kechikkan va xato edi. U bu ovqatlarning bittasini ham, hatto bitta qoshigʻini ham yeya olmasdi. Aks holda, tunni shifoxonada oʻtkazishiga toʻgʻri kelardi.
Ayni oʻsha tarang sukunat turganda, uydagi eshik qoʻngʻirogʻi kutilmaganda chalib qoldi.
Yn Jinning savolli nigohlariga javob ham bermay, ostonaga qarab yurdi. Eshikni ochganida, qorongʻulikda issiq termo-sumka koʻtargan kuryer turardi. Yn yoʻlda, mashinada kelayotganidayoq oʻzi uchun shahar chetidagi fastfud tarmogʻidan achchiq boʻlmagan burger va kartoshka buyurtma qilib boʻlgandi. U buyurtmani qabul qilib, pulini toʻladi-da, paketni koʻtargancha qaytadan oshxonaga kirdi.
Jin uning qoʻlidagi fastfud paketini koʻrib, qoshlarini chimirdi.
Yn esa indamay borib, Jin tayyorlagan hashamatli taomlarning bir chetiga paketni qoʻydi. Ichidan burgerini olib, stol chetiga oʻtirdi-da, ishtaha bilan yeyishni boshladi.
Jinning barcha qilgan mehnati, bir necha soatlik harakati bu qogʻoz paket qarshisida chil-chil boʻlgandi. U bunga chidab turolmadi:
— Yn, nima qilyapsan? — dedi u ovozini biroz koʻtarib, paketni koʻrsatarkan. — Stol ustida shuncha yangi pishgan issiq ovqat turibdi! Sogʻligʻingga zarar-ku bu tunda fastfud yeyish. Bularni yigʻishtir-da, mana bu ovqatdan ye.
Yn chaynayotgan burgeridan toʻxtab, sekin boshini koʻtardi. Uning koʻzlari dahoona sovuqlik bilan Jinning koʻzlariga qadaldi:
— Menga yolgʻondan gʻamxoʻrlik koʻrsatishni bas qil, Jin, — dedi u ovozini mutloq xotirjam va keskin chiqarib. — Kechagina nimalar deganing esingdan chiqdimi? Endi esa kelib menga nima yeyishni oʻrgatyapsanmi? Ovqatga kelsak... men yetti yildan buyon aynan mana shunday ovqatlanaman. Mening hayotim, bu mening tanlovim...!
Yn gapini tugatib, Jinning oʻsha hayrat va ogʻriq toʻla yuziga qarab ham qoʻymay, oʻz fastfudini yeyishda davom etdi. Jin esa roʻparasidagi ayolning naqadar oʻzgarganini va uning oʻtmishdagi Yn haqidagi bilimlari daxshatli tarzda eskirganini anglab, oshxona oʻrtasida sovuq qotib qoldi.
Yangi kun Seul uzra oʻz nurlarini sochdi. Kechagi oshxonada qolgan sovuqlik va aytilmagan haqiqatlar kottej havosini yanada ogʻirlashtirgandek edi. Yn odatdagidek erta tongdan oʻzining mukammal qiyofasida, oʻsha mustahkam "temir xonim" niqobini taqqan holda ishga joʻnab ketdi. Endi u uydagi muammolardan qochishning yagona yoʻli faqatgina kompaniya ekanligini yaxshi bilardi.
Jin ham koʻp oʻtmay uydan chiqdi. Ammo uning xayoli hali ham oʻsha oshxonada, oʻzi tayyorlagan achchiq taomlarga qayrilib ham qoʻymay, sovuqqonlik bilan fastfud yeyayotgan Ynning nigohlarida qolib ketgandi. Ichidagi bu noaniqlik, daxshatli pushaymonlik va Ynning yetti yil ichida qanchalar oʻzgarganini his qilish uni aqldan ozdirish darajasiga olib kelgandi. U bu yukni yolgʻiz koʻtara olmasligini tushundi.
Mashinasini boshqarib borarkan, Jin rulga oʻrnatilgan monitor orqali oʻzining eng yaqin, vazminligi va aqli bilan ajralib turadigan doʻsti Namjoonga qoʻngʻiroq qildi. Telefon bir necha bor chalingach, u tomondan Namjoonning bosiq ovozi eshitildi:
— Eshitaman, Jin. Ertalabdan tinchlikmi? Ovoz darmonsiz eshitilyapti.
Jin chuqur xoʻrsindi, uning ovozida charchoq va chorasizlik sezilib turardi:
— Namjoon... Bugun tushlikda boʻshmisan? Koʻrishmasak boʻlmaydi. Ichim toʻlib ketdi, sendan boshqa hech kimga aytolmayman.
Namjoon Jinning feʼl-atvorini juda yaxshi bilardi. Uning bunday ohangda gapirishi vaziyatning jiddiyligidan dalolat edi.
