May 23

Two Hearts — One Silence 💞 Ep⁶

Min korporatsiyasining eng yuqori qavatida joylashgan shinam va keng kabinetda har doimgidek qatʼiy ish muhiti hukmron edi. Min Yoongi oʻzining ish stoli ortida oʻtirgancha, oldidagi yirik loyihalar hisobotini koʻzdan kechirardi. Biroq uning fikri hujjatlarda emas, balki kechagi shov-shuvli toʻyda edi. Yoongi bu nikoh shunchaki kompaniyalar manfaati uchun tuzilgan majburiy va soxta shartnoma ekanligini, Ynning qalbida Seokjinga nisbatan hech qanday tuygʻu yoʻqligini va bu vaziyat uni zarracha ham xafa qila olmasligini juda yaxshi bilardi.
Shu payt kabinet eshigi ohista taqillab, ichkariga uning shaxsiy kotibi kirdi. Kotib qoʻlidagi planshetga qarab, biroz ikkilanish bilan gap boshladi:

— Janob Min, siz soʻragan maʼlumotni aniqlashtirdim... "Harrison" kompaniyasidan xabar keldi. Prezident Jeon Yn xonim bugun ertalabdan oʻz ish joyiga qaytibdi va hozir muhim uchrashuvlar oʻtkazyapti.

Yoongi bu gapni eshitishi bilan qoʻlidagi qalamni stolga qoʻydi. Uning jiddiy yuzida kutilmagan, nihoyatda samimiy va gʻolibona bir jilmayish porlab ketdi. U ich-ichidan cheksiz xursand boʻldi. Demak, uning taxmini toʻgʻri chiqqandi! Yn oʻsha soxta eriga zarracha ham eʼtibor bermasdan, toʻydan keyingi ilk tongdayoq bor vaqtini oʻz imperiyasiga qaratgan edi. U Seokjinning uyida tushkunlikka tushib oʻtiradigan qiz emasdi.
Yoongi oʻrnidan shasht bilan turdi. Uning koʻzlaridagi mamnun ifoda kotibini hayron qoldirdi.

— Bugungi barcha uchrashuvlarni, shartnomalarni imzolashni va kengash yigʻilishlarini bekor qil, — deb buyurdi Yoongi egnidagi kostyumining tugmalarini toʻgʻrilarkan.

— Lekin janob Min... Soat ikkidagi xorijiy investorlar bilan boʻladigan uchrashuv judayam muhim edi, ularni qoldirib boʻlmaydi, — kotib shoshilgancha eʼtiroz bildirmoqchi boʻldi.

— Ularni ertaga koʻchirasiz, — dedi Yoongi gapini qisqa qilib.

Uning ovozida hech qanday eʼtirozni qabul qilmaydigan qatʼiyat bor edi.

— Hozir mening bundan ham muhimroq va shoshilinch ishim bor. Mashinani tayyorlang.

Yoongi stol ustidagi mashina kaliti va telefonini oldi-da, shoshilgancha kabinetidan chiqib ketdi. U oʻsha soxta nikoh va Seokjinning kibri ortida oʻz yoʻlidan chekinmayotgan dahoona doʻstini borib koʻrishi, uning bu mustaqilligini nishonlashi va kelgusi rejalar ustida hamkorlikni boshlashi kerak edi. Min korporatsiyasi binosini tark etayotganida, Yoongining labida faqat bitta maqsad — Ynning yoniga tezroq yetib borish istagi bor edi.

Yoongi

Yn oʻzining ulkan va hashamatli kabinetida, oyna ortidagi Seul manzarasiga qarab xayolchan oʻtirgandi. Ertalabki janjal, Seokjinning oʻsha gʻazabli nigohlari va idishlarning sinishi hamon asablarini tarang qilib turgan boʻlsa-da, u ishga chalgʻishga harakat qilayotgan edi.
Shu payt kabinet eshigi kutilmaganda ochilib, ichkariga Yoongi kirib keldi. U oʻzining vazmin, ammo nihoyatda iliq qiyofasida, qoʻllarini kostyumining choʻntagiga solgancha, toʻgʻri Yn tomon odimladi.
Yn uni koʻrib, haqiqatan ham hayron qoldi. U bugun toʻydan keyingi birinchi kun boʻlgani uchun Yoongini oʻz ishlari bilan band boʻlsa kerak deb oʻylagandi. U kutmagan bu tashrifdan qoshlarini ohista koʻtardi:

— Yoongi? Sen bu yerda nima qilyapsan? Bugun Min korporatsiyasida juda muhim kengash yigʻilishi bor edi, deb eshitgandim-ku? — dedi u ajablanib.

Yoongi stol qarshisiga kelib toʻxtadi va uning koʻzlariga qaradi. Boyagina oʻz kotibining oldida paydo boʻlgan oʻsha gʻolibona jilmayish hamon uning lablarida aks etib turardi.

— Ha, bor edi. Lekin sening ertalabdan ishga kelganingni eshitib, hamma narsani tashlab keldim

dedi Yoongi oʻta xotirjam ovozda. Keyin esa soatiga qarab qoʻyib, gapida davom etdi:

— Kelishimdan maqsad... tushlik vaqti boʻldi. Bugun tushlikni men bilan birga qilishni taklif etaman, xonim Harrison prezidenti😁

Yn uning bu kutilmagan taklifidan soʻng bir necha soniya jim boʻlib qoldi. U Yoongiga judayam oʻychan va sinovchan tikilib, soʻradi:

— Shunchaki tushlikmi? Yoki buning biror sababi bormi? Bilasan-ku, bugun mening vaqtim juda kam...

Yoongi uning bu jiddiyligini koʻrib, jilmayishini yanada samimiy qildi-da, boshini ohista sarqitdi:

— Albatta shunchaki emas. Biznes, yangi loyihalar va... kelajakda amalga oshiradigan judayam muhim, jiddiy bir masalada gaplashib olishimiz kerak. Bu ikkalamiz uchun ham juda zarur😅

Yn ertalabdan beri boshlangan daxshatli janjallar, Seokjin bilan kiyim va yotoq talashishlar, kompaniyadagi xodimlarning gʻiybatlaridan chindan ham juda charchaganini his qildi. Unga hozir oʻz rejalari va maqsadlarini tushunadigan ishonchli inson bilan biroz boʻlsa-da chalgʻish, fikrini jamlash juda zarur edi. Yoongining taklifi ayni muddao boʻldi.

— Yaxshi, — dedi Yn nihoyat yuzida yengil, magʻrur bir tabassum paydo qilib. — Biroz chalgʻish menga ham zarar qilmaydi.

U stol ustidagi telefonini va kichik sumkachasini qoʻliga oldi. Ikkalasi kabinetdan chiqib, koridordagi xodimlarning hayratli nigohlari ostida, Harrison binosini tark etib, birgalikda tushlikka yoʻl olishdi.

Yoongi va Yn Seulning eng nufuzli va sokin restoranlaridan biriga kelishdi. Bu yerda ortiqcha odamlar yoʻq, xotirjam suhbatlashish uchun muhit mukammal edi. Stol atrofiga oʻtirganlaridan soʻng, xizmatchi menyuni taqdim etdi.
Yn Amerikada uzoq vaqt yashagani va u yerdagi hayot tarziga koʻnikib qolgani sababli, oʻziga nafis Yevropa taomlaridan buyurtma berdi. Yoongi esa oʻzining milliy qadriyatlariga sodiq qolgan holda, anʼanaviy Koreya taomlarini tanladi.
Ular pinhona va sokin musiqa sadosi ostida ovqatlanishni boshlashdi. Yn sanchqisida ovqatni ohista aralashtirar ekan, Yoongiga oʻsha oʻzining oʻtkir va sinovchan nigohini qaratdi:

— Xoʻsh, Yoongi... Boya kabinetimda aytgan oʻsha judayam muhim va jiddiy masalang nima edi? Mening vaqtimni bekorga sarflamaganingga umid qilaman, — dedi u mavzuga koʻchib.

Yoongi qadaxidan bir hoʻplam suv ichdi-da, sirli tarzda jilmayib qoʻydi. U ortiga suyanib, Ynning koʻzlariga tik qaradi:

— Men sen haqingda biroz surishtirdim, Yn... Va shunday narsaga duch keldimki, bu maʼlumot meni chindan ham hayratda qoldirdi va juda qiziqtirib qoʻydi.

Yn bu gapni eshitib, kutilmaganda hayron qoldi. Uning nafis qoshlari beixtiyor yuqoriga uchdi, yuzida biroz shubha va qiziqish uygʻondi:

— Men haqimda? Qanday maʼlumot ekan u?

Yoongi jilmayishini yoʻqotmagan holda ovozini biroz pasaytirdi:

— Sening Amerikada boʻlgan vaqtingda boshlagan bitta loyihang haqida. Oʻsha paytda sen dahoona bir loyihani ishlab chiqqansan, ammo maʼlum sabablarga koʻra u chala qolib ketgan. Men oʻsha loyihaning barcha hujjatlari va gʻoyasini koʻrib chiqdim. Va senga bir narsani ayta olaman: u loyiha Amerika bozoridan koʻra, koproq hozirgi Koreya iqtisodiyoti va muhitiga mos keladi. Men oʻsha chala qolgan loyihangni Harrison kompaniyasidan sotib olmoqchiman.