— Ha, bugun tushlik vaqtim boʻsh. Gangnam daryosi boʻyidagi oʻsha tinch restoranda uchrashamiz. Soat 13⁰⁰ munosibmi? — deb soʻradi Namjoon vaziyatni darhol oʻz nazoratiga olib.
— Ha, ayni muddao. Oʻsha yerda kutaman, Namjoon. Rahmat, — dedi Jin va aloqani uzdi.
Jin mashina oynasidan oqib oʻtayotgan Seul koʻchalariga qararkan, nihoyat Namjoon bilan gaplashib, ichidagi bu chalkashliklarga, Yn bilan boʻlayotgan bu daxshatli sovuq urushga biror yechim topishni umid qilardi. Soat millari esa sekin-asta tushlik vaqtiga yaqinlashib borayotgan edi.
Yn oʻz xonasida navbatdagi moliyaviy hisobotlarni koʻzdan kechirayotgan edi. Tashqarida tushlik vaqti yaqinlashib kelayotgan boʻlsa-da, u ishdan boshini koʻtargisi kelmas, har soniyada oʻzini chalgʻitishga urinardi. Shu payt uning shaxsiy telefoni jonlandi — ekranda uning Amerikadagi eng yaqin doʻstlaridan biri, oʻsha yerdagi qiyin kunlarida hamisha koʻmak bergan Johnning ismi koʻrindi.
Yn telefonni koʻtarib, qulogʻiga tutdi:
— Eshityapman, John. Amerikada hali tong otmagan boʻlishi kerak, tinchlikmi? — dedi u ovoziga biroz iliqlik yugurib.
Telefonning u bovidan esa Johnning quvnoq va samimiy ovozi eshitildi:
— Salom, Yn! Men Amerikada emasman, hozir aynan Seul binosi markazidaman! Kompaniyamizning muhim shartnomalari sababli bu yerga ikki kunga xizmat safariga keldim. Hozirgina ishlarimni tugatdim, tushlik vaqtim mutloq boʻsh. Seulda sendan boshqa yaqinim yoʻqligini bilasan-ku, shunga tushlikni birga qilishni taklif etaman. Rad javobini qabul qilmayman!
Johnning bu kutilmagan tashrifi Ynning yuziga yengil tabassum olib keldi. Amerikadagi oʻsha ogʻir, gʻurbatli yillarni John kabi sadoqatli doʻstlarisiz tasavvur qilib boʻlmasdi.
— Koreyaga kelganingdan juda xursandman, John, — dedi Yn kreslosiga suyangancha. — Taklifingni mamnuniyat bilan qabul qilaman. Men ham hozir tushlikka chiqmoqchi boʻlib turgandim.
— Ajoyib! Unda ikkalamiz erkin gaplashib oʻtiradigan, shovqin-surondan holi va tinch joydagi restoranlardan birini tanlay qol, manzilni menga yubor, — dedi John xursand boʻlib.
Yn biroz oʻylanib turdi-da, matbuot va begona koʻzlardan yiroq boʻlgan, shahar chetidagi nufuzli va maxfiy restoranlardan birini tanladi. John oʻzining fastfudga boʻlgan rujuini va uning oshqozon muammolarini yaxshi bilgani uchun, u yerda ikkalasiga ham mos taomlar topilishi aniq edi.
— Kelishdik, manzilni hozir senga xabar qilib yuboraman. Yarim soatda oʻsha yerda koʻrishamiz
dedi Yn va shoshilib sumkasini qoʻliga oldi. U uzoq vaqtdan beri koʻrishmagan qadrdon doʻstini koʻrish va nihoyat Seuldagi bu tarang muhitdan biroz boʻlsa-da uzoqlashish uchun kompaniyani tark etdi.
Jin va Namjoon kelishilgan vaqtda Gangnam daryosi boʻyidagi shinam restoranda uchrashishdi. Atrof tinch, daryo miltillashi esa kishiga xotirjamlik bagʻishlardi. Ikkalasi samimiy koʻrishib, hol-ahvol soʻrashgach, oʻzlariga mos taomlarni buyurtma qilishdi.
Jin kechadan beri ichini kemirayotgan oʻsha daxshatli vijdon azobini, Yn bilan sodir boʻlgan oshxonadagi voqeani va oʻzining kechikkan gʻamxoʻrligini Namjoonga aytish uchun chuqur nafas oldi. U endigina ogʻiz juftlab, gap boshlamoqchi boʻlganida, ularning stoli yoniga baland boʻyli, kelishgan va bashang kiyingan ingliz yigiti yaqinlashdi.
Yigit oʻzining muloyim harakatlari bilan ularga taʼzim qildi va dahoona talaffuzda, ingliz tilida gap boshladi:
— Meni kechirasizlar, janoblar. Sizlarni muhim suhbatdan chalgʻitib, bezovta qilayotganim uchun uzr soʻrayman, — dedi u xijolatli ohangda.
Xorijda koʻp yillar oʻqigan va ingliz tilini mukammal biladigan Namjoon yigitga qarab samimiy jilmaydi va ingliz tilida javob qaytardi:
— Hechqisi yoʻq, janob. Sizga biror yordam kerakmi?