Yn bir lahza toʻxtab qoldi. U Yoongining bunchalik chuqur qidira olishini va uning oʻtmishdagi eng yashirin rejalaridan birini topib chiqqanini kutmagandi. U dastroʻmol bilan lablarini ohista artdi:

— Toʻgʻri, shunday loyiha bor edi. Lekin u yakunlanmagan, chala loyiha. Uni hozirgi holatda sotib olib nima qilasan? — dedi u sovuqqonlikni saqlashga urinib.

Yoongi unga biroz yaqinroq egildi, uning koʻzlarida chinakam biznesmenlarga xos olov yonib turardi:

— Shuning uchun ham men uni shunchaki sotib olmoqchi emasman, Yn. Men senga rasman hamkorlikni taklif etaman. Keling, Harrison va Min korporatsiyalari birlashib, bu loyihani birgalikda yakuniga yetkazamiz va Koreya bozorida ulkan portlash qilamiz. Bu loyiha ikkalamizga ham mislsiz muvaffaqiyat olib keladi.

Yn Yoongining gaplarini eshitib, chuqur oʻyga toldi. U oʻzining dahoona aqli bilan bu taklifning har bir tomonini, foyda va zararlarini soniyalar ichida hisob-kitob qila boshladi. Agar chindan ham Min korporatsiyasining quvvati va uning gʻoyasi birlashsa, bu juda katta muvaffaqiyat boʻlishi aniq edi. Qolaversa, bu ish uni Seokjin bilan bogʻliq asabiyliklardan chalgʻitardi.

— Yaxshi, — dedi Yn nihoyat oʻzining magʻrur va qatʼiy nigohini Yoongiga qaratib. — Agar bu loyiha chindan ham ikkalamiz uchun ham, mening kompaniyam uchun ham katta foyda keltiradigan boʻlsa... Men sening taklifingga roziman. Biz buni birgalikda yakunlaymiz.

Yoongining lablarida gʻolibona va mamnun tabassum paydo boʻldi. Bu shunchaki biznesdagi hamkorlik emas, balki Ynni oʻsha Kim Seokjinning soxta dunyosidan yiroqlashtirish uchun birinchi qadam edi.

Yn

Tushdan soʻng, klubdagi doʻstlarining tinimsiz kulgilari va pichinglaridan battar asabiylashgan Kim Seokjin nihoyat kottejga qaytib keldi. Mashinadan tusharkan, uning xayolida faqat bitta narsa aylanardi: u Jeon Ynga bu uyning haqiqiy egasi kimligini va uning kibrini qanday sindirishni koʻrsatib qoʻyishi shart edi.
Uydagi oʻsha poldagi siniqlar va sochilgan nonushta qoldiqlari allaqachon xizmatchilar tomonidan tozalab qoʻyilgan, ammo uydagi muhit hamon tarang edi. Seokjin yashash xonasining oʻrtasida turib, telefonini oldi va oʻzining shaxsiy yordamchisiga qoʻngʻiroq qildi.

— Tezda uydagi boʻsh xonalardan birini butunlay yangidan jihozlash uchun eng malakali dizaynerlar va maxsus xodimlarni joʻnat, — deb buyurdi u qatʼiy ohangda. — Hozirning oʻzida yetib kelishsin.

Oralardan bir soat ham oʻtmay, kottej hovlisiga bir nechta yuk mashinalari va ichki dizayn boʻyicha maxsus ishchilar guruhi yetib keldi. Seokjin ularni birinchi qavatdagi eng chekka, ammo keng boʻsh xonalardan biriga boshlab kirdi.

— Bu xonani qisqa vaqt ichida mutloq mukammal holatga keltirishingizni xohlayman, — dedi Seokjin ishchilarga qarab, qoʻllarini koʻksiga chalkashtirgancha. — Eng qimmatbaho mebellar, eng qulay karavot va dabdabali garderob oʻrnatilsin. Ranglar sxemasi esa... oʻta sovuq va rasmiy boʻlsin. Xuddi Harrison kompaniyasi prezidentining xarakteriga oʻxshash.

Seokjinning maqsadi aniq edi. U Ynning uning shaxsiy yotogʻini egallab olishiga, uning kiyimlarini beruxsat kiyishiga va hayotiga oʻzboshimchalik bilan bostirib kirishiga ortiq yoʻl qoʻymoqchi emasdi. Agar bu nikoh soxta va majburiy boʻlsa, demak, ular alohida yashashlari kerak edi. U Yn uchun maxsus "hudud" tayyorlatayotgan edi, toinki qiz oʻz chegarasini bilsin.
Xodimlar daxshatli tezlik bilan ishga kirishishdi. Xonaga qimmatbaho pardalar ilinar, eng soʻnggi urfdagi mebellar joylashtirilayotgan edi. Seokjin esa bir chekkada turib, labining chetida gʻolibona jilmayib qoʻydi. U Ynning kechqurun ishdan qaytib kelganida bu oʻzgarishlarni koʻrib, qanday munosabat bildirishini tasavvur qilar va ich-ichidan oʻzining bu "rejasidan" mamnun edi. Hali urush tugamagan, aksincha, endi boshlanayotgan edi.

Kech tushib, Seul koʻchalari chiroqlar bilan yorishgan bir paytda, kottej hovlisida qora "Rolls-Royce" toʻxtadi. Mashinadan tushgan Yn charchagan boʻlsa-da, oʻsha magʻrur va tik qomatini zarracha ham yoʻqotmagandi. U sumkachasini qoʻliga olib, kottejning ogʻir eshigini ochib ichkariga kirdi.
U eshikdan qadam bosishi bilanoq, zal oʻrtasida uni qoʻllarini choʻntagiga solib, yuzida soxta va zafaron jilmayish bilan kutib turgan Jinni koʻrdi. Jinning koʻzlarida xuddi dushmanga qarshi ajoyib tuzoq tayyorlab qoʻygan ovchining quvonchi bor edi.

— Xush kelibsiz,Jeon xonim Harrison prezidenti
dedi Jin piching bilan taʼzim qilib. — Ishlar bilan juda charchagandirsiz? Ammo sizga bitta ajoyib yangiligim bor. Bugun men juda olijanob erlik vazifamni bajardim: sening shaxsiy xonang mutloq tayyor, Yn😁

Yn bu gapni eshitib, qadamini sekinlashtirdi. Uning nafis qoshlari yana oʻsha dahoona hayronlik bilan yuqoriga uchdi, ammo u oʻzini darhol qoʻlga oldi.

— Xonam? — soʻradi u sovuqqonlik bilan.

— Ha, yur, oʻz koʻzing bilan koʻr, — Jin ich-ichidan hayajonlanib, qizni birinchi qavatning chekka qismidagi yangi jihozlangan xona tomon boshladi. U Ynning gʻazablanishini, "Meni chekkaga haydayapsanmi?" deb janjal koʻtarishini va uning hafsalasi pir boʻlishini daxshatli darajada intiqlik bilan kutayotgan edi.
Jin xona eshigini keng ochdi-da, chetga oʻtib, Ynning yuz ifodasini sinchiklab kuzata boshladi. Xona chindan ham juda qimmatbaho, ammo Jin buyurganidek oʻta rasmiy, sovuq va ranglar sxemasi jihatidan xuddi mehmonxona xonalariga oʻxshab quruq jihozlangandi. Unda zarracha ham samimiylik yoki uy hidi yoʻq edi.
Biroq Jin kutgan portlash sodir boʻlmadi. Yn oʻz his-tuygʻularini, magʻlubiyatini yoki noroziligini bu takabbur erkakning oldida aslo oshkor etishni istamasdi. U oʻzining oʻsha "temir xonim" niqobini zarracha ham tushirmay, xonaga bir muddat beparvo koʻz yugurtirdi. Keyin esa goʻyoki dabdabali mehmonxonani baholayotgan tahlilchidek yuzida gʻolibona, sovuq bir ifoda paydo qildi.

— Hmm, yomon emas

dedi Yn ohista toʻshakka qoʻl tegizarkan. Keyin esa Jinga burilib, labining chetida istehzo bilan jilmaydi:

— Kechagi oʻsha modadan qolgan divaningdan ancha yaxshiroq. Hech boʻlmasa diding biroz oʻsibdi, Jin.

U sumkasini stol ustiga qoʻydi-da, Jinning koʻzlariga qatʼiy tikildi:

— Endi esa... xonamdan chiqib ketishing mumkin, Jin. Men kiyimlarimni almashtirib, dam olmoqchiman. Eshikni yaxshilab yopib qoʻy.

Jin qotib qoldi. Uning baxtiyor jilmayishi yuzida muzlab, jaqlari gʻazabdan va asabiylikdan qisilib ketdi. U qizning jahli chiqishini, baqirishini kutgandi, ammo Yn uni yana bir bor sovuqqonlik bilan mot qilgan, qilgan mehnati va rejalarini bir soniyada chippakka chiqargandi. Uning butun boshli hafsalasi dabdala boʻldi.