Jin esa nima gap boʻlayotganini toʻliq tushunmasa-da, shunchaki jim oʻtirgancha suhbatni eshitar va bu chet ellik yigitga shubhali qarab turardi.
Yigit oʻzining ust-boshiga biroz qarab, kiyimlarini toʻgʻriladi va jilmaygancha Namjoondan soʻradi:
— Toʻgʻrisi, men yaqinda bir muhim insonni kutayapman. Tashqi koʻrinishim joyidami? Kiyimlarim oʻzimga yarashib turibdimi, xunuk koʻrinmayapmanmi? Shunga biroz ikkilanayotgan edim.
Namjoon yigitning bu begʻubor xavotiridan yengil kuldi va unga ishonch bagʻishlaydigan ohangda javob berdi:
— Mutloq xavotir olmang. Siz juda kelishgan va koʻrkam koʻrinibsiz. Hamma narsa joyida. Nima, bugun sevgan qizingiz bilan maxsus uchrashuvga chiqdingizmi?
Ingliz yigiti Namjoonning bu gapidan soʻng koʻzlari porlab, yuziga samimiy va baxtiyor bir jilmayish yugurdi. U boshini silkitib, ohista pichirladi:
— Ha... shunaqaroq desa ham boʻladi. Men uchun juda qadrli boʻlgan insonni kutayapman. Yordamingiz uchun katta rahmat!
Yigit ularga yana bir bor minnatdorchilik bildirib, oʻz stoliga tomon yurdi. Jin esa ketayotgan yigitning ortidan qarab turarkan, uning ichida kutilmagan va daxshatli bir noxush sezgi uygʻondi. Bu yigitning oʻsha baxtiyor nigohlarida nimadir uni bezovta qila boshlagandi.
Namjoon yigit ketgach, Jinning undan koʻz uzmay, gʻazab va shubha aralash tikilib turganini sezdi. U yengil kulib, Jinning yelkasiga qoʻlini qoʻydi:
— Jin, tinchlan. Yigit shunchaki oʻziga ishonchsizlik sezayotgan edi, nega unga bu qadar yomon qarayapsan?
Jin esa tishlarini gʻijirlatib, daryo boʻylab ketayotgan yigitga kuzatib turardi:
— Bilmayman, Namjoon... nimagadir bu yigit menga umuman yoqmadi. Uning koʻzlarida nimadir bor, gʻashimni keltirayapti. Mayli, hammasini unutaylik. Ichimdagini senga aytishim kerak... — Jin chuqur nafas olib, Namjoonga qattiq tikildi, — gap shundaki, men Yn bilan...
Jin endi gapini boshlagan ham ediki, restoranning kiraverish eshigi tarafdan oʻsha yigitning hayajonli ovozi eshitildi. U jilmaygancha oʻrnidan shiddat bilan turdi va eshik tarafiga qoʻl siltab, kutib turgan mehmonini qabul qilishga shaylandi.
Jin va Namjoon beixtiyor oʻsha tomonga qarashdi. Eshikdan kirib kelgan qizni koʻrishlari bilan ikkalasining ham koʻzlari dahshat va hayratdan kattalashib ketdi.
Bu Yn edi.
U har doimgidek nafis, biroq xushbichim va yengil kiyimda edi. Uning yuzida Jin hech qachon koʻrmagan — chinakam samimiy, begʻubor va baxtiyor bir tabassum bor edi. Yn eshikdan kirishi bilan oʻsha ingliz yigiti — Johnni koʻrib, koʻzlari porlab ketdi.
John oʻzini tuta olmay, Yn tomon yugurib bordi va qizning belidan quchib, uni havoda bir marta aylantirdi. Restorandagi odamlar ularga qarab kulib qoʻyishar, bu manzara juda iliq va quvnoq edi.
— Hoy, tushir meni! — dedi Yn chin dildan kulib, Johnning yelkasiga urib.
John uni sekin yerga tushirdi, ammo qoʻllarini baribir uning yelkasidan uzmadi. Ular bir-birlariga qarab, xuddi uzoq vaqtdan beri koʻrishmagan qadrdonlardek kulishib, Amerikacha usulda — bir-birlarining yelkasiga urib, samimiy salomlashdilar.
Jinning qarshisida esa dunyo bir lahzaga toʻxtab qolgandek boʻldi. Uning qoʻlidagi qoshiq stolga tushib, jaranglagan tovush chiqardi, ammo u buni eshitmadi ham. Uning koʻz oʻngida "begona erkak" deb haqorat qilgan, "karyerasini ozidan ustun qoʻyadi" deb ayblagan xotini, hozir butunlay boshqacha, yorugʻ va erkin bir inson sifatida boshqa bir erkakning bagʻrida kulib turardi. Namjoon esa yonida Jinning oʻzgarib borayotgan yuziga qarab, vaziyatning naqadar chigal va dramatik ekanligini anglab, sovuq qotib qolgandi.