— Sening minnatdorchilik bildirish uslubing har doimgidek "ajoyib", Yn — dedi Jin tishlari orasidan jahl bilan.

U ortiqcha gapirmay, ortiga oʻgirildi-da, xonadan chiqib ketdi. Eshikni esa jahlini namoyish etib, qarsillatib yopdi. Tashqarida qolgan Jin oʻzining bu safar ham magʻlub boʻlganini his qilib asabiylashayotgan boʻlsa, xonada yolgʻiz qolgan Yn oʻzining gʻalabasidan mamnun holda, nihoyat yuzidagi oʻsha qatʼiy niqobni yechib, chuqur nafas oldi.

Jin oʻz xonasiga kirib, ustidagi rasmiy kiyimlardan qutuldi. Egniga qulay, qora rangli uy kiyimlarini kiyib, oshxonaga tushdi. Asablarini tinchlantirishning u uchun eng samarali yoʻli — ovqat pishirish edi. U muzlatgichni ochib, kerakli masalliqlarni oldi-da, butun diqqatini kechki taom tayyorlashga qaratdi. Pichoqning taxtakachga urilishidagi maromli ovoz, qozondagi masalliqlarning yoqimli shatirlashi uni oʻz dunyosiga gʻarq qilgandi. Jin shu darajada berilib, oʻz mahoratini koʻrsatib ovqat pishirardi-ki, atrofida nimalar boʻlayotganini butunlay unutgan edi.
Ayni oʻsha daqiqalarda Yn ham oʻzining yangi xonasida kiyimlarini almashtirib boʻlgandi. U ustidagi ogʻir prezidentlik kostyumini yechib, oʻziga qulay va sodda kiyimlarni kiydi. Xonadan chiqib, uydagi yoqimli taom hidining ortidan beixtiyor oshxona tomon yurdi.
Oshxonaga kirganida, u Jinning dabdabali kiyimlarsiz, oddiygina boʻlib, taom ustida kuylanib yurganini koʻrdi. Qiz hech qanday ovoz chiqarmay, indamaygina stol yoniga bordi-da, stulni ohista surib oʻtirdi. Qoʻllarini iyaklariga tirab, Jinni jimigina kuzata boshladi.
Jin esa uning kelganini mutloq payqamagan edi. U goʻsht va sabzavotlarni qovurarkan, ziravorlarni oʻziga xos nafis harakatlar bilan qozonga separ, goʻyo oʻzining shaxsiy koʻrsatuvida ishtirok etayotgandek har bir detalga jiddiy eʼtibor berardi. Uning yuzidagi oʻsha boyagi jahldor, takabbur ifodadan asar ham qolmagan, oʻrnini xotirjamlik va sevimli ishi bilan band boʻlgan insonning joʻshqinligi egallagandi.
Yn uni kuzatar ekan, ich-ichidan Jinning bu qadar mahoratli ekaniga, taom tayyorlashga boʻlgan bu qadar eʼtiboriga biroz hayron qolayotgandi. Ertalabki daxshatli janjallardan soʻng, hozirgi bu sokinlik va Jinning bu kutilmagan qiyofasi oshxonaga gʻalati, ammo yoqimli bir tinchlik olib kirgan edi.

Jin😍🫠

Flashback

Yetti yil avval...

Kichkina, ammo nihoyatda shinam va samimiy muhitga ega boʻlgan oshxona. Hozirgi kabi dabdabali, sovuq va ulkan kottejlar hali ularning hayotida yoʻq edi. Havoda qovurilayotgan goʻsht va shirin ziravorlarning hidi ufurib turardi.
Yn oshxona stuliga oʻtirib olgancha, qoʻllari bilan iyaklarini tirab, oʻzining goʻzal va begubor jilmayishi bilan Jinning ovqat pishirishini tomosha qilardi. Uning qora va porloq koʻzlarida faqat va faqat bitta tuygʻu — oʻsha paytlarda cheksiz boʻlgan, yashirib boʻlmas sof muhabbat aks etib turardi. U Jinning har bir harakatidan, uning jilmayib qoʻyishidan ham baxtiyor edi.
Jin goʻshtni aralashtirar ekan, oʻziga tikilib turgan oʻsha sehrli nigohlarni his qildi. U qozon qopqogʻini yopib, ortiga oʻgirildi va qizga qarab oʻzining oʻsha mashhur, dunyodagi eng samimiy kulgisi bilan kuldi:

— Sevgligim, shunchaki qarab oʻtiraverasanmi? Kel, ozgina yordam bermaysanmi? — dedi u hazillashib.

Yn shoʻxlik bilan boshini chayqadi, lablarini bir oz burishtirib, erkalik bilan javob qaytardi:

— Yoʻq, bilasan-ku, menga ovqat pishirish ham, masalliqlarni tayyorlash ham umuman yoqmaydi. Undan tashqari... — Yn oʻrnidan turib, Jinning yoniga keldi va uning boʻynidan mahkam quchoqlab, koʻzlariga qaradi: — Undan tashqari, mening shunday kelishgan, qoʻli gul va mohir yigitim bor ekan, oʻzimni qiynashimga nima hojat bor?

U gapini tugatishi bilan Jinning yuzidan shirin qilib oʻpib oldi. Bu kutilmagan oʻpichdan Jinning yuragi hapqirib ketdi, u xursand boʻlgancha qizni belidan quchib, oʻziga yaqinroq tortdi.

— Mayli, shunday ham boʻla qolsin. Senga ovqat pishirishni taqiqlayman, — dedi Jin uning burniga barmogʻini ohista tekkizib. — Albatta, oʻzim har kuni senga eng shirin taomlarni tayyorlab beraman, seni toʻydirib, rosa semirtiraman!

Yn buni eshitib, koʻzlarini katta-katta qilib ochdi va goʻyoki daxshatli gap eshitgandek boshini silkidi:

— Voy, aslo! Bunday boʻlishiga yoʻl qoʻymayman! Kelajakda men faqat va faqat sen tayyorlagan taomlarni yeyman, buni vaʼda beraman. Lekin aslo semirmayman, Jin! Doim goʻzal boʻlib qolaman, — dedi u shoʻxchan kulib.

Oʻsha paytda ikkalasining ham kulgisi butun oshxonani tutgan, ular kelajakda qanday daxshatli va sovuq urushning oʻrtasida qolishlarini, hayot ularni qay darajada oʻzgartirib yuborishini mutloq bilishmasdi. Ular shunchaki baxtli edilar...

Comeback

Hozirgi vaqt...
Yn oʻsha shirin va begubor xotiralarning ogʻushidan yulqinib chiqarkan, nigohlarini hamon qozon tepasida kuymalanayotgan Jinga qaratdi. Nega birdaniga bu narsalarni oyladi? Nega yetti yil avvalgi oshxona va oʻsha unutilgan vaʼdalar xayoliga keldi? Oʻzi ham buni tushunolmadi.
Yn oʻtmishni, oʻsha paytdagi sodda va zaif qizchani eslashni daxshatli darajada yomon koʻrardi. Uni butunlay unutishga qasam ichgandi. Ammo uning eng katta fojiasi ham shunda edi — u Jinni har koʻrganida, oʻsha oʻzi nafratlanadigan oʻtmish daryosi uni oʻz domiga tortib ketaverardi. Yuragidagi oʻsha eski jarohat uning "temir xonim" niqobini tirnab oʻtdi.
Yn ortiq bu yerda oʻtirolmasligini his qilib, asabiy ohangda stulni orqaga surdi va oʻrnidan turdi. Aynan mana shu ovoz Jinni oʻz dunyosidan uygʻotib yubordi. U yelka oʻgirdi va oshxona oʻrtasida turgan Ynni koʻrib, hayratdan qoshlarini chimirdi. U qizning qachon kirib, qancha vaqt kuzatib oʻtirganini mutloq sezmagandi.

— Yn? Bu yerda nima qilyapsan? — soʻradi Jin qoʻlidagi sochiq bilan qoʻllarini artarkan, ovoziga yana oʻsha rasmiy ohangni qaytarib.

Yn uning koʻzlariga qaramaslikka urinib, ust-boshini toʻgʻriladi:

— Shunchaki... kelgandim. Ketayapman, — dedi u sovuq qilib va oshxonadan chiqib ketishga shaylandi.

Biroq u hali birinchi qadamni ham bosmasidan, Jinning kutilmagan savoli uni toʻxtashga majbur qildi:

— Qorning ochmi yoki toʻqmi?

Yn eshik ostonasida toʻxtab, orqasiga qayrilmay, qatʼiyat bilan javob berdi:

— Yoʻq, och emas. Toʻqman.

Ammo ayni oʻsha daqiqada butun oshxonadagi sokinlikni buzib, Ynning qorni daxshatli darajada ovoz chiqarib guldurab yubordi. Ertalabdan beri tuz totmagan, tushlikda esa faqat Yoongi bilan biznes masalalarini muhokama qilib, ovqatga deyarli qoʻl urmagan Harrison prezidentining organizmi uning kibriga qarshi isyon koʻtargandi.
Vaziyat gʻalati va oʻta noqulay tus oldi.
Jin bu ovozni eshitib, labining chetida piching aralash, ammo kutilmagan darajada samimiy bir jilmayish paydo qildi. U qoʻlidagi laganni stol ustiga qoʻyarkan, boshini chayqadi:

— Menga yolgʻon gapirishni bas qil, Yn. Stolga oʻtir, ovqat tayyor, — dedi u amirona, ammo ertalabki janjallarga oʻxshamaydigan vazmin ovozda.

Yn uyatdan va asabiylikdan labini tishladi. Uning dahoona kibri hozirgina oʻz qorni tomonidan yer bilan bitta qilingandi.

Jin

Ikkalasi ham stol atrofida jimjit oʻtirishardi. Jin oʻzi tayyorlagan issiq, xushboʻy taomni laganga suzdi-da, uni ohista Yn tomonga uzatdi.
Yn taomni oldi, ammo qoʻliga qoshiqni olishga shoshilmadi. U ancha vaqtgacha lagandagi ovqatga qarab, chuqur xayolga tolgancha tikilib oʻtirdi. Bugʻi chiqib turgan bu taom, uning hidi va hatto Jinning uni uzatish harakatlari ham oʻtmishdagi oʻsha baxtli kunlarni daxshatli darajada eslatib yuborayotgan edi.
Allaqachon oʻz ulushini yeyishni boshlagan Jin qizning qotib qolganini payqadi. U chaynashdan toʻxtab, Ynning gʻamgin va tarang yuziga qaradi:

— Senga biror narsa boʻldimi, Yn? Nega yemayapsan? — deb soʻradi u gʻashligi kelib.

Yn bu savoldan soʻng sekin boshini koʻtardi va Jinning koʻzlariga tik boʻldi. Ayni shu daqiqada uning qalbida kuchli gʻalayon koʻtarildi. Jinning bu kutilmagan eʼtibori, gʻamxoʻrligi va vazminligi unga xuddi niqobdek tuyuldi. U oʻzini xuddi etti yil avval qanday aldangan boʻlsa, hozir ham yana oʻshanday tuzoqqa tushayotgandek, bu soxta mehribonchilikka ishonib, yana sinib ketadigandek his qildi. Uning qalbidagi himoya devorlari daxshatli tezlik bilan qayta tiklandi.
Yn shartta oʻrnidan turdi. Uning koʻzlarida nafrat va qoʻrquv aralash olov yondi. U Jinga qarab, ovozini qatʼiy va muzdek qilib gap boshladi:

— Menga bunday qarama, Jin! Va menga aslo, umuman mehribonchilik koʻrsatishga urinma! Biz shunchaki majburiyat tufayli bir uydamiz va bu uydagi har bir narsa soxta. Menga sening gʻamxoʻrliging kerak emas!

U gapini tugatishi bilan ortiga oʻgirdi-da, shiddatli qadamlar bilan oʻz xonasi tomon yurib ketdi. Oshxonada faqat uning poshnalarining keskin ovozi va eshikning qarsillab yopilgani eshitildi.
Jin esa stol qarshisida mutloq hayron boʻlib qotib qolgandi. U shunchaki qorni och qizga ovqat bergandi, xolos. Ynning nega birdaniga bunday oʻzgarib qolganiga, nima uchun vahimaga tushib, tajovuzkor boʻlib ketganiga mutloq tushunolmadi.
Jin qoʻlidagi qoshiqni stolga qoʻyib, ogʻir va alamli xoʻrsindi.

— Hali ham oʻsha-oʻsha esiz qiz... — deb pichirladi u oʻziga oʻzi.

Keyin esa ortiqcha oʻylashni istamay, asabiy ohangda oʻz ovqatini yeyishda davom etdi. Ammo endi bu taomning avvalgi shirin taʼmi qolmagan edi.

Yn oʻz xonasiga kirishi bilan eshikni ichkaridan qulfladi va goʻyo butun kuchi uni tark etgandek, oʻzini keng va sovuq yotoqqa tashladi. Xonadagi oʻsha ogʻir sukunat uning daxshatli tarzda urayotgan yurak urishini yanada yaqqolroq eshittirayotgandek edi. U koʻzlarini yumib, oʻpkasini kuydirib yuboradigan darajada chuqur, alamli xoʻrsindi.
U ohista koʻzlarini ochib, xonaga razm soldi. Jin bu xonani chindan ham u xohlagandek — oʻta rasmiy, sovuq, tartibli va begona nigohlardan yiroq qilib jihozlatgan edi. Ammo hozir bu mukammallik Ynning koʻziga xuddi tillo qafasdek koʻrinardi. U yotoqdagi oppoq, yumshoq yostiqni shiddat bilan bagʻriga bosdi. Uni shunchalik qattiq quchdiki, goʻyo shu yostiq uni dunyoning barcha daxshatlaridan va eng muhimi — oʻz tuygʻularidan himoya qiladigandek edi.

— Nega?.. — deb pichirladi u dastroʻmolsiz koʻzlaridan sizib chiqqan bir tomchi yosh yostiqqa singib ketarkan. — Nega shuncha yildan keyin ham... nima uchun sening hayotingni dabdala qilgan, senga eng ogʻir kunlarni taqdim etgan oʻsha inson hayolingdan, yuragingdan chiqib ketmaydi, Yn? Nega undan voz kecholmayapsan?

U oʻzining bu isyonkor va boʻysunmas yuragiga hayron edi. Axir u "Harrison" imperiyasining temir xonimi edi-ku! U qonunlarni, aksiyalar qiymatini, million dollarlik loyihalarni birgina nigohi bilan boshqara olardi-ku! Nega unda Jinning qarshisida oʻsha yetti yil avvalgi ojiza qizchaga aylanib qolmoqda? Nega shuncha xiyonat, shuncha gʻurur toptalishi va sovuq urushlardan keyin ham uning qalbida Jin uchun hamon mudom yonadigan gʻaribgina olov bor?
Yn koʻzlarini mahkam yumdi, ammo qorongʻulik unga tasalli bermadi. Aksincha, oʻtgan yigirma toʻrt soat ichida sodir boʻlgan voqealar daxshatli kino tasmasi kabi koʻz oldida aylana boshladi.
Kechagi tun... Jinning yuvinish xonasidan sochlaridan suv tomib, faqatgina xalatda,beli bogʻlagan holda chiqib kelgan oʻsha dahoona va mukammal qomati xayoliga keldi. Oʻshanda Yn uning koʻzlaridagi ehtiros va asabiylik qorishmasini koʻrib, nafas olishni ham unutgan edi. Keyin esa tunda... tunda uzoq vaqt uxlolmay, xonadagi oʻsha nimqorongʻulikda Jinning uxlayotgan yuziga termulib yotganlari yodiga tushdi. Oʻshanda ich-ichidan, qayerdandir kelgan telbavor bir sogʻinch va dard bilan uni qattiq quchishni xohlagandi. Jinning tafti, uning oʻsha yetti yil avvalgi tanish hidi uni oʻziga shunchalar tortgandiki, Yn chiday olmay tungi soat uchlarda uning bagʻriga oʻzini urgandi. Uni yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqqandek, mahkam quchgandi...
Eng hayratlanarlisi va yuragini tirnab yuborgan narsa esa — Jinning ham oʻshanda uyqusiragancha, goʻyo tush koʻrayotgandek uning bellari va yelkalaridan tutib, oʻziga yanada qattiqroq bosgani boʻldi. Oʻsha bir necha soatlik tungi quchoq soxta emas edi. Unda nafrat ham, biznes shartnomalari ham yoʻq edi. Unda faqat yillar davomida bir-birini sogʻingan ikki yarimta qalb bor edi.
Va bugun... Ertalabki oʻsha shafqatsiz janjal, bir-birlarining yuziga nafrat bilan baqirishlari, idishlarning sinishi... va nihoyat boyagina, oshxonada Jinning unga koʻrsatgan oʻsha oddiy, ammo samimiy mehribonchiligi. Uning "Yolgʻon gapirma, stolga oʻtir, ovqat tayyor" degan ovozidagi oʻsha yashirin gʻamxoʻrlik...
Yn yostiqni battar yuziga bosib, ovozsiz yigʻlab yubordi. U Jinning unga mehribon boʻlishidan daxshatli darajada qoʻrqardi. Chunki agar Jin unga yana bir bor samimiy tabassum qilsa, uning yetti yil davomida qurgan daxshatli va mustahkam nafrat devorlari bir soniyada qulab tushishini va u yana Jinning poyiga tiz choʻkishini oʻz aqli bilan juda yaxshi bilardi. U yana aldanib qolishdan, yana parchalanishdan qoʻrqardi. Shu sababli ham, u boya oshxonada oʻzini gʻazab ortiga yashirib, qochib kelgandi. U Jinni emas, uning qarshisida yana taslim boʻlishi mumkin boʻlgan oʻz tuygʻularini jazolayotgan edi.

Yn

By: Park Yoona